O‘zbekistonda endi transport vositasini keskin boshqarish, ya’ni drift qilish va “shaxmat” shaklida harakatlanish uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bundan tashqari, transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda.
Olmaliq shahrida yashagan 51 yoshli ayol o‘tkir is gazidan zaharlanish ortidan yuzaga kelgan o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi. Prokuratura tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Senat bir yildan ko‘proq muddatdan so‘ng huquq-tartibot xodimlari videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatishni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. Tegishli modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar 10 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan jazolanishi mumkin.
Poytaxtning Shayxontohur tumanidagi maktabda o‘quvchi ikki qiz sil kasaliga chalingani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uch o‘quvchi va bir o‘qituvchida kasallikka moyillik aniqlangani sababli profilaktik davo muolajalari boshlangan.
Dam olish kunlari sovuq havo massalari chekina boshlaydi. Havo harorati kechasi −7…+3 darajagacha, kunduzi +7…+14 darajagacha ko‘tariladi. Joylarda tuman tushishi mumkin.
Prezidentning 2025-yilda mahallalarda xavfsiz muhit yaratish to‘g‘risidagi qaroriga asosan ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tarkibida migratsion profilaktika tuzilmalari tashkil etilmoqda.
23-yanvardan boshlab Janubiy Koreyaning Hyundai brendining yangilangan avtomobillarini yillik 14%dan boshlanadigan stavka bilan kreditga sotib olish mumkin.
Qarshi shahrida fuqaro davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan novvot ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan va 232 mln 848 ming so‘mlik gazdan o‘g‘rincha foydalangan. Sud hukmi bilan unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Yunusobod tumanida Nexia, Lacetti va Spark avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. YHXB holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.
Senatda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, davlat zaxirasi, bozor mexanizmlari, iste’molchi huquqlari va davlat organlari vakolatlarini belgilaydi.
Do‘stlik tumanida fuqaro 13 tup tut daraxtini noqonuniy kesgani aniqlandi. Buning oqibatida o‘simlik dunyosiga 738 mln 750 ming so‘m zarar yetdi. Hujjatlar prokuraturaga yuborildi.
Buxoro viloyati perinatal markazida 33 yoshli ayol farzand dunyoga keltirayotgan vaqtda vafot etdi. U kasalxonaga tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi, qog‘onoq suvlari ketishi va umumiy holsizlik holatida olib kelingan. Ikki nafar mas’ul shifokor boshqa bo‘limga rotatsiya qilingan.
Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov tanishini haqorat qilgani uchun javobgarlikka tortildi. Jabrlanuvchi taniqli aktyor bilan suhbatini diktofonga yozib olgan va uni IIBga bergan. Sud tomonidan Matyoqub Matchonovga 1 mln 125 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarini bog‘laydigan elektrlashtirilgan temiryo‘l qurilishi boshlandi. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrdan iborat bo‘ladi.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti Toshkentda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ozarbayjonlik aka-ukalardan pul talab qilib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.
Yozda Uchtepa tumanida 6 yoshli bola usti ochiq qoldirilgan issiq suv qudug‘iga tushib ketib halok bo‘lgandi. Quvurda ta’mirlash ishlarini olib borgan 32 yoshli ta’mirlash montajchisi uni ochiq qoldirib, atrofiga to‘siq o‘rnatmagani aniqlandi. Sud unga 2 yil 6 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Qarshi shahridagi 23-maktab direktori o‘qituvchilarga o‘quvchilar formasi uchun pul yig‘ishga ko‘rsatma berdi. “Nimchasi bo‘lmasa, darvozadan chiqarib yuboraman, menga formasiz o‘quvchi kerak emas”, — dedi u. Maktab ta’limi boshqarmasi direktor jarimaga tortilgani va bunday holatni keskin qoralashini bildirdi.
Bo‘stonliq tumanida “Chinorkent” temiryo‘l bekati 22-yanvar kuni foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan Toshkentdan Xo‘jakentgacha bo‘lgan elektropoyezd qatnovi 1,5 km masofaga — Chorvoq shaharchasida yaqinida joylashgan “Chinorkent” bekatigacha uzaytirildi.
Buxoro viloyati Jondor tumanida 4 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Zilzila epitsentri Toshkentdan 526 km uzoqda joylashgan.
To‘rtinchi bor viloyat hokimi bo‘lgan Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida besh yillik harbiy sheriklik dasturi, paxtani birja orqali sotishning yangi mexanizmi, bo‘lib to‘lash bozorini tartibga solishni o‘ylayotgan Markaziy bank va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting