O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidagi «Olot» va «Farap» o‘tkazish punktlari odatiy rejimga qaytib, Turkmaniston hududiga xorijiy avtotashuvchilarning kirishi bilan bog‘liq bir qator cheklovlar bekor qilindi.
Narxi oshgan «buxanka», o‘simlik yog‘i mahsulotlarini eksport qilishni taqiqlagan O‘zbekiston, Samarqandda to‘y vaqtida ovqatdan zaharlangan 19 kishi, qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun $2,4 mln ajratadigan USAID, kamarga yozilgan shtraf uchun janjal ko‘tarib, qamalgan 3 nafar qashqadaryolik va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 1 iyundagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston muzeylarida eksponatlarning ommaviy o‘g‘rilanishi va qalbakilashtirilishi haqidagi xabarlardan so‘ng, prezident muzey ashyolari va kolleksiyalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Toshkentdagi uchta muzeyni xorijiy muzeylar tajribasi asosida rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyalar yaratish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, Madaniy meros kodeksi ishlab chiqilishi kutilmoqda.
G‘alla o‘rim yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi aholi va fermerlarni dalalarda qolgan somon poya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi. Somon poya qoldiqlarini yoqish iqtisodiyot va atrof-muhitga ko‘plab zarar etkazadi. Bu tuproq unumdorligining keskin pasayishiga, havoning ifloslanishiga va boshqa zararlarga olib keladi.
«Qurol to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etish taqiqlanmoqda. Shuningdek, ov quroli va o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh chegarasi 25 yosh etib belgilandi. Qolaversa, qurol egalari davriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib turiladi.
Qarshida xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun belgilangan jarimadan norozi bo‘lib yo‘lni to‘sgan taksi haydovchilarning 3 nafari 10 sutkaga qamaldi, yana 12 nafari ogohlantirildi.
Prezident imzolagan qonunga muvofiq, ko‘p kvartirali uylar konstruksiyalarini noqonuniy o‘zgartirganlik va ularga tutash yerda qurilish ishlarini amalga oshirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Huquqbuzar jismoniy shaxslar 9 mln so‘mgacha, mansabdorlar esa 15 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi. Qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs ixtiyoriy ravishda muammoni bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
Antimonopoliya qo‘mitasi poytaxtda qolipli non («buxanka») narxining keskin ko‘tarilganiga munosabat bildirdi. «Un mahsuloti zahirasi shakllantirilgan bo‘lib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda savdolarga qo‘yib boriladi», — deyiladi xabarda. Qo‘mita fuqarolardan sun’iy «ajiotaj» vujudga keltirmaslikni so‘ramoqda.
«Ozod Yevropa Radiosi / Ozodlik Radiosi» media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda «Ozodlik» materiallari O‘zbekiston qonunchiligi va «jurnalist etikasiga» mos kelishi, qolaversa, jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistondagi, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,4 mln dollar ajratadi. Mablag‘lar ayollarni tadbirkorlik ko‘nikmalari va kasb-hunarga o‘rgatish, ularning faoliyatini mikromoliyalashtirish, qolaversa, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Pastdarg‘om tumanida ikki nafar shaxs hokimlik zaxirasidagi 70 sotix yer maydonini noqonuniy ravishda 65 ming dollarga sotishga uringani aytilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumondorlarni kelishilgan mablag‘dan 32 ming dollarini olgan vaqtida ushladi.
budjet tashkilotlari xodimlarining 12 foizga oshirilayotgan ish haqi, malaka toifasiga qarab tibbiyot xodimlarining oshayotgan oylik maoshi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyozlar, ipoteka kreditining dastlabki badali qoplab beriladigan yosh vatandoshlar, xarajatlarining bir qismi to‘lanadigan mahalliy sayyohlar, volontyorlar uchun elektron platforma — 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
1 iyundan boshlab paxta, kungaboqar yog‘i va urug‘i hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalarini eksport qilish vaqtincha taqiqlandi. Ushbu mahsulotlar ichki bozorda yetarli bo‘lgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi eksportni qayta tiklashi mumkin. Qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi ham vaqtincha to‘xtatildi.
Jomboy tumanida 19 nafar fuqaro to‘yda ovqatdan zaharlanib, tibbiyot birlashmalariga murojaat qilgan. Ulardan 14 nafarining sog‘ligi qoniqarli, 5 nafari tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Samarqand viloyat IIB ijtimoiy tarmoqlarda to‘yda 200 kishi zaharlangani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
O‘zbekistonda 1 iyundan boshlab qolipli non («buxanka») narxi oshib, 2800 so‘mga sotilmoqda.
Qarshida 27 yoshli fuqaroning jasadi uyidan qotillik alomatlari bilan topildi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi uni 18 yoshli fuqaro o‘ldirganlikda ayblanayotganini ma’lum qildi, gumonlanuvchi hibsga olindi.
Yanvar-may oylarida O‘zbekistonda chaqaloqlarga qo‘yilgan eng mashhur ismlar Soliha va Muhammadali bo‘ldi. Ular 2021 yilning I choragi va 2020 yilda ham eng ko‘p qo‘yilgan ismlar qatoridan joy olgandi.
Jizzax viloyatining to‘rtta hududida giyohvandlik moddalarini yetishtirish va sotishga urinish holatlari fosh etildi. Jumladan, urgutlik shaxs Baxmal tumanida to‘xtatib, tekshirilganida, uning yonidan 968,79 gramm opiy borligi aniqlangan.
Andijonda Andijon davlat chet tillar instituti tashkil etilmoqda. OTM birinchi talabalarni joriy yilda qabul qiladi. Talabalar ikkita chet tili bo‘yicha malakaga ega bo‘lishadi.
Chorshanbadan Toshkent metropolitenining 15 ta stansiyasida avval soat 7:00 dan 19:00 gacha ishlagan ikkinchi vestibyullar endi soat 5:00 dan yarim tungacha ochiq bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting