Juma va shanba kunlari O‘zbekistonning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘adi. Ayrim joylarda bu do‘lga ham aylanishi mumkin. 9 viloyatga sel kelish xavfi bor. (Hududlar ro‘yxati)
O‘zbekiston maktablarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni baholash maqsadida 1 sentabrdan «Namunali maktab» reytingi joriy qilinadi. Uning natijalari asosida maktablar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi. Agar maktab «qizil» toifaga tushib qolsa, davlat organlari u yerda uchrashuv, motivatsion suhbat va master-klasslar, «Vatanparvarlik» darslari va poligonlarda ikki kunlik harbiy-dala mashg‘ulotlari, qolaversa, «Vatanga xizmat — oliy fazilat» mavzularida davra suhbatlarini o‘tkazadi.
Farg‘onaga borgan prezident, inson a’zolari transplantatsiyasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani, sel tufayli transport harakati to‘xtatilgan So‘x-Rishton yo‘li, tuman hokimi ustidan arz qilib, prezidentga murojaat yo‘llagan farg‘onalik fermer, Surxondaryodagi 5 ballik zilzila va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 12 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Bunyodkor shoh ko‘chasida haydovchi o‘z boshqaruvidagi Spark avtomashinasi bilan tezlikni oshirgani sababli ustunga borib urildi. Oqibatda ikki kishi halok bo‘ldi.
Hukumat qaroriga muvofiq, endi xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari qishloq xo‘jaligidagi shirkat xo‘jaligining ulushdori bo‘lish uchun subsidiya olishi mumkin. Shuningdek, ishsiz fuqarolar tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, dastlabki 3 oyda bino va inshootlarning ijarasi qoplab beriladi. Qolaversa, issiqxona qurish, sug‘orish vositalari va ko‘chatlarni xarid qilish uchun 810 mingdan 8,1 mln so‘mgacha sudsidiya beriladi.
Finlyandiya prezidenti va bosh vaziri mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun zudlik bilan ariza topshirishi kerakligi haqida qo‘shma bayonot berdi. Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra, Finlyandiya fuqarolarining 76 foizi alyansga qo‘shilish tarafdori. Rossiya Ukrainaga bostirib kirguniga qadar bu ko‘rsatkich 25%ni tashkil etgan.
Payshanba kuni soat 15:27 da Surxondaryo viloyatida 5 ballik zilzila sodir bo‘ldi, epitsentr — Boysun tumani. Buning natijasida O‘zbekistonning o‘nlab hududlarida 2 balldan 5 ballgacha bo‘lgan yer silkinishlari kuzatildi.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifini Oltiariqda tashkil etilgan adirlikdagi ming gektarlik plantatsiyadan boshladi. Bu yerda 560 gektarda tokzor barpo etilgan, 300 gektarlik intensiv bog‘da esa olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari ekilmoqda. «Bu bog‘ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi», — dedi prezident.
Prezident qaroriga ko‘ra, maktablarda xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga 50%, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga 20% ustama to‘lanadi. Kutubxona hodimlarining oyligi esa 1,2 baravarga oshiriladi. Qolaversa, 1 sentabrdan «Namunali maktab» reytingi joriy etiladi.
Samarqand viloyatida Nexia avtomobilining kanalga tushib ketishi oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi va 29 yoshli erkak halok bo‘ldi. Haydovchi va yana bir yo‘lovchi tirik qolgan, haydovchi voqea joyidan yashiringan.
Prezident inson a’zolari transplantatsiyasiga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish tibbiy xulosa asosida va bemorning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Murda a’zolarini olishga esa uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Qonun bilan shuningdek, inson a’zolarini va to‘qimalarini olish taqiqlangan holatlar ham belgilab berildi.
Prezidentning Farg‘onaga tashrifi arafasida fermer Iqboljon Meliboyev Buvayda tumani hokimi ustidan shikoyat qilib, videomurojaat yo‘lladi. Buni yoritgan farg‘onalik jurnalistga bosim o‘tkazilgani va ishdan bo‘shash haqida ariza so‘ralgani aytildi. Farg‘ona viloyati hokimligi vaziyatni o‘rganishni boshladi. Jamoatchilik faollari esa mazkur holatni keskin qoralab, «fermer va jurnalistdan qo‘llarni tortishni» talab qilmoqda.
2020 yilda boshlangan pandemiya davridan buyon Shimoliy Koreyada koronavirusning birinchi holati aniqlandi. Mamlakatda chegara nazorati kuchaytirildi, shaharlarda lokdaunlar joriy etilmoqda.
Prezident farmoni bilan Samarqand aeroportini boshqaruvchi Air Marakanda kompaniyasiga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berildi.
Hukumat kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida O‘zbekistonda sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqladi. Mamlakat bo‘yicha limit 28,2 mlrd kub metr suvni tashkil etadi, bu o‘tgan yili olingan suvning taxminan 94,5 foiziga teng.
So‘x-Rishton avtomobil yo‘liga sel natijasida loy va toshlar oqib kelgani sababli transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatildi.
May oyining o‘rtalaridan «Nukus — Beyneu — Nukus» va «Olmaota — Toshkent — Olmaota» temir yo‘l qatnovlari qayta tiklanmoqda. Ularning yo‘lga qo‘yilishi oldinroq rejalashtirilgandi, biroq Qozog‘istondagi karantin cheklovlari tufayli keyinga qoldirilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan 12−13 may kunlari Farg‘onaga boradi. Tashrif davomida mahallalardagi bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirish, yig‘ilish o‘tkazish hamda korxonalar faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan.
«O‘zbekneftgaz» kompaniyasida raisning transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, qurilish va transport hamda iqtisodiyot va moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimga tayinlandi.
1 iyundan g‘allani sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilayotgani, Surxondaryodagi seldan keyin topilgan ikki kishining jasadi, suv toshqinlaridan himoyalanishni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan prezident, noqonuniy qurilish bo‘yicha onlayn murojaat yuborish imkoni, masofaviy to‘lovlar uchun ham keshbek qaytarilishi, kasallikdan vafot etgan Angren shahar hokimi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 11 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting