Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib bergan prezident, talabalar onlayn oladigan to‘lov-shartnoma, bolalar uchun kelgan Pfizer vaksinasi, daraxtlari shikastlangan yangi Milliy bog‘, yangi Qishloq xo‘jaligi vaziri va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
“Zangiota-2” ixtisoslashtirilgan shifoxonasi negizida birinchi Taskin bolalar hospisi ochildi. Muassasada bedavo kasallikka chalingan bemorlarga bepul palliativ yordam ko‘rsatiladi. “Gazeta.uz” hospisning qanday ishlashi va uning ochilish tarixini hikoya qiladi.
Prezident farmonlari bilan bir guruh diplomatik missiyalar rahbarlariga oliy diplomatik martabalar berildi. Jumladan, ikki nafar diplomatga favqulodda va muxtor elchi, uch nafariga esa 2-darajali favqulodda va muxtor vakil martabasi berildi.
Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi besh yillik rekonstruksiyadan so‘ng, qayta ochilgan Milliy bog‘dagi daraxtlarga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Keyinroq esa xabar o‘chirib tashlandi.
O‘zbekistonga COVAX mexanizmi doirasida ilk bor kovidga qarshi 201 600 doza Pfizer bolalar vaksinasi keltirildi. 5−11 yosh bolalarga mo‘ljallangan vaksinalar Yevropa Ittifoqi va Shvetsiya hukumatining xayriyasi hisoblanadi.
Oliy ta’lim vazirligi pedagoglarni tayyorlovchi xorijiy OTMlarda o‘qiyotgan ayrim talabalarning to‘lov-kontrakt pulini davlat tomonidan to‘lab berishni taklif qildi. Buning uchun ikki bosqichli tanlov o‘tkaziladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tgan talaba o‘qishni tamomlagach, kamida 3 yil ishlab berishi kerak bo‘ladi.
Urganchda Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuasi ochildi. 25 mertrlik haykalda sarkarda «tulpor jilovini mahkam tutib, yurt himoyasiga otlanib turgani tasvirlangan». Uning oldida Qur’oni karim oyatlari, sarkardaning shajarasi yozilgan, og‘irligi 32 kg, balandligi 30 sm bo‘lgan bitiktosh nusxasi o‘rnatilgan.
Tarmoqlarda er o‘z ayolini o‘ldirib, 2 kun davomida mashinada olib yurgani aytilgan video tarqaldi. IIV tasvirlar aslida, fuqaro ayolining murdasini uyiga dafn uchun olib ketayotganida suratga olinganini ma’lum qildi. Marhuma «chap tuxumdon kistasi yorilishi, ichki qon yo‘qotish»dan vafot etgani aytilmoqda.
Gulistonda oyog‘i ariqqa tiqilib qolgan bolaga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatdi, u jarohat olmadi. FVV ota-onalarni o‘z farzandlarini qarovsiz qoldirmaslikka chaqirdi.
Dang‘ara tumanida nogiron onasini urgani uchun otasini o‘ldirib qo‘ygan 25 yoshli yigitga sud hukmi o‘qildi. Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, otasi spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va onasini muntazam kaltaklab kelgan. Yigit ushbu jinoyati uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Toshkentda advokat soliq tekshiruvidagi huquqbuzarlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik evaziga tadbirkordan 23 ming dollar olganlikda gumonlanmoqda. Yana ikki holatda advokatlar mahbuslar jazosini yengilrog‘iga almashtirishni hal qilib berish uchun 22 ming dollar olganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan.
Bayram kunlari O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo biroz issiqroq bo‘ladi, harorat +37 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari va tonggi vaqtlarda havo salqinlashadi. Hafta davomida yog‘ingarchiliklar kutilmayapti.
Qashqadaryoning Qamashi tumanida Lacetti avtomashinasi yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketgan Gentra avtomobili bilan to‘qnashuv natijasida yonib ketdi. Oqibatda Lacetti haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Davlat test markazi OTMlarga kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellatsiya arizalarini qabul qilishni boshladi. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish esa 7 sentabrdan amalga oshiriladi.
5 sentabrdan barcha bosqich talabalari kontrakt.edu.uz platformasidan foydalangan holda to‘lov-shartnomalarni onlayn yuklab olishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Chirchiq shahrida oqova suv tozalash inshootini rekonstruksiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati $22,2 mlnga teng shartnoma imzolandi. Loyiha natijasida shahar aholisining markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasi 84 foizga yetkaziladi.
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida IIB xodimlari mastligini tekshirish uchun olib ketayotgan fuqaro vafot etdi. Sudga oid tibbiy ekspertiza uning o‘limiga bir qancha surunkali kasalliklar sabab bo‘lganini qayd etdi. Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.
20 sentabrgacha NovaStroy kompaniyasi Parkwood turar-joy majmuasida sotuvlar jarayoni yakunlanishidan oldin loyiha tarixidagi so‘nggi aksiyani e’lon qildi.
«ArMI-2022» VIII Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston 7 ta oltin, 10 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rinni Rossiya, uchinchi o‘rinni esa Belarus jamoalari band qildi.
Qashqadaryoda «D.M.» MCHJ rahbari va 10 ta tibbiyot muassasasi mansabdorlari budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy uskunalarini bir necha barobar qimmatga xarib qilgani aniqlandi. Yetkazilgan zarar 3 mlrd so‘mdan ortiq. Sud 11 nafar amaldorni 1 yilga mansabdorlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting