Xitoyning “Jenmin jibao” gazetasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi. U yangi yilda ilk tashrifini Xitoyga amalga oshirayotgani chuqur ramziy ma’noga egaligi va munosabatlar “o‘z tarixidagi eng yaxshi davrni” boshdan kechirayotganini qayd etdi.
2023-yilning dekabr oyida O‘zbekistonning Erondagi elchisi etib tayinlangan Fariddin Nasriyev mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiyga ishonch yorliqlarini topshirdi.
O‘zbekiston prezidenti Yoshlar siyosati va sport vazirligining ajralishini va Yoshlar ishlari agentligini Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazishni tasdiqladi.
Uganda O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 145-davlat bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi.
Ichki ishlar organlariga jinoyat sodir etgan yoki qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va topishda xususiy OAV imkoniyatlaridan bepul foydalanish huquqi berilmoqda. Senat buni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Hozirda IIO faqat davlat organlari ta’sischiligidagi OAV imkoniyatidan foydalana oladi.
Senatorlar Oliy Majlis palatalari faoliyatiga oid qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, Senat a’zolari soni 100 tadan 65 taga qisqaradi, ularning 9 nafarini prezident tayinlaydi, Qonunchilik palatasi va Senat o‘zini o‘zi tarqatib yubora oladi.
Bryusselda O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov Yevrokomissiya vakili Jivka Petkova bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq imzolanishidan manfaatdor ekanini bildirdi.
Senatorlar Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudovani boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etishni ma’qulladi. Manbaga ko‘ra, u 2023-yilda prezidentlikka o‘zining nomzodi ko‘rsatilgan “Adolat” partiyasini boshqarishi mumkin.
Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23−25-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. U yerda oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘ladi.
Prezident yuk tashish uchun qo‘shimcha yig‘imlar, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi va boshqa masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vazirini ogohlantirdi. Davlat rahbari ayrim elchilar va savdo maslahatchilarini ham tanqid qildi.
O‘z tizimidagi kamchilik va sustkashlik bo‘lgani uchun investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorovni lavozimidan ozod qilindi.
Deputatlar mamlakat va Toshkent havosining ifloslanishi haqidagi savollarga javob berishi uchun ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovni parlamentga taklif qiladi. Bu mavzu ekologiyadan butun xalqning xavfsizligi va salomatligi bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan darajaga ko‘tarildi, dedi deputat.
Yangi tashkil etilgan O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga Qahramon Quronboyev rais etib saylandi. Shu munosabat bilan u Prezident administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, uyushma raisiga o‘rinbosarlar ham saylandi.
Valijon Adizov Navoiy viloyatining Karmana tumaniga rahbar bo‘ldi. Bu tumanning avvalgi hokimi mayning ferma bilan bog‘liq mojaro tufayli ishdan olingandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Shamsiddin Soxibnazarov qo‘shimcha ravishda bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlandi.
Prezident va Yevrokomissiya vitse-prezidenti Margaritis Sxinas O‘zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sherikchilikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Yanvar so‘nggida Bryusselda YeI va MO o‘rtasida transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha investorlar forumi bo‘lib o‘tadi.
Joylardagi iqtisod bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, viloyat va tumanlardagi iqtisodiyot bo‘limlari rahbarlari inflyatsiyani jilovlashni o‘ylamayapti, deya ta’kidlandi prezident yig‘ilishida. Shu sababli bosh vazirga 9 ta tuman-shahardagi hokim va sektor rahbarlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalaquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi.
2023-yil avgust oyidan buyon Qashqadaryoning Chiroqchi tumaniga hokimlik qilib kelayotgan Fayzulla Yusupovga nisbatan hayfsan jazosi qo‘llandi. Viloyat hokimligi uning topshiriqlar ijrosida nazoratni susaytirgani va kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini bildirdi.
Tayvanda o‘tgan prezidentlik saylovida hukmron partiya nomzodi Lay Sinde g‘alaba qozondi. O‘zbekiston TIV jarayonga munosabat bildirib, mamlakat “Yagona Xitoy” tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlashi va Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekanini ta’kidladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting