Senatorlar yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. «Snos»ga tushgan hududda joylashgan yerga 15 yil davomida halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslar soliqlar to‘lab kelgani tasdiqlansa, mulk qiymatining o‘rni qoplanadi.
Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Gruziyaning O‘zbekistondagi elchisi Zurab Abdushelishvili bilan uchrashuvda Shota Rustaveli haykali atrofidagi xiyobonni rekonstruksiya qilishga kelishib oldi. Hozirda uning loyihasi ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, Gruziya bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi kutilayotgani ham ma’lum qilindi.
«Parmuda», «trio», dangasa somsa, turkcha somsa, kabob-somsa, mini-somsalar, cho‘pchalarga terib pishirilgan go‘shtli va ko‘katli somsa — Zira.uz 8 xil somsani tayyorlash retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
OTMlarda chet tilidan o‘tkaziladigan ijodiy imtihon shartlari, «O‘zbekneftgaz» AI-80 benzini narxini oshirgani, eng ko‘p Andijondan tushayotgan korrupsiya bo‘yicha murojaatlar, iyuldan ishga tushishi kutilayotgan «Raqamli mobil pasport», dam olish kunlaridagi yog‘ingarchilik va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 27 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Abdumalik Nazirov «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bunga qadar u Energetika vazirligida boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Mirzo Ulug‘bek tumanida arzon narxda AI-80 markali benzin olib berishni va’da qilgan bir nechta shaxslar tadbirkorning 1,4 mlrd so‘mini o‘zlashtirgani aniqlandi. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qurilish vazirligi tarmoqlarda videosi tarqalgan Samarqand viloyatidagi 12 qavatli bino noqonuniy qurilganini ma’lum qildi. Bino egasi Qurilishda nazorat inspeksiyasi tomonidan bir necha marta ogohlantirilgan, biroq 2012 yildan beri qurilish ishlari davom ettirilgan. “O‘zog‘irsanoatloyiha” binoning seysmik holati talablarga javob bermasligi, kolonnalarning ayrim joylari darz ketganini tasdiqladi. Binoni buzib tashlash bo‘yicha xulosa berildi, ish sudda ko‘rib chiqiladi.
Dinozavrlar Yer yuzida taxminan 233 million yil muqaddam paydo bo‘lgan. Yerning turli qismlarida, jumladan, zamonaviy O‘zbekiston hududida ham ko‘plab dinozavrlar qoldiqlari topilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti Geologiya kafedrasi mudiri Abdulla Qo‘shoqov «Gazeta.uz»ga dinozavrlar qoldiqlari saqlanib qolishi uchun ularning ideal o‘lim holati, O‘zbekistonda ular topilgan hududlar, mamlakatimizda paleontologiya fanining bugungi holati haqida so‘zlab berdi.
Qashqadaryoning Qarshi shahri va Chiroqchi tumanidan 3 ta avtomobilda poytaxtga sifatsiz go‘sht mahsulotlari olib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Shahar veterinariya boshqarmasi 700 kg go‘sht og‘ir kasalliklarga chalingani uchun so‘yilgan hayvonlarga tegishli ekanligini aniqladi. Go‘shtlarni olib kelayotgan haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.
Iyul oyidan boshlab Toshkentda tajriba tariqasida «raqamli mobil pasport»ni joriy qilish taklif etildi. Pasportdan tashqari yana 8 ta hujjatlarni elektron tarzda mobil ilova orqali taqdim etish mumkin bo‘ladi. Davlat xizmatlari, bank, avia va temiryo‘l kassalari, mehmonxonalar va boshqa tashkilotlar ushbu hujjatlarni qog‘oz shaklida talab qilishni to‘xtatadi. Mobil ilovadagi elektron hujjatlar qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi.
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati O‘zbekiston aholisidan avtomobillarni daraxt yoki kuchli shamolga chidamsiz vositalar yaqinida qoldirmaslikni so‘radi. FVV esa kuchli shamol vaqtida amal qilish zarur bo‘lgan xavfsizlik choralarini eslatib o‘tdi. O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlar ichida Andijon 1-o‘rinni egalladi, deya ma’lum qildi Antikorrupsiya agentligi. 2021 yilda o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish kabi jinoyatlarni sodir etganlarning 4 nafarini viloyat hokimligi, 18 nafarini tuman va shahar hokimliklari xodimlari tashkil qilgan.
Dekabrdan beri ilk bor «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini narxi 6800 so‘mgacha (4,3%) ko‘tarildi. Kompaniya buni import qilinayotgan 30 foiz neft mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxi oshgani bilan izohladi. Biroq, bunga qadar «O‘zbekneftgaz» vakillari AI-80 benzini mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilishini aytgandi.
Joriy yildan boshlab 6 ta OTMga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon bo‘lib o‘tadi. Unda abituriyentlarning xorij tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish kompetensiyalari baholanadi. DTM 2 soat 45 daqiqa vaqt ajratiladigan mazkur imtihonning formati va qoidalarini e’lon qildi.
Urganch xalqaro aeroporti direktori Ruslan Agabullayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda bir yildan kamroq vaqt ishladi. Uzbekistan Airports raisining birinchi o‘rinbosari Javlonbek Umarxo‘jayev direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Juma kuni Volga bo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelishi natijasida dam olish kunlari barcha hududlar sovuq antitsiklon ta’siri ostida bo‘ladi. Havo harorati +21…+26 darajadan yuqori bo‘lmaydi, shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqini kuzatilishi mumkin.
Seshanba kuni Toshkent shahrida KIA haydovchisi 25 yoshli piyodani urib ketdi, u shifoxonada jon berdi. Chorshanba kuni esa Samarqandda Cobalt yo‘ldan o‘tayotgan 16 yoshli bolani urib, taxminan 20 metrga uchirib yubordi. Bola turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
AQShning Project CURE xayriya tashkiloti Qoraqalpog‘istonga tibbiy asbob-uskunalardan iborat 3 mln dollarlik gumanitar yordam yubordi. To‘rtta konteynerning har birida UZI uskunalari, IVL, kislorod konsentratorlari, rentgen skanerlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlar, defibrillyatorlar va boshqalar mavjud. Uskunalar taxminan iyun oyida yetib kelishi va 24 ta tibbiyot muassasasiga taqdim etilishi kutilmoqda.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi karantin ostidagi o‘simlik mahsulotlarini olib kirish va chiqish qoidalarini hamda fitosanitariya talablarini buzganlarni ma’muriy javobgarlikka tortadi. Shuningdek, kimyoviy vositalarni sotish uchun litsenziya beradi.
Bosh prokuratura O‘zbekistondagi 72 ta madaniy meros obyektida 121 ta noqonuniy reklama joylashtirish holatlarini aniqladi. Ayrim holatlarda reklama bannerlari tarixiy obyektlarning ko‘rinishini to‘liq yopib qo‘ygan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting