Halimjon Safarov prezident tanqididan so‘ng ishdan olingan Xayrillo Jo‘rayevning o‘rniga Buxoro tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Botir Ahmedov esa Buxoro viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Yangiyo‘l shahar hokimi v. b. bo‘ldi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev energiya ta’minoti va chiqindilarni olib chiqib ketish shaharning asosiy muammolari ekanini aytib, shaharni tozalash bo‘yicha keng ko‘lamli aksiya tashkil etishga va’da berdi.
Prezident qarori bilan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Davronjon Odilov “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori etib tayinlandi.
“Qishloq qurilish bank"da departament boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Mirzayev Toshkent viloyati Bekobod tumaniga hokim bo‘ldi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev avvalgi tuman hokimini nima sababdan ishdan bo‘shatganiga izoh berdi.
Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga Ulug‘bek Yo‘ldoshev hokim etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u Sardoba tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Prezident farmoni bilan Ilhom Norqulov iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari, Ahadbek Haydarov, Abdulaziz Haydarov, Otabek Fozilkarimov, Bobur Xodjayev va Jasur Qarshiboyevlar esa vazir o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Ulug‘bek Lapasov O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Jenevadagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakil sifatida ishlab kelayotgandi.
Chiroqchi tumaniga Fayzulla Yusupov hokim etib tayinlandi. U bunga qadar viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi rahbari bo‘lgan.
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumaniga Fayzullo G‘ulomov hokim etib tayinlandi. U bunga qadar Agrosanoat inspeksiyasining viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Xabib Sirojitdinov yaqinda prezident tomonidan ishdan bo‘shatilgan Avaz O‘rinboyev o‘rniga Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Zangiota va Bekobod tumanlari hokimlarini o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etdi. Bir kun avval prezident o‘sha hududlarda sanoat ishlab chiqarishi pasayganini tanqid qilgan edi.
Adliya katta maslahatchisi Sirojiddin Eshquvvatov Toshkent viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar Andijon viloyati prokurori bo‘lgan.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov iqtisodiyot va moliya vaziri etib tasdiqlandi.
Prezident muammoli kreditlar ko‘pligi sababli Markaziy bankning 2 viloyatdagi boshqarma boshliqlarini hamda bir qator bank filiallari rahbarlarini ishdan bo‘shatish tavsiyasini berdi. Shuningdek, u oilaviy kreditlar hisobidan texnika va mahsulotlar xarid qilish tizimini ham tanqid qildi.
Prezidentning Toshkent viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishida Namangan shahri va 15 ta tuman hokimining 16 nafar birinchi o‘rinbosari ham lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi. Bunga ushbu hududlarda qashshoqlik darajasi yuqoriligi sabab qilib ko‘rsatildi.
Prezident 26 ta soliq inspeksiyasi rahbarlari, ikkita viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ini ishdan bo‘shatish, shuningdek, Soliq qo‘mitasi rais o‘rinbosarlariga hayfsan e’lon qilish haqida topshiriq berdi. Soliq idoralari qo‘shimcha manba izlash o‘rniga “eski zamon kasaliga berilib ketishdi”, dedi u.
Prezident Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari hokimlari hamda ushbu tumanlarning 4 ta sektor rahbarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berdi. Shuningdek, viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga hamda qurilishga mas’ul o‘rinbosarlariga hayfsan e’lon qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida 27-iyul kungi yig‘ilishda Marg‘ilon shahri hokimi Adham Ziyavitdinovni ishdan olgandi. Ammo hokim 28-iyulda yordamchisi va kotibni rag‘batlantirish bo‘yicha farmoyish chiqardi, hujjat keyinchalik yashirib qo‘yildi. Hokimlik farmoyishni viloyat prokuraturasi o‘rganayotganini bildirdi.
Ziyauatdin Zaitov Nukus tumani hokimi etib tasdiqlandi. U bungacha Chimboy tumani IIB boshlig‘i, Qo‘ng‘irot tumani hokimi, Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. O‘tgan yilning iyul voqealari vaqtida Nukus shahri IIBni boshqargan.
Senatning 4-avgustdagi yalpi majlisida “Advokatura to‘g‘risida”, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tizimini yaxshilashga oid qonunlarga o‘zgartirish kiritish ko‘rib chiqiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting