Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmanov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. U Namangan viloyat sudi raisi bo‘ldi.
Bir kunda 620 ming yo‘lovchi tashigan Toshkent metropoliteni, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda pasport nazoratining osonlashtirilishi, uydagi yong‘indan 2 kishi vafot etgani, narxi oshmagan AI-80, o‘zini otib qo‘ygan farg‘onalik profilaktika inspektori, kovid statistikasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Saida Mirziyoyeva oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb baholashni taklif qildi. “Oiladagi zo‘ravonlik — oilaning ichki ishi emas, bu muammo butun jamiyatga tegishli. Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak”, — dedi u. U voyaga yetmaganlar bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jazo kuchayishi zarurligini aytdi.
Pokiston «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini 8,2 mlrd dollarga baholadi. Bu O‘zbekiston hisob-kitoblaridan ancha yuqori.
Sudning apellyatsiya instansiyasi nodir qo‘lyozmalar yo‘qolishida ayblanib, 5 yilga qamalgan O‘zMU kutubxonasi direktori Irina Kislitsinaning jazosini yengillashtirdi. Unga qo‘llanilgan qamoq jazosi ozodlikni cheklash chorasiga almashtirildi.
Sud tomonidan Toshkent viloyatida elektrovozlarini yuqori kuchlanishli elektr energiyasi bilan ta’minlovchi simlarning jami 140 metrini o‘g‘irlagan shaxslarga hukm o‘qildi. Ularning har biri besh yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
O‘zbekistonda yanvar-oktabr oylari davomida 7636 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) qayd etilgani, ular oqibatida 1931 kishi halok bo‘lgani aytilgandi. IIV YHXX boshlig‘i Olim Saidov ushbu ko‘rsatkichni 5 yilda kamida 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
11 dekabrdan boshlab Andijon viloyatidan Xiva, Termiz va Qo‘ng‘irotga qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Hukumat qarori bilan yil yakuniga qadar sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona axborot tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, 1 iyulgacha «Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarov bilan telefonda suhbatlashib, uni tavallud kuni bilan tabrikladi. Shuningdek, Qirg‘iziston nashrlari 9 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyevning mamlakatga tashrifi haqida xabar berdi.
2022 yilning o‘n oyida 694 ta holatda o‘rmon huquqbuzarliklari aniqlanib, jami 3 mlrd 153,4 mln so‘m zarar keltirilgan. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi rasmiysining aytishicha, 374 ta holat bo‘yicha 330 mln so‘mdan ortiq zarar va 85 mln so‘m jarima undirilgan. Hozirda qolganlarini undirish choralari ko‘rilmoqda.
2022 yilning yozida tarmoqlarda ikki ayolga kuch ishlatayotgan IIB xodimlaridan biri pogonini o‘zi yulib tashlab ayolni ayblagani aks etgan video tarqalgandi. IIV vakilining aytishicha, pogonini yulib tashlagan xodim hamon shu tizimda ishlamoqda, ayolga nisbatan bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari tayinlangan.
Poytaxtda 5 dekabr kunining o‘zida 620 ming yo‘lovchi metrodan foydalandi (bu odatiy kundan 105 ming (21%) nafarga ko‘p). Metropoliten xodimlari yo‘lovchi ko‘pligi sabab, fuqarolardan qoidalarga amal qilishni va kassalarda navbat kutib qolmaslik uchun bank yoki transport kartalardan foydalanishni so‘radi.
«O‘zbekneftgaz» AI-80 benzini narxi oshirilmagani va uning 1 litri 6800 so‘mligicha saqlanib qolayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya respublika NQIZlarida sutkasiga 4000 tonnadan benzin ishlab chiqarilayotgani va avtomobillar uchun bu turdagi yoqilg‘i zaxirasi yetarli ekanini qayd etdi.
IIO xodimlari 3 nafar — biri Navoiyda ko‘p qavatli uyning dahlizida uxlayotgan, ikki nafari Toshkentdagi yer osti quvuri yonida isinayotgan boshpanasizga yordam berdi. IIV shaxsiy tarkibni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazdi. Aholi qiyin va xavfli vaziyatlarda 102, 1102 va 1173 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi so‘raladi.
JCH-2022`ning nimchorak finalida Yaponiya — Xorvatiya hamda Braziliya — Koreya Respublikasi bahslari bo‘lib o‘tdi. Birinchi o‘yinda g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi, ikkinchi o‘yinda esa Braziliya terma jamoasi yirik hisobda g‘alaba qozondi. Chorak finalda Xorvatiya va Braziliya uchrashadigan bo‘lishdi.
5 dekabr kuni respublikada koronavirus yuqtirganlar soni biroz kamayib, 120 kishini tashkil etdi. (Bir kun oldin 153 kishida aniqlangan.)
«Aeroflot» kompaniyasi Sankt-Peterburgdan Toshkent va Samarqandga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Parvozlar Boeing 738 samolyotlarida haftasiga uch marta — chorshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Toshloq tumanida profilaktika inspektori tabel quroli bilan o‘zini otib qo‘ydi. U mashinasida koma holatida topilgan va tibbiy muassasaga joylashtirilgan. Xodim 1xbet orqali 45 mln so‘m yutqazib qo‘ygani uchun jazolangan va viloyat IIB qoshidagi intizomiy Kengashning nazoratida bo‘lgan.
6 dekabr kuni tijorat banklari dollarni 11 250−11 310 so‘m oralig‘ida sotib olmoqda, sotish kursi esa — 11 330 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting