AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi — USAID “Sildan xoli O‘zbekiston” 5 yillik tashabbusini boshladi. Silning oldini olish, aniqlash va davolash ishlari bo‘yicha loyihaga 18 mln dollar sarmoya kiritilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tib, Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdagi qurilish va ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Loyiha maslahatchisi ko‘prik sinovdan o‘tkazilgani va xavfsiz ekanini ta’kidladi.
Toshkent viloyati SSB boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyev viloyat rahbarlari hududlarda reyd o‘tkazayotganini aytib, uyaltirib qo‘ymaslik uchun “o‘zini erkakman degan har bir shifokor”ga hasharda qatnashishni buyurdi. U topshirig‘ini xodimlarning shartnomasida ommaviy tadbirlarda qatnashishi ko‘rsatilgani bilan izohladi.
Tarmoqlarda Andijondagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida xodim bemorni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Viloyat prokuraturasi xodimning ishdan bo‘shatilgani va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Shu vaqtgacha faqat yigitlar qabul qilingan Toshkentdagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida endi qizlar ham o‘qishi mumkin. Avvalroq uni bitirganlarga OTMga kirishda imtiyoz berilishi turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Buning ortidan uning kvotalarini alohida qilish masalasi ko‘tarilgan.
Surxondaryoning sobiq hokimi To‘ra Bobolov ortidan 13 tuman hokimi qatorida ishdan olingan, 1 yil davomida Qiziriq tumaniga rahbarlik qilgan Rustam Pardayev 4ta jinoiy modda doirasida sud qilinmoqda. Unga o‘zlashtirish, firibgarlik, mansab soxtakorligi kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Shanxaydan Frankfurtga uchayotgan Lufthansa aviakompaniyasi samolyoti ikki yo‘lovchining janjali tufayli Toshkent aeroportiga qo‘ndi.
Toshkentda Vaksina va zardoblar instituti hududida ko‘p qavatli uy va tadbirkorlik majmuasini qurishga tayyorlanayotgan kompaniya va aholi o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etmoqda. Faollardan biri mitingga chaqiriq aybi bilan javobgarlik haqida ogohlantirilgan bo‘lsa, 3 nafar fuqaro jarimaga tortilgan.
2021-yil mart oyida firibgarlikda ayblanib 8 yilga qamalgan Avto 60 oy asoschisi Jamshid Bahodirov ozodlikka chiqdi, deb yozdi Kun.uz. Oliy sudning “Gazeta.uz”ga tushuntirishicha, belgilangan muddatning uchdan bir qismini o‘tab bo‘lganidan keyin uning jazosi yengillashtirilgan.
YHXBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Jamshid Karimov Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasiga rahbar etib tayinlandi.
Samarqand transport bosh rejasiga ega bo‘lgan birinchi shaharga aylandi. Unda ustuvorlik piyodalarning qulay va xavfsiz harakatlanishiga hamda jamoat transportini rivojlantirishga berilgan. Shunga qaramay, mahalliy hokimiyat aholi va mutaxassislar fikriga zid ravishda shahar markazida uchinchi tunnelni qurmoqchi.
Hukumat O‘zbekistonga telefon olib kirish bo‘yicha cheklovlarni yumshatdi. Shu paytgacha jismoniy shaxslar har 6 oyda faqat bitta telefon olib kirgan bo‘lsa, 2024-yilning 28-yanvaridan har safar chegaradan o‘tishda 2 ta olib kirishlari mumkin, lekin ularni majburiy deklaratsiyalash lozim.
Prezident Qashqadaryo faollari bilan suhbatda har kim lavozimi va bugungi sharoitga munosib mehnat qilmasa, ancha narsadan orqada qolib ketishi haqida gapirdi. “Biz qancha ko‘p mustaqil, iqtisodimiz mustahkam bo‘lsa, biz bilan hisoblashishlariga majbur qilamiz. Nimamiz bilan? Faqat mehnatimiz bilan”, dedi u.
Qo‘qon shahrida mayning qurilmalari, sovitish va yoritkich moslamalarini elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab olgan fuqaro davlatga 2,5 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. Unga nisbatan 9,9 mlrd so‘m jarima va mayning ferma uchun 12,3 mlrd so‘m mablag‘ undirish belgilandi.
Huquq-tartibot idoralari Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun yakshanba kuni ruxsat etilmagan miting o‘tkazishni rejalashtirgan fuqarolarni javobgarlikka tortdi. Manbalarga ko‘ra, Amir Temur xiyoboniga 100 dan ortiq odam yig‘ilgan.
Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelganlarni endilikda balandligi 62 m bo‘lgan O‘zbekiston bayrog‘i kutib oladi, uning atrofida 38 ta kichikroq bayroq o‘rnatilgan. Ular shaharda o‘tkazilayotgan tadbirlar va xorijiy delegatsiyalarning tashriflariga qarab o‘zgaradi.
O‘zbekistonda shaxslar jinoyatda gumonlanib, qo‘lga olinayotganda ularning huquqlari tushuntirilyaptimi? Bloger Olimjon Haydorovga ham Miranda qoidasi o‘qib eshittirildimi? “Gazeta.uz” yangi Konstitutsiya bilan kuchga kirgan ushbu qoida amalda qanchalik ishlayotgani haqida huquq-tartibot idoralariga so‘rov yubordi.
Dushanba kuni O‘zbekistonning katta hududida havo harorati iliq bo‘ladi. Seshanba kuni yomg‘ir yog‘ib, baland tog‘larda qor ham yog‘ishi mumkin. Noyabr oyi boshidan yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Hafta yakunigacha kunlar iliq bo‘ladi. Harorat +17…+22 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Prezident Qarshi tumanidagi 12-maktabga borib, muassasa sharoitini tanqid qildi. Tashrifni yoritgan “O‘zbekiston 24” kanalida o‘qituvchilar “maoshi oshib, mavqei yuksalsa-da, maktab hovlisini gullatib, yashnatib qo‘ymagani” ta’kidlandi. Jamoatchilik pedagoglarni mehnatga majburlash taqiqlanganini eslatdi.
Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman Samarqand shahri markazida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich tunneli odamlar hayotini yomonlashtirishini ta’kidlab, uni “qarzga olingan pul evaziga boshlangan bema’ni qurilish loyihasi” deb atadi. “Gazeta.uz” avvalroq bu tunnel qurilishi shahar uchun zararli ekani haqida yozgandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting