Hukumat qarori bilan 2021 yil yakunigacha barcha IIO tayanch punktlari, MFY, jazoni ijro etish muassasalari, profilaktika inspektorlari xonalari, xalq ta’limi muassasalari, davlat arxivlari va tashkilotlari internetga keng polosali ulanadi. 2022 yil 1 yanvardan ma’muriy binolar va ko‘p kvartirali uylarni kamida 1 Gbit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan ulash ko‘zda tutilmoqda.
Mehnat vazirligi ish beruvchilarga vaksina olmagan xodimlarini ishdan chetlashtirish tartibini tushuntirdi. Unga ko‘ra, xodimdan emlashni rad etish bo‘yicha yozma ariza olinadi. Agar u yozma ariza berishdan bosh tortsa, dalolatnoma tuziladi. Sog‘lig‘i holatiga ko‘ra emlanmaydiganlar masofaviy ish rejimiga o‘tkazilishi mumkin.
Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik vaksinalar ombori ochildi. U turlicha saqlash harorati bilan barcha turdagi vaksinalarni saqlashi mumkin. Ombor UNICEF ko‘magida qurilib, Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirildi.
Toshkent metropolitenining Chilonzor liniyasini «Buyuk ipak yo‘li» bekatidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yoki Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi orqali TTZgacha uzaytirish rejalashtirilgan. Qurilishning birinchi varianti 220 mln dollardan ortiq baholanmoqda. Shuningdek, halqali metropolitenning ikkinchi bosqichi qurilishida «muammoli» qismidan o‘tish variantlari ham muhokama qilinmoqda. Yo‘l o‘tkazgichni qurish uchun 132 ta binoni buzish va 300 dan ortiq daraxtni kesish talab etiladi. Yer osti liniyasi zarari kamroq, ammo u ko‘proq xarajat talab etadi. Tramvay esa «taqiqlangan» mavzu bo‘lib qolmoqda.
Pishloq va ko‘katli, go‘shtli, tvorogli va shokoladli — Zira.uz turli usulda pishiriladigan quymoqlar retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
Yangi qabul qilingan qarorlar, Oliy Majlis Senatining 21 yalpi majlisi, Inkuzart`ning yangi graffitisi yana bo‘yab tashlanishi — “Gazeta.uz"ning 19 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 90 yilligini nishonlash uchun 300 ming dollar ajratilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berildi. Universitet matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga yubileyni nishonlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida ajratilayotgan 2,25 mlrd so‘mning nimalarga yo‘naltirilishini ma’lum qildi.
Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi 2021 yilda qariyb 7,6 mlrd dollarni yoki mamlakat YAIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Global makroiqtisodiy prognozlarga muvofiq, 2022 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 2,6 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Maktab bitiruvchilarining shahodatnomasidagi 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari OTMga kirishdagi balga qo‘shiladi. Baholar elektron platformalar orqali hisoblanadi. Maksimal ball 100 foiz deb olinadi va ballar baho tizimiga o‘tkaziladi.
«Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatdan ajratib qo‘yish amaliyotiga chek qo‘yish va bu boradagi ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. UNICEF`ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan stigma va diskriminatsiyaga barham berish bo‘yicha umummilliy kampaniya boshlanishi e’lon qilindi.
Strit-art rassomi Inkuzart benzin narxi oshishiga ishora qilib, «O‘zbekneftgaz» yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonidagi devorda yangi graffiti chizdi. Bir necha soatdan keyin rasm bo‘yab tashlandi.
Bosh prokuratura hay’at yig‘ilishida 18 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi. Ushbu xodimlar faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgani uchun jazolangan.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, sotuvchiga to‘lov shakliga qarab tovarlarga turli narxlar belgilash taqiqlanadi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ushbu sohadagi vakolatli davlat organi sifatidagi vakolatlari qonun hujjatlarida mustahkamlanmoqda.
Yoshlar, Navo va Kinoteatr telekanallari ixtisoslashtirilgan reklama xususiyatiga ega bo‘lgan kanal sifatida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berildi.
Senat mashina boshqarayotganda bluetooth va qo‘lni band qilmaydigan boshqa uskunalar orqali telefonda suhbatlashishga ruxsat beruvchi qonunni ma’qulladi. Pasport (ID-kartalar) bo‘lgan taqdirda, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi va texpasportni olib yurish shart bo‘lmaydi. Monitor uchun jarima bekor qilinmoqda, sug‘urta polisi yo‘qligi uchun jarima pasaytiriladi. Qonun prezident tomonidan imzolanishi lozim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev deputat ayol Feruza Babasheva atrofida bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi. U ayolning bir erkak bilan birgalikdagi fotosuratlari va videosining ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketganini keskin qoralab, «kim va nima bo‘lishidan qat’i nazar, odamni sindirish bunday usul bilan uyushtirilmasligini» ta’kidladi.
Hukumat qarori bilan Orolbo‘yida kardiologiya tibbiyot markazi tashkil etiladi. Markaz Orolbuyi mintaqasidagi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Markaz kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qo‘yish, davolash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullanadi.
YUNICYeF O‘zbekistonda ota-onalar uchun 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar salomatligi va rivojlanishining barcha jihatlari bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan ta’minlab beruvchi Bebbo mobil ilovasini ishga tushirdi. Ilovada emlashlar, tibbiy ko‘riklar va bola hayotining boshqa muhim bosqichlarini ham qayd etib borish mumkin.
Dam olish kunlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati kechasi -2 daraja sovuq, kunduz kuni +14…+17 daraja iliqgacha ko‘tariladi.
SSV ishchi guruhi tibbiyot muassasalarining ishida kamchiliklarni aniqladi: uzun navbatlar, ortiqcha qog‘ozbozliklar va sanitariya-gigiyena me’yorlariga amal qilmaslik. Vazir Behzod Musayev barcha muassasalarning sanitariya-gigiyenik holatini zudlik bilan yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting