Chorshanba kuni telefon orqali muloqotda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an bir-birlarini Ramazon hayiti bilan tabriklashdi. Qolaversa, ular Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi munosabati bilan chuqur xavotirda ekanligini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Yaponiya bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi amaliy hamkorlikni muhokama qilishdi. Suhbat so‘ngida Shavkat Mirziyeyov Yosexide Sugani O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Prezident videoselektorda go‘sht va o‘simlik yog‘ining narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerakligini ta’kidladi. «Oziq-ovqatning uch oylik zaxirasi har bir hududda bo‘lishi shart», — dedi u. Qolaversa, hududlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlari kamayishi ularning narxi oshishiga olib kelgani aytildi.
O‘zbekiston muqaddas Ramazon Hayiti — Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan Afg‘onistonda uch kunlik sulh e’lon qilinganini olqishlaydi. Muborak kunlarda o‘t ochishning to‘xtalishi Afg‘onistonda siyosiy tinchlik jarayonini ilgari surish bo‘yicha zarur shart-sharoitlarni yaratishiga umid bildirildi.
Prezident respublikadagi maktablar sharoitining yomon ahvoldaligi masalasi dolzarbligicha qolayotganini ta’kidladi. «Maktabdagi ahvollarni ko‘rsa, odam tavba deb yuboradi. Kamchiliklarni 27 yil ko‘rib-ko‘rmaslikka olganmiz. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqanddagi maktablarning ahvolini yaxshi bilaman», — dedi u.
12 may kuni prezident videoselektorda 3 yilda hududiy dasturlar doirasida 16 trln so‘mlik 4,2 mingta loyihaning 50 foizi, joriy yildagi 11,5 trln so‘mlik 2,6 mingta loyiha bo‘yicha esa 80 foiz pul tushumlari bankdan tashqarida aylanayotganini aytdi. «Demak, bu loyihalar faqatgina kredit olish maqsadida, „ko‘zbo‘yamachilik“ uchun amalga oshirilayapti degani emasmi?», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
AQSH O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum AQSH uchun O‘zbekiston qanday strategik ahamiyatga egaligi to‘g‘risida fikr bildirdi. “O‘zbekiston AQSH uchun muhim mamlakat sanaladi”, — deydi u. AQSH elchisi bu fikrini asoslash uchun uchta sababni keltirib o‘tdi.
AQSH O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum oktyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari haqida fikr bildirdi. Unga ko‘ra, AQSH YeXHTning monitoring ishida qatnashadi va saylovlarni yaqindan kuzatib boradi. Shuningdek, uning aytishicha, saylovlarda raqobatlashmoqchi bo‘lganlarga imkon va barcha sharoitlar bo‘lishi juda muhim. “Agar kimdir siyosiy partiya tuzmoqchi bo‘lsa, uning yo‘liga qo‘yiladigan to‘siqlar bo‘lmasligi kerak”, — deydi u.
Prezident chorshanba kungi videoselektor yig‘ilishida qurilish sohasida muammolar, shu jumladan, tenderlarda reytingda yo‘q qurilish kompaniyalari ishtirok etmasligi kerakligiga to‘xtalib o‘tdi. «Tadbirkor tadbirkorligi, quruvchi qurilishi bilan shug‘ullansin», — dedi Shavkat Mirziyoyev. U shuningdek, tadbirkor qurilish bilan shug‘ullansa Jizzaxdagi uy qulashi kabi oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 avgustga qadar, mavjud kechikishni to‘liq bartaraf etgan holda, ASKUE tizimini 100 foiz ishga tushirilishi shart ekanligini ta’kidladi. Sanoat tarmoqlari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi ehtiyojlarini to‘la qondirish uchun, ikkinchi chorakda jami 15,5 mlrd kilovatt elektr ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.
Prezident Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 2,5 mln so‘m pensiya tayinlashga oid farmonni imzoladi. Ushbu tartib 10 maydan boshlab amal qiladi. Hozirga qadar urush faxriylarining pensiyasi 800 ming so‘mni tashkil etgan edi.
Nogironligi bor shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda to‘lovlar uchun chegirmalar beriladi. Prezident dushanba kungi taqdimot vaqtida ayni shu bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan. Qolaversa, xizmatlar sonini yil yakuniga qadar 157 tadan 200 taga yetkazish vazifasi ham qo‘yilgan. Bundan tashqari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati tanqid ostiga olingan.
Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga nisbatan sud hukmi o‘qib eshittirildi. U JKning ikkita moddasi bo‘yicha oqlandi, biroq tuhmat va tovlamachilik moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud unga 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Uning advokati esa apellyatsiya shikoyatini berishini ma’lum qildi.
Fransiya delegatsiyasi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va delegatsiya rahbari Frank Riyester tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida ikki yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov «Xitoy — Markaziy Osiyo» ikkinchi vazirlar uchrashuvida qatnashish uchun Xitoyga boradi. Uchrashuv chog‘ida transport yo‘laklari bog‘liqligiga ko‘maklashish va uzluksiz savdoga keng yo‘l ochish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining shu haftada ish grafigidan o‘rin olgan mahalliy tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hafta davomida ikkita taqdimot va bir videoselektorni o‘tkazadi. Qolaversa, prezident Yaponiya yetakchisi va mintaqa mamlakatlari rahbarlari bilan muloqot qilishi kutilmoqda.
Prezident Xotira va qadrlash qadrlash kunida Shon-sharaf muzeyiga ham tashrif buyurib, «bu yer xalq muzeyi bo‘lishi kerak», deya ta’kidladi. Hozir muzeyda 12,5 mingdan ortiq eksponat mavjud. «Bu urush dahshatini anglash, tarixdan saboq chiqarish uchun muhim. Muzey bunda asos, tarix bilan bugungi kun o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak», — dedi davlat rahbari.
Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumani hokimligi tashkil etildi. Tumanda qo‘shimcha shtat birliklari ajratilgan holda adliya bo‘limi, davlat xizmatlari markazi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tashkil etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi. Davlat rahbari urush qatnashchilarini tabriklab, Ikkinchi jahon urushida jang qilgan 2 mlnga yaqin vatandoshlarning to‘liq ro‘yxati shakllantirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, urush qatnashchilari haqida to‘liq ma’lumotlar aks etgan elektron baza yaratilishi ham ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev juma kuni Rustam Qosimovning vafoti munosabati bilan uning xonadoniga borib, oilasiga hamdardlik bildirdi. «Menga eng katta yordamchi, maslahatgo‘y edi. Ilohim, joylari jannatda bo‘lsin. Ishlarini farzandlari davom ettirsin», — dedi u. Qosimov aprel oyining boshidan beri betobligi tufayli davolanayotgan bo‘lgan, juma kuniga kelib vafot etgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting