Toshkentdagi «Kosmonavtlar» metro bekatida poyezd vagonida «nosozlik sababli tutun chiqdi», deya xabar qildi FVV. Yo‘lovchilar vagondan tushirilgan, voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan. Poyezd ta’mirlashga jo‘natildi.
11 oy yakunlariga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi pandemiyagacha bo‘lgan darajadan oshib, qariyb 38 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksportning yarmidan ko‘pi oltin, rangli metallar va to‘qimachilik mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Rossiya bir necha yildan beri ilk marta Xitoyni O‘zbekistonning import bo‘yicha hamkorlarining birinchi qatoridan siqib chiqardi.
Qozog‘iston qozog‘istonlik iste’molchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli O‘zbekistondan import qilinadigan tovarlarga cheklov qo‘ymoqchi emas. Shu bilan birga, Savdo vazirligi O‘zbekiston tomonining ayrim cheklovlari haqida ma’lum qildi.
«O‘zsuvta’minot» Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayevning Xovos tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasini amalga oshirish jarayonida OTBning 7 mln dollar talon-toroj qilingani haqidagi bayonotini rad etdi. Ta’kidlanishicha, mablag‘larning 6,2 mln dollari Jahon bankiga, 1 mln dollari esa O‘zbekistonga tegishli hamda «ushbu mablag‘lar talon-taroj qilinmagan».
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari, Osiyo olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarovni faxriy yorliq bilan taqdirladi.
Payshanba kuni O‘zbekistondan Afg‘onistonga gumanitar yordam yuklangan poyezd jo‘nab ketdi. 63 vagonga oziq-ovqat, kiyim-kechak va ko‘mir ortilgan.
O‘zbekiston xalq artisti, bolalar xori san’atining faol targ‘ibotchisi, kompozitor va dirijyor Shermat Yormatov 82 yoshida vafot etdi.
Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahrida faollar bilan uchrashuvda Toshkent viloyatidagi kadrlar muammosi haqida gapirdi. «Biri korrupsiyaga yo‘l ochadi, boshqasi darrov g‘o‘ddayib, oyog‘i yerdan uziladi. Men amalni beraman, lekin arqonni uzun tashlab qo‘yaman», — dedi u. Toshkent viloyatida so‘nggi 6 yilda yettinchi hokim lavozimga tayinlandi.
Italiya chempionatining 19-tur bahslarida «Roma» «Sampdoriya»ni qabul qildi. Mourino o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodovni zaxiradan o‘yinga tushirdi, 5 daqiqadan so‘ng u raqib darvozasiga gol kiritdi.
Bir kunda O‘zbekistonning uchta viloyatida sakkizta tumaniga yangi hokimlar tasdiqlandi.
Zaxirasi 5 ming tonnadan ortiq Olmaliqdagi oltin koni, Xovosda 7 mln dollari talon-toroj qilingan OTB, 540 mln so‘mgacha imtiyozli kredit olish imkoniga ega bo‘lgan yosh tadbirkorlar, sotuvga qo‘yilgan Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi, hokimlari almashgan tumanlar, yo‘l-transport infratuzilmasi ishlab chiqilayotgan Toshkent va boshqa xabarlar — «Gazeta.uz» ning 22 dekabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
«Muruntov» konidagi oltin zaxiralari 3 ming tonnaga yetmasa, Olmaliqdagi «Yoshlik-1» konida — 5 ming tonnadan ko‘proq, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev. «Biz shunchalik yer osti boyliklarimiz borligini bilmagan edik. Sizlar bilmaysizlar qanchalar boy odam ekanligingizni, qanday yer osti boyliklari ustida yashayotganingizni», — dedi davlat rahbari.
O‘zbekistonda yagona besh yulduzli Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi sotuvga qo‘yildi. 3,1 gektarda joylashgan 8 qavatli mehmonxonada jami 300 ta standart, lyuks va yarim lyuks xonalar, konferensiya va banket zallari mavjud. Savdo barcha uchun ochiq bo‘lishi aytilmoqda.
Transport vazirligi hozirda 18 ta xorijiy mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlar tiklangani, haftasiga 28 ta yo‘nalish bo‘yicha 144 ta parvoz amalga oshirilayotgganini ma’lum qildi.
Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev Osiyo taraqqiyot bankining Xovos tumanining 126 ming aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ajratilgan 7 mln dollardan ortiq kredit mablag‘lari talon-toroj qilinganini ma’lum qildi.
2021 yilda O‘zbekistonda harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi xususiy korxonalar soni 3, mahsulotlar eksporti esa 1,9 barobarga ortdi. Shuningdek, 20dan ortiq turdagi harbiy va ikki maqsadda qo‘llaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari farmonida tizimni 2022 yil 1 yanvaridan joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan bo‘lsa ham, katta ehtimol bilan, yil oxirigacha qabul qilinmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizim baribir yangi yildan ishga tushiriladi va davlat xizmatchilariga deklaratsiyalarni tayyorlash uchun aprelgacha vaqt berish rejalashtirilgan.
Transport vazirligi Toshkentda yo‘l-transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Konsepsiya birinchi o‘rinda piyodalar, keyingi o‘rinlarda velotransport, shahar jamoat transporti va shaxsiy avtotransport uchun qulay infratuzilmani yaratishni ko‘zda tutadi.
Shokolad pastasini ishlab chiqaruvchi Ramella kompaniyasiga iste’molchilarni chalg‘itish bilan bog‘liq qonun buzilishini bartaraf etish haqida majburiyat yuklatildi . Italiyaning «FERRERO S.p.A.» kompaniyasi tomonidan tarqalgan Nutella shokoladining mashhur brendi dizayni Ramella mahsulotining qadoqlarida ham aks ettirilgan.
Shavkat Mirziyoyev bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevdan yer munosabatlari sohasidagi qonunbuzarliklar uchun yirik amaldorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qildi. «Katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka tortsangiz, men sizni xurmat qilishni boshlayman», — dedi davlat rahbari.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting