Bojxona xodimlari tomonidan Toshkent viloyatidagi «Oybek» postida to‘xtatilgan yuk mashinasida 229,7 kg «geroin» giyohvandlik vositasi aniqlandi. Ushbu narkotik vositalarning Yevropa «qora bozorlari»dagi narxi hozirda o‘rtacha 12−14 mln dollarni tashkil etadi.
Poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashgan «Anhor-Lokomotiv» ko‘ngilochar va dam olish bog‘i ochiq auksionda sotuvga qo‘yildi. 8,35 gektar maydonga ega bog‘ning boshlang‘ich narxi 376,4 mlrd so‘mga baholangan.
Farg‘ona viloyati Transport boshqarmasi xodimi tadbirkorga Farg‘ona shahridagi 30-avtomobil yo‘nalishini 1 500 dollar evaziga 3 yilga biriktirib berishni va’da qilgan. Shundan 1 000 dollarini olgan vaqtida tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hukumat yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘ycha reglamentni tasdiqladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.
Import avtomobillar uchun bojxona boji 15%gacha pasayishi bunday avtomobillar uchun umumiy bojni qanchaga arzonlashtiradi? Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu xabardan xursand bo‘lishga «shoshilmay turish kerak» deb yozdi. Mutaxassislar kombinatsiyalashgan bojlardagi har kub sm uchun maxsus stavkalar bekor qilinishi kerakligini ta’kidlamoqda. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev «qarordan asosiy foyda ko‘radiganlar daromadi eng yuqori va import avtomobillarini iste’mol qiladigan boylar», — deya izoh qoldirdi.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 23-sonli maktab hududida noqonuniy ravishda 7 tup qayrag‘och daraxti kesilganligi aniqlandi. Huquqbuzarlar 2,7 mln so‘m jarimaga tortildi, qolaversa, 592 ming so‘mlik zarar ham qo‘llanildi.
2020 yil oktabridan Namangan viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Jahongir Hatamov Samarqand viloyati prokurori etib tayinlandi.
Toshkentning Mirobod tumanida pnevmatik miltiq yordamida mushuk va itlarni ovlab kelgan erkakka MJTKning hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va qurollardan noqonuniy foydalanish moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. U 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi.
3 fevral kuni poytaxtning Yunusobod tumanida tadbirkor qurilish uchun sotib olgan yer uchastkasida o‘sayotgan daraxtlarni tag qismidan betonlab tashlagandi. Yunusobod tuman prokuraturasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Gumonlanuvchilar maksimum 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Farg‘ona vodiysida metan zapravkalar 15 fevral soat 13:00 dan 16 fevral 06:00 ga qadar o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatadi. «O‘ztransgaz» kompaniyasi bundan maqsad sovuq ob-havo sharoitida aholi, iste’molchilar va ijtimoiy soha obyektlari, strategik ahamiyatga ega korxonalarni barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash ekanligini ta’kidlagan.
Dushanba kuni O‘zbekistonda 302 kishining koronavirusga qarshi topshirgan testi musbat natijani qayd etgan (oldingi kun 322 ta holat). 57 kishi pnevmoniyaga chalingan (61 kishi). Yana 3 kishi koronavirusdan vafot etdi.
Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun BMTning ko‘ptomonlama trast jamg‘armasi tashkil etiladi. Adliya vazirligi mablag‘lar O‘zbekiston aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanishini ma’lum qildi. Shuningdek, Fransiyadan yana 10 mln dollar qaytarildi, qolaversa, 131 mln dollarlik aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor.
Uzbekistan Airways kompaniyasi uzoq masofaga uchuvchi Airbus A321neo (LR) havo kemasini qabul qilib oldi. 188 yo‘lovchiga mo‘ljallangan samolyot LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan. Yil oxirigacha yana to‘rtta samolyot yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabbiyi Rustam Akramov 73 yoshida vafot etdi. U 1992−1994-yillardagi faoliyati davomida jamoa bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994-yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan. Keyingi ikki yilda esa Hindiston terma jamoasini boshqargan.
Madaniy meros agentligi kosmonavt Vladimir Janibekov haykali atrofidagi marmar plitalar ruxsatsiz demontaj qilinayotganini ma’lum qildi. Hokimiyat topshirig‘iga asosan uni rekonstruksiya qilayotgan «Mimar Group» kompaniyasi esa ogohlantirish oldi. Ish to‘xtatildi.
Import avtomobillar uchun bojxona boji 2 baravarga pasaytirilishi, UzAuto Motors avtomobillariga oldindan to‘lov 50 foizgacha kamaytirilishi, martda Toshkentga keladigan Turkiya prezidenti, Andijonda uzrbozlik ortidan ishdan bo‘shatilgan tuman hokimi o‘rinbosari hamda hayfsan olgan hokim, diplomlari imtihonsiz tan olinadigan xorijiy OTMlarning top-1000 taligi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 14 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident dushanba kungi yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga — 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berdi.
Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida qatnov qismini ajratib turuvchi yashil maydonlar joyiga qaytarib qo‘yilishini ma’lum qildi. Ushbu yashil maydon 2016 yilda yo‘q qilinib, uning o‘rniga betondan yo‘l ajratmasi bunyod etilgandi.
Surxondaryo viloyatida maktab internati direktorining o‘rinbosari va viloyat XTB kadrlar bo‘limi rahbari fuqaroga 13 ming dollar evaziga internat direktori lavozimini olib berishni va’da qilganligi aniqlandi. Ularning ikkisi ham so‘ralgan mablag‘dan 5 ming dollardan olayotgan vaqtda qo‘lgan olingan, holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-maktabda o‘qituvchilar uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimi o‘rinbosari Muxtor Qurbonov ishdan bo‘shatildi, hokim Bobur Yo‘ldoshevga esa hayfsan berildi. Qolaversa, maktab direktori Muqaddamxon Hasanova va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova lavozimlaridan ozod qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting