Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov RF prezidenti Ukraina rahbari bilan uchrashishi mumkinligini istisno qilmayapti. Peskovga ko‘ra, Ukraina Rossiya tomonidan qo‘yilgan muhim masalalar, ya’ni, o‘zining neytrallik maqomi, qurollarni o‘z hududida joylashtirmaslik singari mavzularda gaplashishga tayyor bo‘lsa, u holda prezidentlar uchrashishi mumkin.
Turli davlatlar rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin vaziyatga o‘z munosabatlarini bildirishmoqda. Davlat rahbarlarining aksariyati o‘z chiqishlarida RFning harakatlarini qoralab, Ukrainaga yordam berish zarurligini ta’kidlashgan.
Bosh vazir Abdulla Aripov o‘zbekistonlik olimlar koronavirusga qarshi to‘rtta vaksina yaratish ustida ishlayotganini ma’lum qildi. «Dunyodagi hech qaysi vaksinadan nusxa olinmagan, alohida o‘zining strukturasi belgilangan vaksina turlari ishlab chiqilyapti», — dedi u.
NATOga a’zo davlatlar vakillar payshanba kuni ertalab Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi tufayli shoshilinch yig‘ilish chaqirish qarorini qabul qildi. Sal avval NATO rahbari Yens Stoltenberg RFning Ukrainadagi harakatlarini qoralashi haqida bayonot bilan chiqqan edi.
24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirgan.
Chorshanba kuni Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida 1 martdan e’tiboran O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilindi. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qo‘ydi», — dedi bosh vazir Abdulla Aripov. Qolaversa, jamoat transporti, bozorlar, ta’lim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston muammosiga, xususan, mamlakatning muvaqqat hukumatini tan olish bo‘yicha umumiy yondashuv bo‘lishiga kelishib oldi, dedi Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatulla Irgashev. Ammo hozircha bu borada hech qanday qaror yo‘q.
Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Bu haqda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari konferensiyasi yakuniy bayonotida aytiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Qobulda «Tolibon» rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda Afg‘oniston orqali o‘tayotgan transport vositalari va yuklar harakatlanishi uchun o‘zaro maqbul sharoitlarni ishlab chiqishga kelishilgan. Afg‘on tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda mintaqa davlatlarining transport va tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi, bu safar uning tashrifi 3 kun davom etadi. Birinchi raqamli bort esa ilk bor Toshkentdan Mo‘ynoqqa qo‘nadi.
O‘zbekistonning Nur-Sultondagi elchixonasi yanvar oyidagi tartibsizliklardan keyin O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olinishi munosabati bilan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida Pokistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razoq Dovudning so‘zlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Qolaversa, martdan Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish reja qilingan.
Qozog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olinganlarning 18 nafarini xorij fuqarolari, shu jumladan 14 nafarini o‘zbekistonlik tashkil etmoqda, deb xabar berdi Qozog‘iston ombudsmani.
Turizm va sport vazirligi ikkiga ajratilishi farmonda turizm xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar samaradorligini tubdan oshirish va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilishni kuchaytirish, shuningdek, aholini sport va sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda sportchilarni Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga puxta tayyorlash zaruriyati bilan izohlanadi. Shu bilan sport sohasida davlat siyosatini yurituvchi organ oltinchi marta qayta tashkil etilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Zelenskiy shu kecha qilgan videomurojaatida «Rossiyaning xatti-harakatlaridan qat’i nazar» xalqaro miqyosda tan olingan Ukraina chegaralari «shundayligicha qolishini» qayd etdi. Jahon hamjamiyati Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash masalasini kun tartibiga qo‘ydi.
Sud Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovni o‘zining oila a’zolariga qarashli bo‘lgan Sevimli TV`ga davlat buyurtmalarini berganlikda aybli deb topdi. U maksimum jazoga — BHMning 30 baravari (8,1 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.
12 oy davomida haydovchining qoidabuzarligi uchun hisoblangan jarima ballari 12 balldan oshsa, uni haydovchilik huquqidan bir yilga mahrum etish rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng, haydovchi qayta imtihon topshirib, guvohnomani olishi mumkin bo‘ladi. Aslida, mazkur tartib 2018 yildayoq ishlab chiqilgan, biroq joriy etilmagandi. IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev «U paytda biz hali bunga tayyor bo‘lmagandirmiz, vaqti endi kelgandir», deb izoh berdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tashqi qarzni qonun nuqtai nazaridan olayotgani, qolaversa, shuning hisobiga ham oylik, ham metro bo‘layotganini ta’kidladi. «Shuncha tibbiyot xodimlari yoki muallimlarning oyliklari oshmas edi. O‘tiraverar edik oldingiga o‘xshab qarsak chalib, balandparvoz gap gapirib», — dedi prezident.
O‘zbekiston harakat xavfsizligini ta’minlash uchun 10 dan ortiq xorijiy davlat tajribasi, jumladan, Vision Zero strategiyasini hayotga tadbiq etmoqchi. IIV rahbari o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tajriba Farg‘ona viloyatida yaxshi natija bergan. Endilikda piyodalarga yo‘llarni kesib o‘tish uchun sharoit yaratish bilan birga qoida buzganlarini jazolash ham ko‘zda tutilmoqda. UNICEF hamkorligida esa bolalar uchun video va kitob shaklida qo‘llanmalar ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘zaro qutlov maktublarini almashdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting