AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga «Ukraina va Afg‘oniston xalqlariga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami» uchun minnatdorchilik bildirdi. Abdulaziz Komilov bilan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va C5+1 formatidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Moliya vazirligi departament direktori Otabek Fazilkarimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Deputatlar yo‘llarda fuqarolar manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash, ekologiyani muhofaza qilish, piyoda va velosiped harakatiga sharoit yaratishni nazarda tutuvchi «Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. «Bundan buyon avtomobil haydashning o‘zi bo‘lmaydi. Mas’uliyat bir emas, o‘n baravar oshadi», — dedi Rasul Kusherbayev.
Ozoda Parpibayeva Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, Ra’no Turdiboyeva va Nodira Egamberdiyeva qo‘mita raisining o‘rinbosarlari bo‘ldi.
Sodiqjon Turdiyev Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Prezident administratsiyasi mas’ul xodimi Abdulla Tursunov va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Muxtor Muhitdinovlar vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov o‘z lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga Ozoda Jurayeva tayinlandi.
«Madeli» ovul fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan Baxtiyar Menglibekov Mo‘ynoq tumaniga hokim bo‘ldi.
Prezident dushanba kuni Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida «Olima ayollar jamiyati» tuzilishi va unga har yili 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. «Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish — bu igna bilan quduq qazishga barobar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Polkovnik Orinbayev Amanbay Tleubayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar Amanbay Orinbayev IIV JXD Probatsiya xizmati boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Prezident qarori bilan boquvchisi xorijga ishlashga ketgan va «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ro‘yxatida turgan fuqarolarga 540 ming so‘mdan bir martalik yordam beriladi. Ularning nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravasi, eshitish apparati va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun 1,3 mln so‘mdan yordam ham ko‘rsatiladi. Qolaversa, daftarlardan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi bilan ishlashga ketganlarga 10 mln so‘mgacha mikroqarz taqdim etiladi.
Prezident Andijon, Samarqand va Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda talabalar uchun yotoqxona qurish ishlari boshlanmaganini tanqid qildi. Qolaversa, ijarada turuvchi talabalarga subsidiya berish uchun rektorlarga o‘tgan 2 oyda 24 mlrd so‘m berilgani, biroq, atigi 5 mlrd so‘m ishlatilgani aytildi. «Bir oy ichida o‘zgarish qilmagan hudud rahbari va oliygoh rektori ishdan olinadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident videoselektorda Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar O‘zbekistondagi OTMlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildi. «Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqda va shundan 200 ga yaqini Vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin 1 haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida bundan buyon barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Markaziy bank tajribasi asosida Iqtisodiyot, Moliya, Qurilish, Energetika, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari 3−4 kurs talabalarni haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qiladi. Amaliyot yakunida ularga doimiy ish taklif qilinadi.
Prezident videoselektor yig‘ilishida 100 mingga yaqin talaba ishlashni xohlashini, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni borligini aytdi. U talabalar bilan ishlamagani uchun hokim va rektorlarni tanqid qildi. Endi talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi.
Payshanba kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani, ikki davlat vazirlari esa 10 ga yaqin hujjatni imzoladi. Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev Imron Xonga Urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘atini sovg‘a qildi. «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘l mintaqalar qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborishini ta’kidlandi. Tashrifning birinchi kuni «Gazeta.uz» materialida.
Yevropadagi eng yirik Zaporojye AESi hududi Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutildi, atom elektr stansiyasi yaqinida yong‘in chiqdi. Stansiyaning asosiy jihozlariga zarar yetmagan. Ukraina prezidenti Yevropani “uyg‘onishga” chaqirdi. MAGATE mojaro tufayli yuzaga kelgan har qanday avariya jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
UNICEF Surxondaryo viloyatidagi «Termez Cargo Centre» logistika markazidan og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan afg‘onistonlik oilalar uchun 16 ta yuk mashinasida 2,3 mln dollarlik insonparvarlik yordamini yubordi.
TIV rasmiy vakili Ukrainadan Moldovaga o‘tgan 200ga yaqin o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish masalasi keyinroq ishlab chiqilishini ma’lum qildi. Hozirda Polsha orqali evakuatsiya qilish ustuvor ekanligi ta’kidlandi.
Payshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Pokistonga jo‘nab ketdi. Tashrif davomida Pokiston bosh vaziri Imron Xon bilan savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalari yuzasidan fikr almashiladi. Qolaversa, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy maslalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Prezident qarori bilan Abdullo Aslonov, Shaxrillo Maxmudov va Murad Ismailov sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting