OTMlarda masofaviy ta’lim orqali o‘qish tartibi belgilandi. Bunda bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishida talabalar soni 300, bir magistratura mutaxassisligida esa 30 nafardan oshmaydi. Talabalar LMS platformasida ro‘yxatdan o‘tishi va har semestr yakunida imtihon uchun OTMga borishi shart.
Shavkat Mirziyoyev vengriyalik ishbilarmonlarni bugun investitsiyalar uchun eng yaxshi joy O‘zbekiston ekaniga shaxsan ishonch hosil qilishga taklif etdi. U O‘zbekiston vazirlik va tashkilotlariga vengriyalik hamkorlarga O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritishda har tomonlama ko‘maklashish topshirdi.
Talabalarga dekabrning oxirgi 10 kunligi va yanvarning birinchi 10 kunligi oralig‘ida har yilgi 2 haftalik qishki ta’til beriladi. Ta’til shu paytgacha 1992 yildagi prezident farmoni bilan berilgan. 2022 yil 31 avgustda u o‘z quchini yo‘qotgandan so‘ng, bu borada Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston va Vengriya prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralarda Vengriya tomoni o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar uchun yillik kvotani 170 tagacha oshirishga qaror qilgani aytildi. Oliy o‘quv yurtlari rektorlarining ikkinchi O‘zbekiston-Vengriya forumini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ham ta’kidlandi.
Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi fizika bo‘yicha 2022 yilgi Nobel mukofotini olimlar Alen Aspe, Jon Klauzer va Anton Saylingerga murakkab fotonlar bilan o‘tkazgan tajribalari uchun topshirdi.
Hukumat qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab maktablarda o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini joriy etish rasman bekor qilindi. O‘zbekistonda yagona majburiy maktab formasini joriy etish besh yildan buyon keng jamoatchilik noroziliklari tufayli amalga oshmay kelmoqda.
Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekistonda oilalarning baxtlilik indikatorini ishlab chiqmoqda. Unda o‘zbek millatining xarakteri va turmush darajasi inobatga olindi. Qolaversa, Fransiya, Indoneziya, Butan kabi davlatlarda joriy qilingan indekslar tahlil qilindi.
Sentabr oyida inflyatsiya 1,03% ni tashkil etib, oxirgi 6 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Yillik nisbatda iste’mol sektorida narxlarning o‘sish sur’ati 12,2% ga yetdi. Meva-sabzavot narxlariga mavsumiy omil hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda, deya ma’lumot berdi Statistika qo‘mitasi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 23,24 so‘mga qimmatlab, 11 010,45 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham ko‘tarildi, rubl esa pasaydi.
KXDR Yaponiya ustidan raketa uchirdi. Yaponiya hukumatining ta’kidlashicha, taxminan 20 daqiqalik parvoz davomida raketa Tinch okeaniga qulashga qadar 4500 km dan ortiq masofani bosib o‘tgan. Yaponiya Mudofaa vazirligi bu Shimoliy Koreya raketasi uchun rekord masofa ekanligini alohida qayd etdi.
Shvetsiyalik genetik Svante Paabo neandertal genomini ochganligi uchun tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
17 oktabrdan Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi «Afrosiyob» tezyurar poyezdi Dashtobod bekatida ham to‘xtab o‘tadi. Shu maqsadda, poyezd bekatida chiptaxona va kutish zali tashkillashtiriladi. Ushbu stansiya turistlar uchun jozibali bo‘lgan Zomin tumanida joylashgan.
«O'zbekistonlik» filmi taqdimoti doirasida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov xorijdagi vatandoshlarga murojaat qilib, ularni hamkorlikka chaqirdi. «Biz uzoq vaqt davomida o‘z yo‘li va baxtini topishga uringanlardan ranjidik… Lekin Yangi O‘zbekiston boshqacha fikrlaydi va hayot kechiradi», — dedi u.
2022 yilda maktabni bitirgan 295 393 nafar o‘quvchi OTMga hujjat torshirdi. Ularning 85 869 nafari (23%) talaba bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 4 foizga, 2020 yilga nisbatan 12 foizga oshgan. O‘quvchilari o‘tish balini to‘play olmagan 519 ta umumta’lim maktabi alohida nazoratga olindi.
9 oyda O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada, 3 mingdan ortig‘i — ko‘chada, 1 mingdan ortig‘i — jamoat joyida sodir etildi, deya ma’lum qildi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi. Jami 32 mingdan ortiq xotin-qizlarga himoya orderlari berildi.
Yagona portalda keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun sihatgohlarda yotib davolanish uchun onlayn navbatga turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Xizmatdan foydalanish uchun ariza beruvchi kerakli sihatgohni belgilaydi va so‘rov yuboradi. Shundan so‘ng u o‘z navbatini onlayn kuzatib boradi.
«O‘zkimyosanoat» kompaniyasi «Maxam Chirchiq» zavodida avval portlash bo‘lgani, keyin buning natijasida yong‘in yuzaga kelgani, atrof-muhitga zararli gazlar tarqalmaganini ma’lum qildi. Voqea joyiga energetika vaziri yetib bordi. Portlash oqibatida zavodning ikki xodimi jarohatlangani aytilmoqda.
Oila kodeksida yon shajara bo‘yicha qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash taklif etilmoqda. 2021 yilning ikkinchi yarmida respublika bo‘yicha jami 1210 ta yaqin qarindoshlar (529 ta — xolavachcha, 307 ta — tog‘avachcha, 178 ta — amakivachcha, 196 ta — ammavachcha) o‘rtasida nikoh holatlari qayd qilingan.
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Budapeshtga yetib bordi. Oliy martabali mehmonlarni Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad kutib oldi. O‘zbekiston — Vengriya sammitning asosiy tadbirlari seshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Seshanba tongida Chirchiq shahridagi «Maxam Chirchiq» kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodda yong‘in yuzaga keldi va portlash sodir bo‘ldi. Viloyat hokimligi ayni vaqtda FVV va huquq-tartibot idoralari yong‘inni o‘chirish choralarini ko‘rayotganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting