O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni telefon orqali tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi, Belarus rahbari bunga javoban O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan qutladi.
AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum Alter Ego`ga bergan intervyusida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, tashqi siyosat, iqtisodiyot va ta’lim sohalari haqida gapirdi. U qator ijobiy o‘zgarishlarni sanab o‘tdi va eng ulug‘vor islohotlarning hali o‘z samarasini bermaganini ta’kidladi.
AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekiston hukumati va fuqarolari prezidentlik muddatlarini o‘zgartirishning «foyda va xatarlarini diqqat bilan ko‘rib chiqishlariga» umid bildirdi. Bu borada bahs-munozaralar borligi yaxshi, deya qayd etdi u.
Shavkat Mirziyoyev 12 nafar chet el fuqarosini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Ular orasida Turkiya vitse-prezidenti, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari vazirlari, AQSh va Ozarbayjon elchilari va boshqalar bor.
Prezident farmoni bilan Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tasdiqlandi. Shu munosabat bilan u investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer telefon orqali muloqotda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevni mamlakat mustaqilligining 31 yilligi bilan tabrikladi. Tomonlar mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan Yevropa Ittifoqi doirasidagi konstruktiv muloqotni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Deputatlar 16 iyuldan beri bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga Aziz Voitovning nomzodini ma’qulladi. U bunga qadar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganchga yetib bordi. U sarkarda Jaloliddin Manguberdining 25 metrlik haykali ochilishida ishtirok etadi. Haykal bir necha oy avval o‘rnatilgandi, biroq shu davr ichida yopiq holda saqlandi.
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilayotgan IT-parkda dastlabki 20, 22 va 25 qavatli binolar foydalanishga topshirildi. Ularda «Aloqabank» va «O‘zbektelekom» joylashgan. Kelgusida bu yerga AKT vazirligi va sanoat korxonalari ko‘chiriladi. Prezident osmono‘par binolardan birining tomiga ko‘tarildi. Foto.
Toshkent viloyati Zangiota tumanida «Elektron hukumat» tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi bunyod etildi. 20 petabayt xotiraga ega tizim ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini kamaytiradi. Prezident markazni mamlakatni raqamlashtirishning «yuragi» deb atadi.
O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Kamilov va tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov Turkmanistonning «Galkinish» («Tiklanish») ordeni bilan taqdirlandi. Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov esa O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi. Marosim Ashxobodda bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabriklar ekan, «do‘st ukrain xalqiga tinchlik va farovonlik» tiladi. U ikki davlat o‘rtasidagi «an’anaviy ravishda do‘stlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan» munosabatlar «bundan keyin ham rivojlanib borishiga» ishonch bildirdi.
Suriya prezidenti Bashar Asadning Samarqanddagi SHHT sammitiga tashrifi muhokama qilinmadi, dedi O‘zbekistonning SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov. Avvalroq OAV uning sammit doirasida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.
Davlat organlarida blokcheyn texnologiyasini qo‘llash aholi turmush darajasini yaxshilash, tengsizliklarni kamaytirish va oldinga «sakrash»ga yordam beradi, deya yozadi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.
Sudyalar oliy kengashi sudyalarning sovg‘a olishini tartibga soluvchi nizomni tasdiqladi. Unga ko‘ra, sudyalar va ularning oila a’zolariga tekin xizmatlar yoki mol-mulkdan bepul foydalanish, qimmatbaho sovg‘alar olish taqiqlanadi. Nizomda ruxsat etilgan sovg‘a miqdori va javobgarlik masalasi ham belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining yangi raisi etib Amanbay Orinbayev saylandi. U avvalroq IIV rahbari va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan. Prezident u o‘z lavozimida Qoraqalpog‘iston xalqiga sidqidildan xizmat qilishi va bildirilgan ishonchni oqlashi lozimligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev ikki oy oldingi Nukus voqealari negizida aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yotganini ta’kidladi. «Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar „xalqni rozi qilish“ degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», — dedi u.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamalov betobligi tufayli va o‘z murojaatiga asosan lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga sobiq ichki ishlar vaziri Amanbay Orinbayev nomzodi taklif etildi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sessiyasida ishtirok etish uchun Nukusga uchib ketdi.
O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmanov egalladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting