Chilonzor tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarish Jamoliddin Xodjimanovga yuklatildi. Tuman sobiq hokimi Shavkat Mavlonov Toshkentda 101 tup daraxtga shikast yetkazilgani ortidan lavozimidan ozod etilgan edi.
Turizm vazirligi DSQ bilan hamkorlikda yangi keshbek tizimini ishga tushirmoqda. Unga muvofiq, 1 sentabrdan boshlab respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan mamlakat fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijonda tadbirkor o‘zini osgani bo‘yicha xabarga viloyat hokimligi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, tadbirkorga hokim ham, prokuror ham tazyiq o‘tkazmagan. Xabarda aytilishicha, tashkilot rahbarining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar kelib chiqmoqda.
«Toshkent-O‘sh» yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismida Isuzu yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, oldida harakatlanib ketayotgan ikkita Lacetti bilan to‘qnashib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urildi. Natijada haydovchi va yo‘lovchi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etdi.
Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish tartibi belgilash bo‘yicha qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Unga ko‘ra, kon ochish salohiyati yuqori bo‘lgan maydonlar «E-auksion» orqali, olis joylardagi uchastkalar «birinchi kelgan birinchi oladi» tamoyili asosida berilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotladi. Farmonda u vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun qo‘shgan hissasi hamda tavalludining 60 yilligi munosabati bilan taqdirlangani qayd etilgan.
Bugun — 20 avgustdan boshlab, Chevrolet Spark va Nexia avtomobillari sotuvga chiqariladi.
Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishga ulgurmagan pazandalar uchun Zira.uz sahifasi baqlajonli va qovoqchali ikralar, sabzavotli qayla, lecho, baqlajonni pomidorli qaylada pishirish hamda sabzavotlarni qish uchun muzlatib qo‘yish usullari va retseptlarini taqdim etadi.
XTVga yil oxiriga qadar 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun yangi darsliklarni ishlab chiqish topshirilgan edi, biroq jadvaldan ilgarilab ketilgani sababli o‘quvchilar sentabrdanoq ularni qabul qilib olishni boshlaydilar. Shu bilan birga, qog‘oz narxlari oshib ketgani bois hukumatga qo‘shimcha mablag‘ zarur bo‘lmoqda.
Iyulda Afg‘onistondan Termizga 5 ta raketa snaryadi uchirilgandi. “Gazeta.uz” bilan suhbatda raketa tushgan xonadon egalari uyga kirishga ham qo‘rqib qolganini aytishdi. Siyosatshunoslar esa MO davlatlari boshidanoq shu kabi xavf borligini bilishgani va bu yana takrorlanishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
DXX to‘rtta holatda jami 9740 ta «Repagen» va 2990 ta «Tropikamid» psixotrop dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi.
O‘zbekistonda Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikda yangi markaz tashkil etiladi. Batafsil muhokamalar universitet delegatsiyasining oktabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan InnoWeek-2022 doirasidagi tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Buxoroning Shofirkon tumanida fuqarolarga ishsizlik nafaqasi tayinlatib berishni va’da qilgan ikki gumonlanuvchi ushlandi. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining sobiq inspektori va uning tanishi 13 nafar fuqaroning 700 dollar va 6 mln so‘mini o‘zlashtirgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Poytaxt kengashi Toshkentda yuzni tanib olish va nazorat qilish tizimini joriy etishni ma’qulladi. IIVning Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, tizim aholi salomatligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va ommaviy tartibsizliklarni aniqlashda muhim ahamiyatga ega.
Epidemiolog Lola Umarova yil boshidan beri 10 kishi kuydirgi yuqtirib olganlikda gumonlangani, faqat bir holatda — Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda kasallik tasdiqlanganini ma’lum qildi. SES bu xabarni rad etib, mazkur ma’lumot hozirda o‘tkazilayotgan o‘quv-taktik mashg‘uloti uchun berilganini qayd etdi.
Ishtixon tumanida fermer xo‘jaligi rahbari xorijdan naslli chorva mollarini sotib olish uchun ajratilgan 780 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirganligi aytilmoqda. Angren shahrida esa baliqchilik uchun ajratilgan 490 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i talon-toroj qilingan.
Samarqand aeroporti 14−16 sentabr kunlari tijoriy yo‘lovchi va yuk tashuvchi reyslarni qabul qilmaydi. Shu kunlari shaharda SHHT sammiti bo‘lib o‘tadi.
Chortoq tumanidagi “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohidan Qur’onning qo‘lyozma nusxasini o‘g‘rilagan ikki nafar shaxs ushlandi. Ular kitobni Namangan shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida saqlab kelgani aytilmoqda. Kitobga zarar yetkazilmagan. Holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
19 avgust kuni Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish maqsadida soat 18:00 dan 23:00 gacha bo‘lgan vaqtda poytaxtning bir necha ko‘chalari avtomobillar harakati uchun yopiladi.
O‘zgidrometning ma’lumotlariga ko‘ra, 20−22 avgust kunlari O‘zbekiston sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston respublikasi va Xorazmda havo harorati +11 darajagacha, boshqa viloyatlarda esa +12 …+13 darajagacha pasayadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting