1 iyundan g‘allani sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilayotgani, Surxondaryodagi seldan keyin topilgan ikki kishining jasadi, suv toshqinlaridan himoyalanishni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan prezident, noqonuniy qurilish bo‘yicha onlayn murojaat yuborish imkoni, masofaviy to‘lovlar uchun ham keshbek qaytarilishi, kasallikdan vafot etgan Angren shahar hokimi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 11 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekistonda bahor oylarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 9 nafar inson va 450 dan ortiq bosh chorva mollari halok bo‘ldi. 245 ta xonadon va 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi. Prezident tunu kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va favqulodda vaziyatlarda aholini himoya qilishni kuchaytirish yuzasidan topshiriq berdi.
OTP Bank «Ipoteka-bank» ning davlat ulushini sotib olishni Rossiya va Ukrainadagi vaziyatga oydinlik kiritilgungacha kechiktirdi, deb xabar berdi bankning moliyaviy direktori Laslo Benchik. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vengriyaning OTP banki kelishuvga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolmoqda, biroq O‘zbekiston tomoni ularni kutishga majbur emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardan naqd pul yechib olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Markaziy bank mazkur uzilishni naqd pulga talab ortishi va logistika muammolari bilan izohladi. Regulyator aholining naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligiga ishontirmoqda.
O‘zbekistonda davlat hokimiyati iyerarxiyasi «juda vertikal» bo‘lib qolmoqda, bu «fuqarolar, fuqarolik jamiyati, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga rivojlanish va jalb qilinishiga yetarli imkoniyatlar bermayapti», deya ta’kidladi Germaniya elchisi Tilo Klinner.
Bundan keyin tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi. Prezident bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari buni shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rishni buyurdi.
«Milliy tiklanish» fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar tomonidan uy sotib olishda va avtomobil oldi-sotdisida to‘lanadigan davlat boji toifalarini bekor qilish va umumiy narx belgilash muhokama qilindi.
Rossiyaliklarning telekanallarga bo‘lgan ishonchi oxirgi ikki oyda pasaygan, deyiladi GroupM xalqaro reklama guruhi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalarida. Ushbu vaqt davomida Rossiya aholisining Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ishonch ortdi.
1 iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib oladi va sotadi. Shavkat Mirziyoyev eski tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotganini ta’kidladi. 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga oshiriladi.
Shavkat Mirziyoyev jahon bozorida oziq-ovqat narxi kun sayin ortib borayotgani, jumladan, bug‘doy narxi yil boshidan beri 30 foizga qimmatlashganini aytdi. «Narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu — bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi», — dedi u. Qolaversa, «O‘zdonmahsulot» tarkibidagi 43 ta don korxonasi xarajatlari yuqoriligi, biroq rentabelligi 2 baravar pastligi tanqid qilindi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sariosiyo tumanida selda oqib ketgan ikki fuqaroning jasadi va mashina «To‘palang» daryosi o‘zanidan topilganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish ma’muriy ko‘rsatmalar himoyasida edi va germaniyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yangi sarmoyalar kiritish imkoniyatlari ancha past bo‘lgan, deya ta’kidladi Germaniya elchisi Tilo Klinner. Bu vaziyat o‘zgarishi kerak, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilgacha UzAuto Motors monopoliyasiga barham berish rejalashtirilgan.
Fuqarolar tomonidan «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga noqonuniy qurilish holatlari bo‘yicha onlayn murojaat yuborish imkoni yaratiladi. Shuningdek, tashqi reklama obyektlarini joylashtirishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
2022 yil boshidan beri O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ko‘paya boshladi. Xususan yanvar oyida 23 ta yangi kompaniya tashkil etilgan bo‘lsa, aprelning o‘zida ularning soni 103 taga oshgan, shundan 45 tasi AKT yo‘nalishidagi kompaniya hisoblanadi.
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida bir nechta fuqaro bankomat orqali qalbaki 2 ming dollarni so‘mga almashtirib olganlikda gumonlanmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
UEFA 2024/25 yilgi mavsumdan boshlab yangicha ko‘rinishda o‘tkaziladigan klub musobaqalari formati va saralash sxemasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Chempionlar ligasida ishtirokchilar soni 32 tadan 36 taga oshiriladi. Shuningdek, guruh bosqichi o‘rniga 36 ta klubdan iborat yagona liga tashkil etiladi.
O‘zbekiston Karib dengizi havzasining yana bir davlati — Sent-Vinsent va Grenadin orollari bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatdi.
BMT Bosh Assambleyasi aprel oyida Rossiya tomonidan bo‘shatilgan Inson huquqlari kengashidagi o‘ringa Chexiyani sayladi.
Birinchi chorakda o‘zbekistonliklar xorijiy valyutadagi omonatlarga 2,2 trln so‘m ekvivalentidagi mablag‘larni yo‘naltirdi. Ularning aksariyati mart oyiga to‘g‘ri keladi. Markaziy bank xorijiy valyutadagi omonatlarga talab ortishi sabablarini tushuntirdi.
Toshkent viloyati Angren shahri hokimi Nuritdin Abdurahimov xastalikdan so‘ng 44 yoshida vafot etdi. U bu lavozimga yanvar oyida tayinlangan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting