2023-yil yakuniga qadar Toshkent shahridagi jami 250 ta tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyiga chaqiruv tugmali svetoforlar o‘rnatiladi. “Zarbdor ikki oylik” tadbiri davomida 142 ta piyodalar o‘tish joylardagi yetishmaydigan yo‘l belgilar o‘rnatilmoqda.
YUNESKO Buxoroni “Ijodkor shaharlar tarmog‘i”ga kiritdi. 2025-yilda shaharda birinchi zamonaviy dizayn va hunarmandchilik biyennalesi bo‘lib o‘tadi, unda mahalliy hunarmandlar va rassomlar xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashishlari mumkin bo‘ladi.
Abduqodir Toshqulov 2021-yilgacha rektorlik qilgan Termiz davlat universitetiga qayta rahbar bo‘ldi. Bungacha u oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Sardor Rahimxon “Vaqf” fondi rahbari — xayriya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari etib tayinlandi.
Prezident qaroriga ko‘ra, yoshga doir pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Bunda, 2025-yil 1-martdan fuqarolarga yoshga doir pensiyalar alohida murojaat talab etmagan holda, Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli ma’lumotlariga asosan tayinlanadi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi nikohi FHDYda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosim o‘tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitish ham shunday javobgarlikni keltirib chiqaradi.
1-noyabrdan mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tarildi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlarida narxlarning tarif qismi 44 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlariniki esa 60 foizga oshirildi.
O‘zbekistonda ko‘p xotinlikni targ‘ib qilish BHMning 30 baravarigacha (9,9 mln so‘mgacha) jarima yoki 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadigan bo‘ldi. Shuningdek, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish va jamoat joylarida yuzni tanib bo‘lmas darajada berkitish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Toshkentda Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha noqonuniy mitingda qatnashgani uchun kamida uch kishi 15 sutkaga hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
1−2-noyabr kunlari Fransiya prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Tashrif tadbirlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi, unda Emmanuel Makron va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi muzokaralar hamda ikki davlat biznes-forumi o‘tkaziladi.
Yuqori Chirchiq sudi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni yollanma faoliyati uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. OAV, tergovga ko‘ra, mahkum 2014−2015-yillarda Ukrainada o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR tomonida jang qilgani haqida xabar berdi.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev Isroildagi 10,5 mingdan ziyod o‘zbekistonliklarning aksariyati keksa yoshdagilarga xizmat ko‘rsatishini va ular O‘zbekistonga qaytishni xohlamayotganini bildirdi. U fuqarolarning moddiy qiyinchiliklar sabab o‘sha sharoitda qolib ishlashga majbur bo‘layotganini aytdi.
2023-yilning uchta ajoyib ASUS noutbuklari yoqimli sovg‘a bo‘lishi mumkin.
Shu vaqtgacha Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan Sarvar Sultonov Mirzaobod tumaniga hokim etib tayinlandi.
Tarmoqlarda Bog‘ot tumanidagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini do‘pposlagani aks etgan video tarqaldi. Xorazm viloyati maktab ta’limi boshqarmasi voqeadan so‘ng o‘qituvchi ishdan olingani, bolalar ombudsmani esa o‘quvchining manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilishini bildirdi.
Toshkent viloyati hokimligi viloyat SSB boshlig‘i tibbiyot xodimlarini “o‘zbekona qadriyatlarga hurmat va ona tabiatga e’tibor nuqtai nazaridan” hasharda qatnashishga chaqirgan, deb bayonot berdi. Avvalroq viloyat hokimi hasharda qatnashish tashabbusi ijtimoiy muassasa rahbarlarining o‘zidan chiqqanini ta’kidlagan.
Poytaxtda “Diqqat piyoda” tadbiri doirasida yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tgan 6000 nafardan ortiq piyoda jarimaga tortildi, dedi Toshkent YHXB boshlig‘i Rafiqjon Jalilov. 57 nafar haydovchiga esa piyodalarga yo‘l bermagani uchun chora ko‘rilgan. Joylarda 34 ta tugmachali svetofor o‘rnatilgan.
UzPost (“O‘zbekiston pochtasi”) respublika bo‘ylab jo‘natmalarni 24 soat ichida yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Xizmat narxi 1 kg uchun 15 ming so‘mdan boshlanadi, qo‘shimcha kilogramm uchun 3 ming so‘mdan to‘lanadi. Mijozlar saytda yetkazmaning borishini kuzatishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda noyabr oyi quruq ob-havo bilan boshlanadi. Oy davomida harorat kechalari 0…+10 darajagacha, kunduzi +7…+20 darajagacha o‘zgarib turadi. Ba’zan -2 darajagacha tushishi mumkin. Yog‘ingarchilik me’yoriy, ba’zi joylarda ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda.
Buxoro shahri markazidagi binolar va stadion o‘rniga turistik markaz qurilishi loyihasi yil boshida e’tirozlar sabab to‘xtab qolgandi. Kun.uz`ning yozishicha, masala yana ko‘tarilgan, shahar hokimligi boshqa hududga ko‘chirilgan, shahar markazi “snos”ga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Hokimlik vakili buni rad etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting