Rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepin SSSRga tegishli bo‘lgan barcha hududlarni tiklash taklifi bilan chiqdi. U misol sifatida O‘zbekistonni qo‘shib olib, u yerda rus tilini o‘rgatish kerakligini aytdi. Jamoatchilik taklifni mustaqillikka tajovuz sifatida baholab, TIV rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisini saylovdagi “ishonchli g‘alabasi” bilan tabrikladi. 10−12-dekabr kunlari o‘tkazilgan saylovlarda 89,6 foiz ovoz yig‘gan as-Sisi ketma-ket uchinchi muddatga Misr prezidenti etib saylandi.
Senatning 48-yalpi majlisida Elza Shamsutdinova va Baxodir Ergashev 10 yil muddatga, Anvar Elmuradov esa muddatsiz davrga Oliy sud sudyasi etib saylandi. 8 nafar sudya lavozimidan ozod etildi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov YouTube`dagi “O‘zi nima gap?” loyihasiga bergan intervyusida 2024-yildan energoresurslarga bo‘lgan ichki ehtiyojni 100 foiz qoplash vazifasi qo‘yilganini bildirdi. “Agar buni bajarolmasak, nafaqat men, balki tizimdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”, — dedi u.
Fariddin Nasriyev O‘zbekistonning Erondagi elchisi bo‘ldi. U shu paytgacha Qozon shahridagi bosh konsullikni boshqarib kelayotgandi.
Shavkat Mirziyoyevga ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, IT-park hududida Angliya huquqini joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, sun’iy intellekt asosida biometrik identifikatsiya qilish, elektr ta’minoti billingiga doir rejalar yuzasidan taqdimot qilindi.
Bosh vaziri Abdulla Aripov barcha davlat tashkilotlariga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan Yangi yil bayrami munosabati bilan bayram dasturxoni yozishni va korporativ yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqladi.
Prezident Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mukofotning taqdirlash marosimida “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni tarbiyalash ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. U Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazi hamda korrupsion surishtiruv instituti joriy etishni taklif qildi.
Prezident Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan qonunni imzoladi. Shuningdek, siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar ko‘rsatayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizdan 40 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti va Qatar amiri korrupsiyaga qarshi kurashni ifodalovchi monumentini ochib berdi. “Qo‘l ko‘rinishida kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi”, — deyiladi xabarda.
Ikrom Xidirov Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani hokimi etib tayinlandi.
Huquq-tartibot idoralari Toshkent viloyatining Bekobod tumani hokimi Shuhrat Mirzayevni qo‘lga oldi. U bu lavozimga to‘rt oy avval tayinlangandi.
Harbiy xizmatda ofitserlik va rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan Burhon Kuldashev Farg‘ona viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
19-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimida qatnashish uchun Qatar amiri Toshkentga keladi. Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar ham bo‘ladi.
Oliy sud sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bosh prokuror o‘rinbosari iltimosnomasidan so‘ng hibsga olingani haqida xabar berdi. U o‘zlashtirish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanmoqda.
Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov hibsga olindi, deb xabar berdi “Gazeta.uz” manbasi. U iqtisodiy jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda.
“Kamalak” bolalar tashkiloti negizida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish reja qilinmoqda. Bu bolalarning qobiliyat va iqtidorlarini rivojlantirishga, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shishi kerak. Davlat rahbariga o‘tayotgan yilda yoshlar qanday qo‘llab-quvvatlangani bo‘yicha ma’lumot berildi.
Senatning 48-yalpi majlisi 18-dekabrda o‘tkaziladi. Unda 2024-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar muhokama qilinadi. Shuningdek, Ekologiya vazirligi tomonidan iqlim o‘zgarishining oldini olishda qilinayotgan ishlar yuzasidan vazirlik axboroti eshitiladi.
Toshkent viloyati hokimi gaz va elektr energiyasi bo‘yicha muammolarni “bugun-erta” hal etish topshirig‘ini berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi rahbarlar vaziyatning jiddiyligi haqida gapirganda “pashshadan fil yasamoqda”. “Ahvol G‘azo sektori va Ukrainada jiddiy. Qolgan joyda bartaraf qilsa bo‘ladi”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi mahallalar va Uchtepa tumanidagi issiqlik markazida bo‘lib, obyektlarning qish mavsumiga tayyorgarligini ko‘zdan kechirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting