15-maydan boshlab mahalliy aviaqatnovlar terminalining kirish yo‘lagiga o‘rnatilgan yo‘l kameralari ishga tushadi. Kirish yo‘lagida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan oshiq turgan haydovchilar avtomatik ravishda jarimaga tortiladi. Jarimalar avtomatik tarzda transport egasiga yuboriladi.
IT Park University Solution Architecture va Cloud and DevOps kabi yo‘nalishlarda bir yarim yillik magistrlik dasturini taklif etadi. Istovchilar 9-sentabrgacha hujjatlarini topshirishi mumkin.
Chortoq tumanidagi oilaviy bog‘chaning 17 nafar tarbiyalanuvchisi avval Xotira maydoniga, so‘ng qabristonga ziyorat uchun olib borildi. Bolalar bitta Damas`ga o‘tqazilgani va taqiqlansa-da, qabristonga olib borilgani uchun bog‘cha rahbari “jiddiy ogohlantirildi”.
Zangiota tumanidagi xonadonlarning birida 2 yoshli bola 5 metr chuqurlikdagi hojatxonaga tushib ketdi. Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari uni pastdan sog‘ holatda olib chiqdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq”ni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Unda restoran, xonadonlarda “Bitiruv oqshomi”ni o‘tkazish, sovg‘aga pul yig‘ish, bayramga qimmat kiyim sotib olish, yengil mashinalarda sayr, guruh bo‘lib bog‘ va suzish joylariga borish taqiqlanadi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida KamAZ haydovchisi 6 yoshli bolani urib yubordi. Oqibatda bola shifoxonada vafot etdi. “Kenja farzandim edi, bog‘chada ham juda dono edi. Hech kimning boshiga bu tashvish tushmasin”, — deydi marhumning otasi.
Yakkasaroy tumanida Matiz (taksi), Lacetti, Spark va Isuzu to‘qnashdi. Oqibatda Matiz ag‘darilib ketdi, 2 kishi jarohat oldi.
Mehnat qonunchiligini buzgan amaldorlar, “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilari uchun 75,6 mlrd so‘m, 15 ta hududda tashkil etiladigan IT-shaharchalar, uzoq muzokaralardan so‘ng yana Janubiy Koreyaga boradigan o‘zbekistonlik migrantlar va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida meva-sabzavotlarni saqlash muzlatgichidagi xatolik sabab korxonaning 716 mln so‘mlik elektr energiyasi iste’moli hisobga olinmagani ma’lum bo‘ldi. Qoidabuzarga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli organlarga taqdim etildi.
“Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish natijasida qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak, degan stereotiplarga barham berilmoqda”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva Samarqanddagi Osiyo xotin-qizlari forumida. Uning ta’kidlashicha, qizlar ilg‘or sohalarga faol kirib kelmoqda.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida bir nechta fuqarolar o‘zaro til biriktirib, 19 kishi nomiga avtokredit rasmiylashtirgani, ammo ularga mashina olib bermay, 6,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
14-may kuni xristianlik dinining ota-onalarni xotirlash tadbirlari o‘tkazilishi sabab Toshkent shahridagi 3-sonli qabriston tomon 2 ta bir kunlik avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi. Bu uchun 8 ta MAN avtobuslari ajratiladi, ular 7:00 dan 18:00 gacha harakatlanadi, yo‘lkira haqi — 5 ming so‘m.
Hozirda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga 37 ta yo‘nalish bo‘yicha 196 ta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan va yil boshidan buyon 173 ming yo‘lovchi tashilgan. Transport vazirligi yil oxirigacha yana 10 ta yangi xalqaro avtobus yo‘nalishi ochilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Janubiy Koreya hukumati bilan uzoq muzokaralar o‘tkazib, o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 2021-yilda Koreya ko‘plab fuqarolar mehnat shartnomalarini buzgani va belgilangan muddatda mamlakatni tark etmagani uchun ishga qabul qilishni to‘xtatgandi.
Jurabek Laboratories “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni 3 yil ichida to‘lab berishga tayyorligini bildirdi. Buning evaziga Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyevni ozodlikka chiqarishni so‘ramoqda.
1−2-iyun kunlari Zomin milliy tabiat bog‘ida Zaamin Ultra 2024 xalqaro ultramarafoni bo‘lib o‘tadi. Yugurish masofalari 2, 10, 21 va 50 kilometrni tashkil qiladi.
Yil boshidan buyon Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 13,3 mingdan ortiq mehnat qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan. Asosan maktab va bog‘chalarda huquqbuzarliklar soni ortgan. Qariyb 2700 nafar mansabdor shaxs jarimaga tortilgan, shundan 166 ta ish huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Chilonzor tumanida BYD Han avtomashinasini guvohnomasiz boshqargan 22 yoshli haydovchi YPX inspektorini qasddan urib yubordi. Xodim ikkala son suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi.
Sherobod tumanida Tracker haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi yuk mashinasiga urildi. Oqibatda 59 yoshli haydovchi va 4 nafar yo‘lovchi ayol voqea joyida vafot etdi. Tarmoqlarda YTHga yo‘ldagi chuqurlik sabab bo‘lgani aytilmoqda.
13-may soat 11:44 da Qirg‘izistonda magnitudasi 3,9 ga teng bo‘lgan zilzila yuz berdi. Yer silkinishi kuchi Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on va Kosonsoy tumanlarida ham sezildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting