Toshkentda 115-sonli avtobusning 32 yoshli konduktori 9 yoshli qizga shilqimlik qildi. U qizning qo‘lidan ushlab, bir o‘pishni so‘ragan. Sud erkakka nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Toshkent xalqaro aeroportiga Jasur Po‘latov direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U bunga qadar Buxoro aeroporti direktori vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi bo‘lib ishlagan.
O‘zbekistonda dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat ko‘tarilib, shanba kuni +17…+20, yakshanba kuni +20…+23 darajagacha isiydi. Ba’zi joylarda shamol kuchayishi mumkin.
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida qariyb 1000 gektar maydonda tokzor barpo etilgan. Undan yer uchastkalarini olgan ayrim aholi suv muammosi va ko‘chatlar qurib ketayotganidan shikoyat qildi. Mas’ullar muammolarda fermerlarning o‘zlarini ayblamoqda.
Farg‘onaning Bag‘dod tumanida pedagogika kolleji direktorini 2024-yilgi gazeta va jurnallar obuna rejasini bajarolmagani uchun kaltaklagan hokim o‘rinbosariga hayfsan berildi. Avvalroq Oliy ta’lim vazirligi holatni qoralagandi. Prokuratura surishtiruv ishlarini boshlagan.
Zomin tumani va Jizzax shahri o‘rtasida Howo yuk mashinasi temiryo‘l ko‘prigi ostidan o‘tayotganda uning bir qismini shikastladi. Ta’mirlash ishlari yakunlangunicha ko‘prik bir muddatga yopildi. Hozirda poyezdlar ushbu yo‘nalishda harakatini davom ettirmoqda.
Ta’mirlash ishlari sabab poytaxtdagi Abdulla Qodiriy ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati qisman cheklandi. Bunda yo‘lning bir tarafi yopilib, ikkinchi qismida ikki tomonlama harakat yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori Muhammadolim Muhammadsiddiqov Musulmonlar idorasi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Yangi lavozimda u egallab turgan vazifasidan ajralmagan holda faoliyat boshlaydi.
Toshkent shahrida yuqumli kasalliklar ko‘paygani haqidagi xabarlar ortidan SSV rahbari shifoxonalar yuklamasini tezda kamaytirish, “Zangiota-1” shifoxonasida bolalar uchun zaxira o‘rinlar sonini ko‘paytirish, qo‘shimcha transport ajratish, shuningdek, kasalxonaga yotqizishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Asl Baraka brendi kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy asbob-uskunalarda amalga oshirilishi hamda har bir assortimentga o‘zgacha yondashuvi haqida videorolikni taqdim etdi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan endi avtomobilni boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani elektron shaklda my.gov.uz orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Asialuxe Travel milliy turoperatori Pxuketga turlar sotuvi boshlanganini e’lon qildi. Kompaniya 9 mln so‘mdan hamyonbop sayohatlarni taklif etmoqda, orolga birinchi reys esa 1-dekabrga rejalashtirilgan.
23-noyabrdan Toshkentdan Xo‘jakentga va teskari yo‘nalishda elektropoyezdlar harakati qisman tiklandi — ertalab va kechqurun bittadan reys amalga oshiriladi.
Surxondaryo viloyatida 23-noyabr tongidan buyon 3 marta zilzila qayd etildi. Har uchala silkinish epitsentri Qumqo‘rg‘on tumaniga to‘g‘ri keldi. Zilzila bu tumanga yaqin hududlarda 2−3 balli darajada sezildi.
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar dori vositalarining klinik sinovlarida ixtiyoriy ravishda ishtirok etishlari mumkin bo‘ldi. Tadqiqot rahbari qatnashuvchiga sinovning ehtimoliy xavfi haqida batafsil tushuntirish berishi shart.
Poytaxtdagi gul do‘konlarining birida 9 yoshda ekani aytilayotgan qizni mast onasi kaltakladi. Holatni bolalar ombudsmani o‘rganmoqda. “Qizcha voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy himoya ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Ayolni onalik huquqidan mahrum qilish masalasi ko‘rilmoqda”, deyiladi ombudsman xabarida.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Chilonzor Oqtepa” yodgorligi atrofida qurilish bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Shayxontohur tumani hokimligi u yerda avtoservis qurish uchun ruxsatnoma berilganini ta’kidladi. Madaniy meros agentligi esa yodgorlik atrofi 3D panjara bilan o‘ralayotganini ma’lum qildi.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 15-noyabrda bo‘lgan sudda Farmagentlikning sudlanayotgan sobiq rahbari Sardor Kariyev o‘zining sobiq o‘rinbosariga: “Sen iflosni deb shu yerda o‘tiribman!”, dedi. Qizi vafot etgan jabrlanuvchilardan biri esa hech kimga da’vosi yo‘qligini va uni ortiq bezovta qilmasliklarini so‘radi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov deputatlarga energetika inqirozining oldini olish uchun Toshkentda qishga tayyorgarlik qanday ketayotganini so‘zlab berdi. Shu maqsadda qozonxonalar ta’mirlanib, yangi podstansiya va elektr liniyalari qurildi, mazut zaxiralari yaratildi va boshqa ishlar bajarildi, dedi u.
Milliy gvardiya xodimlariga rezina tayoqlar bilan bir qatorda maxsus tayoqlardan ham foydalanishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Teleskopik tayoqlar, loyihada tushuntirilishicha, sovuq qurolli hujumni bartaraf etish va faol qarshilik ko‘rsatgan tartibbuzarlarni bo‘ysundirishda qo‘l keladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting