OTMlarga kirish imtihonlari o‘tkazilgani sababli vaqtincha yopilgan Botanika bog‘i 26 avgustdan tashrif buyuruvchilar uchun qayta ochilganligi ma’lum bo‘ldi.
Dam olish kunlari mamlakat bo‘ylab quruq va biroz issiq ob-havo kuzatiladi, ayrim tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi joriy etilgandi. Hukumat bu bo‘yicha hujjatni tasdiqlab, o‘quvchilarni bepul ovqatlantirish tartibini belgiladi. Unga ko‘ra, taomnoma kundalik.com platformasi orqali yuritilib, maxsus komissiya tomonidan nazorat qilinadi.
Aprelda iftorlik vaqtida Madaniyat vazirligi xodimlari o‘rtasida o‘zaro janjal yuzaga kelgandi. O‘shanda ulardan biri oshxona pichog‘i bilan hamkasbini jarohatlab qo‘ygandi. Sud ayblanuvchini 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Andijonda fuqaroni 11 ming dollar evaziga Janubiy Koreyadagi kemasozlik zavodiga ishga kiritib qo‘yishga uringan shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumondorlarning aybi sudda o‘z isbotini topsa, ko‘pi bilan 3 yilgacha qamalishi mumkin.
Prezident qarori bilan xizmat vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqsiz deb topilib, rezervga bo‘shatilgan, shuningdek halok bo‘lgan harbiylarning, ularning xizmat muddatidan qat’i nazar, oila a’zolari uy-joy bilan ta’minlanishi belgilandi.
Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida Abu Rayxon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlab ulug‘ alloma nomidagi majmua barpo etiladi. Forumlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, qo‘lyozmalar va boshqa materiallarni restavratsiya qilish rejalashtirilgan.
Chorshanba kuni Buxoro viloyatining Peshku tumanida qamishzorlarga o‘t ketdi. Voqea joyiga FVVning 107 nafar qutqaruvchisi jo‘natildi. Payshanba kuni Mudofaa vazirligining vertolyoti ishga qo‘shildi. Yong‘in maydoni 100 gektarni tashkil etgan, 80 gektar maydon o‘chirilgan.
Qonunchilik palatasi nogironlik bo‘yicha pensiyani har ikki yilda bir marta qayta hisoblash hamda ish stajiga va ish haqiga qarab indeksatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. 2023 yildan boshlab 75 ming nogironning pensiyasiga o‘rtacha 300 ming so‘m qo‘shilishi kutilmoqda.
Qashqadaryoda ko‘p qavatli uylarni obodonlashtirish uchun ajratilgan 573,2 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlandi. Gumonlanuvchilar bu mablag‘ni bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali o‘zlashtirgan. Ularga nisbatan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Nukus shahrida «InnoWeek-2022» doirasida yoshlar texnoparki ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Texnoparkni tashkil etish va uni texnik ta’minlash uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi qariyb 9 mlrd so‘m yo‘naltirdi.
Xalq nazorati portali orqali Toshkent yo‘llaridagi «yamalar», ko‘p qavatli uylarda lift buzilishi, daraxtlarga zarar yetkazilishi kabi masalalar bo‘yicha murojaat qilish mumkin. «Gazeta.uz» xizmat qanday ishlashini aniqlash uchun smartfondan beshta ariza yubordi. Murojaat yo‘llash va natijalari haqida bayon etamiz.
Janubiy Koreya O‘zbekistonga yil bo‘yi qulupnay yetishtirish texnologiyalarini joriy etish uchun 3,7 mln dollar ajratadi.
Deputat va senatorlar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakillari bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish to‘siqlarini muhokama qildi. Huquqiy mexanizmlarni bolalar uchun moslashtirish va ularga nisbatan qamoq jazosini so‘nggi chora sifatida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.
Toshkentdagi «Tinchlik» metro bekati yaqinidagi issiqlik tarmog‘ida avariya sodir bo‘ldi. Oqibatda metroga tushish yo‘lagida devordan issiq suv toshib chiqishi kuzatildi. «Toshissiqquvati» matbuot xizmati suv chiqishi to‘xtatilgani va hozirda avariyani bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Yangi o‘quv yilida Kundalik uchun yillik to‘lov narxi tushirildi. Foydalanuvchilar uchun Kundalik va PRO Kundalik tarif rejalari mavjud.
Yandex Go buyurtmalar vaqtida avtoulov tezligini monitoring qilish xizmatini ishga tushirdi. Unda haydovchi belgilangan tezlikdan oshib ketsa, tizim uning ilovasi orqali bu haqda ogohlantiradi. Bir nechta ogohlantirishlardan so‘ng, haydovchining xizmat ko‘rsatish buyurtmalariga kirishi vaqtincha cheklanadi.
«Russkiy standart» banki tadqiqotida rossiyalik sayyohlar uchun MDH davlatlariga bo‘lgan qiziqish yuqoriligi qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, rossiyalik sayyoh o‘rtacha hisobda O‘zbekistonda 6,8 ming rubl (1,2 mln so‘m) sarflaydi.
Jizzax viloyatida Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Cobalt haydovchisi piyodani urib yubordi. Fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanida fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lmagan 17 sotix yer maydonini 8 ming dollarga sotishga uringanlikda ayblanmoqda. Gumonlanuvchi xaridordan 100 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting