Bosh prokuratura “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i hududidagi 39,8 gektar yerning noqonuniy ijaraga berilganini aniqladi. Ushbu hududda ijarachilar 8015 metr kvadrat maydonda butalar va o‘simlik dunyosini nobud qilib, dam olish maskani qurgan.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha Toshkentda o‘tayotgan sud majlisida sudya Muso Yusupovning ma’lum qilishicha, Samarqand viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining sobiq boshlig‘iga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va qo‘shimcha jinoyat ishi doirasida tergov qilinmoqda.
Bektemir tumanida 13-sonli elektrobus 2 yo‘nalishli yo‘lda ketayotganda harakatiga boshqa mashinalar xalaqit bergani ortidan beton ustunga urildi. 5 yo‘lovchi va haydovchi jarohat oldi. Yo‘lovchilar shifoxonaga yuborilgan. Elektrobusga texnik shikast yetdi.
O‘zbekistonning katta qismida shanba va yakshanba kunlari havo issiq bo‘ladi. Harorat 37 darajaga isishi mumkin. Ammo Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiy hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
O‘zbekistondagi 1,7 mingga yaqin mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash kerak, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 45 foizdan ortig‘i bevosita mahallalarda sodir etilgan. Co‘nggi uch yilda kiberjinoyatchilik esa qariyb 25 barobar oshgan. Bu haqda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning murojaatida aytiladi.
Hazorasp tumani obodonlashtirish bo‘limi xodimlari aholining egasiz itlar tufayli bolalari maktabga borolmayotgani bo‘yicha qilgan shikoyati sababli 13 ta egasiz va daydi itni zaharli xo‘rak yordamida o‘ldirdi.
Ortda qolgan yoz kuzatuvlar tarixidagi eng issiq fasl, avgust esa eng issiq oy bo‘ldi. Olimlar Antarktidada dengiz sathining rekord darajada yuqori harorati va dengiz muzlari darajasining pasayishini kuzatdi. “Sayyora qaynoq mavsumni boshdan kechirdi. Iqlim inqirozi boshlandi”, — deydi BMT rahbari.
Toshkent shimoliy vokzalida bir bosqichli nazorat punkti joriy etildi — hujjatlarni tekshirish va bagajni ko‘zdan kechirish endi bir joyda amalga oshiriladi.
O‘zbek milliy maqom san’ati markazi va uning hududiy bo‘limlari boshqaruv, ilmiy va ijodiy xodimlarining yangilangan oylik ish haqi miqdorlari joriy etiladi. Shuningdek, ularning xizmatiga qarab ustama to‘lovlar belgilanadi.
Samarqandda oshgan yo‘lkira, Toshkent aeroportida ushlangan 8,5 tonna narkotik, Istanbuldagi otishma oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik, Abu-Dabidan Toshkentga ekstraditsiya qilingan xalqaro qidiruvdagi 2 erkak, “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha sud tafsilotlari va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna ko‘knori olib o‘tilayotgani aniqlandi. Ular hujjatda qandolat ko‘knorisi deb ko‘rsatilgan 25 tonna urug‘ va somonlar tarkibida bo‘lgan. Bitta holatda shuncha giyohvandlik vositasining aniqlanishi bojxona tizimining 30 yillik tarixida ilk bor qayd etildi, deyiladi xabarda.
AQSh 2023-yilgi grin karta dasturini muddatidan oldin yakunlashini e’lon qildi. Mavjud bo‘lgan barcha 55 000 ta viza berib bo‘lingan. AQShning Toshkentdagi elchixonasida 3100 dan ortiq murojaatchi bilan suhbat o‘tkazilgan.
Oltiariq tumanidagi gaz “zapravka” 27 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moliga teng gazdan noqonuniy foydalanib, 5 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani aniqlandi.
8-sentabrdan Samarqandda jamoat transportida yo‘l haqi naqd va bank kartasi orqali to‘lashda 2000 so‘m, transport kartasi bilan esa 1600 so‘mgacha oshadi. Bir transportdan boshqasiga o‘tishda moslashuvchan tariflar joriy etilmoqda. Toshkentda bunday tariflarni joriy etish bahordan buyon va’da qilib kelinadi.
“Katibat ul imom al-Buxoriy” xalqaro terrorchilik tashkilotiga rahbarlik qilgan O‘zbekiston fuqarosi Suriyadagi janglarda halok bo‘ldi. U 2009−2010-yillarda Termiz shahrida “Jihodchilar jamoati”ni ham tashkil etgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi mavjud to‘rtta jamg‘arma birlashtirilib, Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
Furqat tumanida 13 yoshli yigit mashina shinalariga ziyon yetkazgani uchun qo‘shnisi tomonidan kaltaklanib, bosh, peshana, bo‘yin kabi sohalaridan jarohat oldi. Tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanuvchi sirop laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilmaganini tan oldi. Uning aytishicha, 12 yillik faoliyati davomida Dori vositalari ekspertizasi davlat markazida biror marta ham dorilar tekshirilmagan, Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar esa e’tiroz ham bildirmagan.
Katta miqdordagi firibgarlik sodir etgani uchun xalqaro qidiruvga berilgan ikki nafar erkak Abu-Dabidan Toshkentga ekstraditsiya qilindi.
O‘zbekiston va Isroil havo qatnovini amalga oshirishda aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovlarni bekor qildi. Bu bo‘yicha 1996-yilda kuchga kirgan havo transporti to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish kiritildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting