O‘zbekistonda dam olish kunlari kuzatilgan salqin ob-havo juma kungacha davom etadi. Harorat +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Hafta o‘rtasiga borib kunlar biroz isishi mumkin. Ayrim joylarda qisqa yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov “Aziya Invest Favorit” MCHJga pul to‘lab, uylarini ololmayotgan fuqarolar bilan uchrashdi. 14 marta sudlangan kompaniya rahbari Hayrulla Xatamov va uning oila a’zolariga tegishli 200 mlrd so‘mlik mulk xatlandi. Hukumat muammoni hal qilish yuzasidan o‘z taklifini bildirdi.
Yakshanba kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida yong‘in sodir bo‘ldi. Uni o‘chirish jarayonida 20 nafar fuqaro xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi. Hodisa oqibatida hech kim jarohat olmadi.
Tarmoqlarda Andijonda nogironligi bo‘lgan abituriyentni yelkasida ko‘targancha imtihon joyiga olib borgan ichki ishlar xodimi surati tarqaldi. Uni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov taqdirladi. “Andijonimizning IIB xodimi qanaqa ekanligini mana shu bolam ko‘rsatib qo‘ydi”, — dedi hokimlik rahbari.
Forish tumanidagi qishloqlardan birida bolalar bog‘chasi mudirasi mahalladoshi tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Iyun oyi boshida Misrda YTHga uchragan O‘zbekiston fuqarosi ikki oylik davolanishdan so‘ng vataniga qaytarildi. Unga O‘zbekiston elchixonasi, Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi va Uzbekistan Airways kompaniyasi tomonidan yordam ko‘rsatildi.
UzAuto Motors shartnoma tuzish qayta ochilganidan bir kun o‘tib Cobalt, Lacetti va Damas avtomashinalarining sotuvini to‘xtatdi. Ko‘pgina avtosalonlarda ushbu mashinalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun uzun navbatlar paydo bo‘ldi.
Yakshanba kuni tongda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonning 9 ta hududida sezildi. Uning kuchi 3−4 ballni tashkil etdi.
1−2-iyul kunlari sodir bo‘lgan Nukus voqealarini bartaraf etishda noqonuniy xatti-harakatlar qilgan 3 nafar ichki ishlar xodimiga sud hukmi o‘qildi. Ularning ikki nafari qiynoqqa solishda ayblanib 7 yilga, yana bir nafari o‘layotgan odamga yordam ko‘rsatmagani va yolg‘on guvohlik bergani uchun 3 yilga qamaldi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan Ibrat Farzandlari — xorijiy tillarni bepul o‘rgatishga mo‘ljallangan loyiha doirasida Ibrat Academy ilovasi ishlab chiqildi.
Bosh prokuraturaning qayd etishicha, “Yashil makon” loyihasi doirasida xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlari qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Islom dini mavzusiga ixtisoslashgan Azon.uz sayti o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda loyiha asoschisi Mubashshir Ahmad ma’lum qildi. Nashrning ijtimoiy tarmoqlardagi veb-sayti va sahifalari ochilmay qoldi. Azon TV YouTube sahifalaridan diniy videolar olib tashlandi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan FVV davlat yong‘in nazorati organlariga obyektlarda bir yilda ko‘pi bilan bir martadan tekshiruv o‘tkazish vakolati berildi. Shuningdek, 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan obyektlarda har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi.
Davr Bank kredit portfeli 25% ga, depozit portfeli esa 21% ga o‘sdi. Bank prognoz qilishicha, yil oxiriga qadar foyda taxminan 40 mln dollarni tashkil etadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi tug‘uruqxonada egizak chaqaloqlar o‘limi sabablarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, homiladorlik og‘ir asoratlar bilan kechgan, homila ichi infeksiyasi va homilaning bachadonda ko‘ndalang joylashuvi kuzatilgan.
Bahorda 2019-yilda Qibrayda 13 yoshli qiz qo‘shnisi tomonidan zo‘rlangani haqida xabar berilgan edi. Ish sudga oshirildi. Qizning AQShda yashovchi oilasi ishni sudga oshirish uchun ko‘p kuch sarfladi, qator to‘siqlar va hatto tahdidlarga duch keldi.
Urgutdagi to‘yda qatnashgan 42 nafar fuqaro mayonezli salat iste’mol qilib, zaharlandi. Salatlar to‘ydan bir kun avval tayyorlangani va muzlatgichda saqlanmagani aniqlandi.
“Do‘stlik-2” metro bekatida erkak metro yo‘liga tushib qolgan bosh kiyimni olish uchun poyezd yo‘liga tushdi. Unga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirildi.
Meksikancha burrito, lavash va pishloqdan qilingan chipslar, beyti kebab, lavash hamda malinadan rulet va boshqalar — Zira.uz lavash xamiridan tayyorlangan turli noodatiy taomlarni tayyorlab ko‘rishni taklif qiladi. Retseptlar.
Shahzoda Negmatova O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika institutining rektori etib tayinlandi. U tayinlovga qadar Samarqand davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori lavozimida faoliyat yuritgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting