Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot davomida Rossiya vaksinasidan foydalanish masalasida fikr almashishdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda O‘zbekiston raisligidagi MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalasini muhokama qildi. Ushbu sammit shu yili dekabrda videoanjuman sifatida o‘tishi kutilmoqda. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari pandemiya tufayli yuzaga kelgan global inqiroz sharoitida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar barqaror rivojlanayotganini qayd etishdi.
O‘zbekiston bosh vaziri SHHTga a’zo davlatlar hukumatlar rahbarlari kengashining onlayn uchrashuvida biznes hamkorlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvini faollashtirishga sharoit yaratish maqsadida SHHT davlatlari o‘rtasida parvozlarni bosqichma-bosqich qayta tiklashga chaqirdi.
O‘tgan 10 oyda Xalq qabulxonalariga jamoat transporti bo‘yicha 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha kuniga qariyb 20 mln yo‘lovchidan bor-yo‘g‘i 4,4 mlni yoki 22 foizi jamoat transportidan foydalanmoqda. 1,2 mingta qishloq tuman markazigacha bo‘lgan yo‘nalishda jamoat transporti bilan qamrab olinmagan. Prezident mazkur muammolarni tizimli hal etish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat bilan pedagog xodimlar besh yil oldin imtiyozli pensiyaga chiqishi mumkin etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, ularga 15 foizdan 40 foizgacha ko‘p yillik xizmatlari uchun ustamalar to‘lash ko‘zda tutilgan. Qolaversa, o‘qituvchilarni yuqumli kasalliklarga qarshi bepul emlash belgilanishi mumkin.
Bosh prokuratura hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qilmoqda. Qonun qabul qilinsa, bunday qilmishni sodir etganlar va jarayonni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganlar 1 yilgacha muddatga qamalishi mumkin.
AOKA Kun.uz ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilarining turli sharhlari, haqoratli fikrlari va chaqiriqlari jamoatchilik fikri sifatida taqdim etilgani, «Gazeta.uz», Daryo.uz va boshqalar esa koronavirus bemorlari statistikasi shubha ostiga olingani va rasmiy izohlar taqdim etilmagani uchun ogohlantirilganini ma’lum qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov davlat xizmatchilarining xizmat mashinalaridan shaxsiy va oilaviy maqsadlarda foydalanishi odatiy holga aylanganini ta’kidladi. U hokimlar tomonidan byudjet mablag‘lari hisobidan qimmat mashinalarni sotib olish holatlari oz emas, o‘nlab yuz berganini ma’lum qildi.
Energetika vaziri Alisher Sultonov ta’kidlashicha, O‘zbekiston hech qachon “Lukoyl"dan qarz bo‘lmagan. U qarzdor “O‘zbekneftegaz” bo‘lganini, hozirgi paytda “O‘ztransgaz” gaz olganini aytdi. “O‘shaning uchun bu ikkita xo‘jalik subyektlari o‘rtasidagi munosabat” — dedi vazir. Uning o‘rinbosari Behzot Normatov O‘zbekiston “Lukoyl” loyihalarida qancha daromad qilganini ma’lum qildi.
Qonunchilik palatasi deputatlari birinchi o‘qishda qabul qilgan 2021-yilgi davlat byudjeti bilan Vazirlar Mahkamasiga berilayotgan vakolat qonunga zid bo‘lib chiqmoqda. Hisob palatasi yangi qonun loyihasi Byudjet kodeksiga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini qayd etdi.
Navoiy viloyati prokurori lavozimida ishlagan Shoxrux Aminov Sirdaryo viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi.
Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlar muammolarini hal qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘ygan Buxoro, Jondor va Sirdaryo tuman hokimlarini lavozimidan ozod etish masalasi ko‘tarildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z shtabiga hukumatni topshirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi. GSA rahbari Emili Myorfi Jo Bayden shtabiga AQSH ma’muriyati uning g‘alabasini tan olishga tayyor ekanligini anglatuvchi murojaat yubordi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tirbandlik kuzatilayotgan ko‘p qatorli yo‘llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko‘chalarda parkomatlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yo‘lakchalarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Turkistonga tashrif buyurib, Qozog‘iston hukumat rahbari Asqar Mamin bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda O‘zbekiston — AQSH siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundida ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida Strategik sheriklik muloqotiga aylantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Toshkentning Chilonzor tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqildi. Prezidentning tumanga tashrifi chog‘ida mazkur dastur muhokama qilindi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, yo‘l va kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, tibbiyot va ta’lim sohalarida yangi islohotlarni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
DXXda mas’ul lavozimlarda ishlab kelayotgan Alijon Abdullayev Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimga tayinlandi.
Sirdaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Jonibek Yariyev Mirzaobod tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.
Senat navbatdagi yalpi majlisda nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasi bo‘yicha hukumatga so‘rov yubormoqchi. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi qarori qabul qilinganiga 17 yil to‘ldi. Senat raisi dispanserlar haqida, — «Hisobda turmasa, kasalmas deb yozib beradi», — degan edi. Tizimni monitoring qiluvchi yagona tashkilotni belgilash taklif etilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting