Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi. Davlat rahbari urush qatnashchilarini tabriklab, Ikkinchi jahon urushida jang qilgan 2 mlnga yaqin vatandoshlarning to‘liq ro‘yxati shakllantirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, urush qatnashchilari haqida to‘liq ma’lumotlar aks etgan elektron baza yaratilishi ham ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Rustam Qosimovning vafoti munosabati bilan uning xonadoniga borib, oilasiga hamdardlik bildirdi. «Menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin», — dedi u. Qosimov aprel oyining boshidan beri betobligi tufayli davolanayotgan bo‘lgan, juma kuniga kelib vafot etgan.
Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbarlari MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Juma kuni quyi palata deputatlari Hisob palatasiga davlat boji to‘lamasdan sudga murojaat qilish vakolatini berishga oid qonun loyihasini qabul qilishdi. Unda shuningdek, tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida tashkilotlar tomonidan palataga kerakli hujjatlar va mutaxassislarni ajratish majburiyati ham belgilanmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida yangi jamg‘arma tashkil etilib, 2021 yilda unga 50 mlrd so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar esa xorijdan jalb qilinadigan malakali tibbiyot xodimlari hamda mahalliy iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish va ularni moddiy rag‘batlantirishga sarflanadi.
Rossiyaning Tomsk shahrida O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan migratsiya xizmati xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Qishloq tumanlarida beshtadan chet tillariga o‘qitish nodavlat o‘quv markazlari tashkil etiladi. Bo‘sh bino ajratish, kerakli jihozlar va adabiyotlar sotib olishga 50 mln so‘mgacha bir martalik beg‘araz ko‘mak beriladi. Bundan tashqari, BMT hamkorligida Diplomatiya universitetida Chet tillarini chuqur o‘rgatish markazi tashkil etilishi kutilmoqda.
Chet tillari bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish uchun prezident sovrini ta’sis etiladi. Unda tuman va shahar bosqichi g‘olibi 100 mln so‘m, viloyat bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 250 mln so‘m va respublikada eng yaxshi maktab maqomiga erishgan muassasa 500 mln so‘m bilan taqdirlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan boshlab davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilish majburiy bo‘lishini ma’lum qildi. Chet tilini yaxshi bilgan xodimlarning ish haqiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama belgilanadi. Shuningdek, davlat rahbari nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tildagi yangi telekanallarni ishga tushirish va qizlarni chet tillarini o‘rganishga faol jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Prezident videoselektorda bundan buyon, xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi, ularning malakasiga qarab belgilanishini ma’lum qildi. Qolaversa, 2021 yildan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritilishi aytildi. «Keyingi 3 yil davomida maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olishlari zarur», — dedi u.
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Milliy tiklanish» gazetasida O‘zLiDeP partiya a’zolari haqidagi maqolani «bozorbop chiqish» deb atadi. «Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga o‘rgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish va bu „Milliy tiklanish“ partiyasiga yoqqan ko‘rinadi», — dedi deputat. Kusherbayev partiya muamollarni sun’iy yaratish, nizo chiqarish kabi harakatlarni qilayotganga o‘xshayotganligini ta’kidladi.
Videoselektorda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilindi. U samarali o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, litsey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etadi. «Agentlik ta’lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi», — dedi prezident.
Prezident videoselektorda 53 ming nafar o‘qituvchining atigi 4 foizi milliy va xalqaro sertifikatga egaligi, 11 ming o‘qituvchining 49 foizi esa testdan o‘ta olmaganini ta’kidladi. Davlat rahbari bundan buyon bitiruvchilar kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishi kerakligini aytdi. «Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim», — dedi u.
Xorazm viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Botir Saidov Xorazm viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikasiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
O‘zbekiston may-iyun oylarida Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni faollashtiradi. 23−27 may kunlari YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian mamlakatga kelishi, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning esa Bryusselga tashrifi kutilmoqda.
2021 yilda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanishga orderlar berish uchun qo‘shimcha 80 mlrd so‘m ajratilmoqda. 1 noyabrga qadar bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etiladi. Ehtiyojmand oilalar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» orqali aniqlanadi.
Polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Toshket shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi.
Prezident farmoni bilan 1 iyuldan boshlab hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Hamshiralik bilan faqat o‘rta tibbiy yoki oliy ma’lumotga ega SSVning axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan, qolaversa, belgilangan muddatlarda o‘z malakasini oshirib borganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Prezident farmoniga asosan respublika tibbiyot muassasalari rahbar va mutaxassislari og‘ir sharoitli tumanlarning tibbiyot birlashmalarida shartnoma asosida ishlaydi. Ularning asosiy ish joyidagi oyligi saqlanib qoladi hamda tuman tibbiyot birlashmasidagi lavozimidan ham maosh oladi. Bundan tashqari, oilaviy poliklinikalarga 2021−2022 yillarda 10 mingtadan o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi.
«Bizning maqsadimiz iste’molchiga elektr energiyasini sotib, foyda qilish», — deydi Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori Ravshan Mirsalixov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda. U ASKUE hisoblagichi atrofidagi salbiy fikr-mulohazalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Qolaversa, yaqin orada elektr energiyasi narxi oshishi va aholi to‘liq tizimga ulangach alohida tariflar joriy etilishi mumkinligi, hududlarda nega ikki xil hisoblagich o‘rnatilayotgani va boshqa savollarga javob berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting