Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi. Muloqotda ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, turli sohalarda, jumladan, energetika sohasida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Samarqand tumanida AUDI ikki nafar piyodani urib ketdi. Oqibatda ularning ikkisi ham vafot etdi. Gumonlanuvchi hibsga olindi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisiga yangi o‘rinbosarlar etib Jaloliddin Hamroqulov va Uyg‘un G‘ofurov hamda Toshkent islom institutiga yangi rektor etib Muhammadolim Muhammadsiddiqov tayinlandi.
UzAuto Motors hisob dasturiy ta’minotini amalga oshirish munosabati bilan shartnoma tuzish, avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniya jarayon 4−5 kundan ortiq davom etmasligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Doston Yoqubov Qatardagi xalqaro musobaqada uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Dekabr so‘ngida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Amrillo Inoyatov tizimda 2023 yilni Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qildi. «Ishonch telefoni sifatida o‘zimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman», — dedi u. Vazirlik tizimida 2020 yil ham korrupsiyaga qarshi keskin kurash yili bo‘lgandi.
Yakkabog‘ tumanida Nexia-2 avtomashinasi 4 piyodani urib yubordi. Ulardan 3 nafari voqea joyida, 1 nafari shifoxonada vafot etdi. Haydovchi tegishli tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Chortoq tumanida boshqaruvni yo‘qotib, kanalga tushib ketgan Nexia-2 FVV qutqaruvchilari tomonidan olib chiqildi. Mashina salonida ikki kishi bo‘lgan.
O‘zbekistondagi bojxona omborlarida dekabr oyida kelgan «Dok-1 Maks» preparatining uchta partiyasi (taxminan 60 ming quti) va undan oldin kelgan ikki partiyasi saqlanmoqda. Mamlakatda uning ta’sirida vafot etgan 20 ga yaqin bola voqeasidan keyin dori-darmonlarni sotish taqiqlandi.
Odam savdosi jinoyati bo‘yicha gumonlanayotgan ayol Kuala-Lumpurdan Toshkentga ekstraditsiya qilindi. Uni qo‘lga olish Toshkent Interpol va Kuala-Lumpur Milliy markaziy byurolarining hamkorligida amalga oshirildi.
Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasi yaqinida noma’lum shaxslar tomonidan 26 kg narkotik modda qoldirib ketildi. Giyohvandlik vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ishtixon tumanida tadbirkor 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Iste’molchi foydalanilgan elektr energiyasi miqdorini sun’iy ravishda buzib (pasaytirib) ko‘rsatib kelgan.
Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni yangisiga almashtirish muddati (berilgan vaqtiga qarab) 2023 yilda yakunlanadi. Hozirgacha 2 mlndan ortiq «prava», 557 mingdan ortiq «texpasport»lar yangisiga almashtirilmagan. IIV haydovchilarni e’tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi ishchi guruh Yangiyo‘l tumanida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan «zapravka»ni aniqladi. Holat bo‘yicha AGTKSH va «O‘ztransgaz» hududiy boshqarmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoro shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan o‘quv markazi yerto‘lasida portlash sodir bo‘ldi. 3 dona eshik va rom joyidan siljigan va 70 kv.m maydonda tom qismi plastik qoplamasi zararlangan. Jarohat olganlar yo‘q.
Qamchiq dovoni qor ko‘chkisi xavfi yuzaga kelgani sababli yopildi. Hududda qolib ketgan yo‘lovchilarga maxsus reys orqali poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi va isinish maskanlari tashkil etildi.
Tijorat banklari 4 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 170 — 11 260 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 300 — 11 305 so‘m.
Sirdaryo viloyati SSV rahbari o‘rinbosari «Dok-1 Maks» dori vositasi 7 nafar bemor bolaga nojo‘ya ta’sir qilganini ma’lum qildi. Hozirda ulardan 4 nafari sog‘ayib chiqqan, 3 nafari esa jonlantirish bo‘limida davo-muolajalarini davom ettirmoqda.
Toshkentda sobiq «Yubileyniy» sport majmuasi o‘rnida Alpomish muz saroyi foydalanishga topshirildi. Sport inshootini rekonstruksiya qilish ishlari dastlab 2020 yil 1 sentabrgacha yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, ikki yildan ortiq davom etdi.
SSVning yangi rahbari Amrillo Inoyatov dorixonalarga yo‘llagan xatida Quramax 2022 yilda import qilgan barcha dorilarning sotilishini to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdi. «Dok-1 Maks» va «Ambronol» preparatlarining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalarini bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi ham kiritilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting