O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida yuzaga kelgan harbiy to‘qnashuv bartaraf etilganini olqishladi. Shuningdek, tomonlarni mavjud muammolarni tinchlik muzokaralari va maslahatlashuvlar doirasida hal etishga chaqirdi.
Tanzila Narbayeva daraxtlar kesilishi, talabalar yotoqxonasi, poytaxtdagi tirbandliklar kabi muammolar tarmoqlarga chiqqanidan keyingina, hukumat harakatga tushishini tanqid qildi va prezidentning o‘zi yechim topib berayotganini aytdi. «Hammasini davlat rahbariga tashlab qo‘yish kerak emas», — dedi Senat raisi.
Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev SHHTning asosiy kuchi uning qandaydir blok yoki yopiq tuzilma bo‘lishdan yiroqligida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand sammiti tashkilot xalqaro o‘zaro tushunish, ishonch va hamkorlik barpo etish uchun platforma ekanini isbotlashi kerak.
Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitida tashkilotga muloqot bo‘yicha oltita yangi hamkorni qabul qilish to‘g‘risidagi qaror ma’qullanishi kutilmoqda, ulardan to‘rttasi arab davlati hisoblanadi.
Senatorlar yalpi majlisda tashqi mehnat migratsiyasiga oid qonunni rad etdi. Unda migrantlar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qatorida bo‘lishi va ularni soliqqa tortish qayd etilgandi. Qonunning biror moddasida esa fuqarolarni kasb yoki chet tillariga o‘qitish kiritilmagan, deya qayd etdi Senat.
Adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikramov Gulnora Karimovaning advokatlari sudda g‘alaba qozongani va $303 mlnlik mablag‘ni qaytarib olishi mumkinligiga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud hali yakuniga yetmadi va O‘zbekiston tomoni Shveysariya organlari bilan tegishli choralarni ko‘rmoqda.
Qozog‘iston parlamenti deputatlari poytaxt nomini Nursultondan Ostonaga o‘zgartirishni taklif qilishdi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev shaharni avvalgi nomiga qaytarishni qo‘llab-quvvatladi. Endilikda konstitutsiyaviy qonun loyihasiga o‘zgartirish kiritiladi.
13 sentabrga o‘tar kechasi Ozarbayjon-Armaniston chegarasida harbiy to‘qnashuv yuz berdi. Tomonlar o‘q otishni boshlaganlikda bir-birini aybladi. Ikki davlat harbiy xizmatchilari orasida qurbonlar mavjud.
Shveysariya sudi Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklarining $336 mln mablag‘larini musodara qildi. Qo‘shimcha $350 mln mablag‘larni musodara qilish masalasi ko‘rilmoqda. Boshqa davlatlardagi aktivlarning umumiy hajmi 14,3 trln so‘mga teng. Bu mablag‘larga 1400 tadan ortiq maktab qursa bo‘ladi.
Ukraina qo‘shinlari qarshi hujum boshlanganidan beri Rossiya bosib olgan 70 km gacha ichkaridagi pozitsiyalarga siljishga muvaffaq bo‘ldi va rus qo‘shinlari aprel oyidan beri egallagan 3000 kv kmdan ko‘proq maydonni qaytarib oldi, deyiladi ISW hisobotida. Urush 2023 yilgacha davom etishi mumkinligi aytilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti shu hafta SHHT sammiti doirasida Samarqandda XXR raisi Si Szinpin, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ular o‘zaro hamkorlikdan tashqari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadi.
Shu hafta Samarqandda o‘tadigan SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda, dedi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov. Ular qatoridan Eronni tashkilotga kiritish uchun majburiyatlari, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkorlari a’zoligini kengaytirishga oid hujjatlar o‘rin olgan.
Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya qiroli Charlz III`ga taxtga o‘tirgani munosabati bilan tabrik yo‘llab, do‘st Birlashgan Qirollik xalqiga tinchlik-osoyishtalik, davomiy ravnaq tiladi.
O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonni “ShHT makonining ajralmas qismi” deb atadi. “Unga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zish, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashish va shu orqali ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratish — bizning ma’naviy burchimizdir”, — dedi u.
O‘zbekiston prezidenti ShHTni “madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma”, deb atadi. Shu sababli tashkilotga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni ortib bormoqda, dedi u.
Shavkat Mirziyoyev SHHTning Samarqanddagi sammiti arafasida e’lon qilingan maqolasida xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini ta’kidladi. U «global darajada ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotganini» — asosiy sabablardan biri sifatida qayd etdi.
O‘zbekiston Afg‘onistonga 58 tonnalik zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat navbatdagi insonparvarlik yordamini yubordi. Yuklar Balx viloyati shimolidagi Kaldor tumaniga yetkazib berildi. Surxondaryo hokimligiga ko‘ra, bu galgi yordam og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarga tarqatildi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoq davlatlari parlamentlarining ayol rahbarlari sammiti yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Sammit COVID-19 pandemiyasi oqibatlari, gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqlarini parlamentar darajada belgilash maqsadida o‘tkazildi.
Strategik rivojlanish agentligi negizida prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashkil etildi. Agentlik alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish takliflarini ishlab chiqadi va uning bajarilishini nazorat qiladi. Uning bosh direktori va o‘rinbosarlari prezident tomonidan tayinlanadi.
Vladimir Norov tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. U 27 apreldan buyon tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting