Prezident maslahatchisi G‘.Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat ishchi guruhi 920 ta xonadon va 15 ta ijtimoiy soha obyektini o‘rgandi. Ularda aniqlangan 547 ta masalaning 76 tasi (13,8 foizi) hal qilindi, 471 ta masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Nukus voqealari bo‘yicha sud jarayonining uchinchi kuni. Sudlanuvchilarning deyarli barchasi iyul boshida bo‘lgan voqelarda Dauletmurat Tajimuratov aybdorligi, uning video murojaatlari odamlarni ko‘chaga chiqarganini ta’kidlashmoqda. «Gazeta.uz» sud jarayonidan fotoreportaj tayyorladi.
O‘monning Salam Air aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Endilikda Maskat — Tashkent — Maskat va Maskat — Namangan — Maskat yo‘nalishlarida muntazam reyslar amalga oshiriladi.
30 noyabr kuni soat 00:50 larda Olmazor tumani IIO profilaktika inspektori tezkor chaqiruv bo‘yicha «G‘alaba» mahallasida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida o‘ldirib ketildi. Qotillikda gumonlanayotgan fuqaro muqaddam sudlangan bo‘lib, xodimga tajovuz qilgach, voqea joyidan qochib ketgan.
1 dekabrdan O‘zbekiston hududiga sovuq havo massasi kirib keladi, deya ogohlantirdi O‘zgidromet. Dam olish kunlarida havo harorati kechasi −4…−7 darajagacha, kunduzi 0…+3 darajagacha pasayadi.
Samarqandda fuqaroni 25 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. U hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oldindan 10 ming dollar olayotganda paytda DXX va IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentdagi Maxsuslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi binolarida isitish tizimining butunlay yaroqsiz holga kelib qolgani va xonalar ta’mirtalab ahvolda bo‘lgani sababli 2-son Zangiota kasalxonasiga ko‘chiriladi. Faoliyati to‘xtatilgan obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Farg‘onadagi qo‘shni davlatga chegaradosh mahallalarning birida yashovchi shaxsga tegishli 2 ta yog‘och qutida 32 bosh olmaxon saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Noqulay sharoitlar sabab 2 ta olmaxon nobud bo‘lgan. Jonivorlarning dastlabki qiymati 30 mln so‘mga baholandi. Hozirda ular Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirildi.
Toshkent-O‘sh-Andijon yo‘lida Isuzu avtobusi va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 nafardan 4 nafarga yetdi. 33 kishi shifoxonalarda qolmoqda, ulardan 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, 5 nafarining ahvoli og‘ir.
Nukus voqeasi bo‘yicha sud tafsilotlari: Tajimuratovga qarshi ko‘rsatuv bergan Turdanov, O‘zbekiston-Ukraina o‘rtasida biznes uchun imtiyozlar, «KamAZ» urib ketgan 9 yoshli qiz vafoti, 10 oyda «avariyada» halok bo‘lgan 226 nafar bola, jarima balini hisoblash tizimi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Hukumat qarori bilan barcha attraksionlarda nosozliklar haqida ogohlantirish signalizatsiyasi va tegishli vositalar o‘rnatilishi belgilandi. Shuningdek, attraksionga kirish joyi oldida foydalanishga oid cheklovlar ma’lumoti, so‘nggi ko‘rik sanasi va keyingi tekshiruv vaqti ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklardan so‘ng 516 kishi qo‘lga olingan edi. Mustaqil komissiyaning ma’lum qilishicha, ularning 100 dan ortig‘i jamoat kafilligi asosida va qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga almashtirilishi natijasida oilasiga bag‘riga qaytarilgan, qolganlari esa ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Sharof Rashidov tumanida o‘g‘il otasining mol-mulkni noto‘g‘ri taqsimlaganidan norozi bo‘lib, otxonasini yoqib yubordi. Oqibatda 102 mln so‘mlik 17 bosh toychoq va 145 mln so‘mlik beda g‘arami hamda otxonaning tom qismi yonib ketdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda 2022 yil yanvar-oktabr oylarida yuz bergan 7636 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1931 kishi halok bo‘ldi, ularning 226 nafari — bolalar. Avvalroq SSV O‘zbekistonda YTHlar oqibatida 5−14 yoshli bolalar o‘limi darajasi Yevropa mamlakatlariga qaraganda 4 baravar yuqoriligini ma’lum qilgan edi
1-dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash test rejimida ishga tushiriladi. Test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ballar hisobga olinmaydi.
O‘zbekistonda dushanba kuni 131 kishining koronavirusga qarshi topshirgan testi musbat natijani qayd etdi (bir kun avval 137 kishi). Kasallanishlarning aksariyati Toshkent shahrida ekani ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtning 12 ta tumanidagi ko‘p qavatli uylar hududida 170 ta mini-poliklinika tashkil etiladi. SSV bu aholini oddiy ko‘riklar uchun ham poliklinikaga qatnash ovoragarchiligidan xalos qilishini ta’kidlamoqda. Loyiha natijalari tahlil qilingach, 6 oydan so‘ng boshqa hududlarga tatbiq etiladi.
Ko‘chmas mulkka doir yangi qonun bilan yer uchastkasi, bino, inshoot va qurilish jarayonidagi obyektlar, shuningdek, ko‘p yillik daraxtlar va mulkiy majmua sifatidagi korxonalarga 13 turdagi huquqlar yoki cheklovlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilandi. Qonun e’lon qilingandan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Qamashi tumanida «KamAZ» piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 2013 yilda tug‘ilgan qizni urib ketdi. Jabrlanuvchi og‘ir jarohat olib vafot etdi.
Ayni vaqtda Buxoro viloyati sudida ayblanuvchilar Nukus voqeasi bo‘yicha o‘z fikrini bildirmoqda. Birinchi bo‘lib so‘zga chiqqan Azamat Turdanov Dauletmurat Tajimuratov bilan tortishib qoldi va unga qarshi ko‘rsatuv berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting