Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rejabboyev o‘z lavozimidan ozod kilindi. Avvalroq, u tuman obodonlashtirish xodimlarini o‘zining uchastkasida ishlatgani aytilgan edi.
Qarshidagi manzil-koloniyada 19 yoshli mahkum lezviya bilan qornini va qo‘llarini 3−4 marotaba tilib, o‘ziga yengil tan jarohatlari yetkazdi. Bosh prokuratura koloniya xodimlariga ish qo‘zg‘atilganini rad etdi, biroq holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi.
Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sportchi qotillikda gumonlanuvchilardan biri bilan o‘zaro nizoda bo‘lgani aytildi. Gumonlanuvchilarning eng kattasi 29 yoshda, eng kichigi — 16−17 yoshli maktab o‘quvchilari. Mazkur ish bo‘yicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov o‘ldirib ketilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 7 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, ulardan 6 nafari protsessual tartibda ushlandi.
Bosh prokuratura o‘zining Telegram kanalidan Afg‘onistonning harbiy samolyot va vertolyotlari O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi xabarni oxirigacha tasdiqlanmaganligi sababli o‘chirib tashladi.
Buxoroda 10 ming dollar evaziga vakolatli tanishlari yordamida uy-joy qurish uchun yer olib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga tushdi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish moddalari bilan ish ochildi.
Jizzax viloyatida tuman hokimligining mansabdor shaxslari 7 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirish yoki rastrata orqali talon-toroj qilganlikda gumon qilinmoqda.
DXX va prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Farg‘onaning Beshariq tumanida 35 sotix, Oltiariqda 20 sotix, Bog‘dodda 4,75 gektar yerni, Namanganning Chortoq tumanida 8 gektar va Surxondaryoning Bandixon tumanida 2 gektar maydonni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanida ikki nafar IIO FMB profilaktika inspektori yordamchilari fuqaroni bir necha bor urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda fuqaro shifoxonada vafot etgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Andijon viloyatida Koreyaga ishga yuborishni va’da berib, buning evaziga 6 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentning Chilonzor tumanida 20 yoshli qiz 9-qavatdan tushib ketib, vafot etdi. Bosh prokuratura ayol ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketganini ma’lum qildi. Biroq qizning ota-onasi uning o‘limida qaynonasi va kuyovini ayblamoqda. Holat yuzasidan surishtiruv xarakatlari olib borilmoqda.
Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. IIV matbuot kotibi esa fuqaroga IIB xodimlari tomonidan jarohat yetkazilganini rad etdi. Xabar berilishicha, fuqaro ertalab tez tibbiy yordam bo‘limiga IIO xodimlari tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha murojaat etgan. Hozirda fuqaro jarohatni qayerda olganligi bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Samarqandlik 18 yoshli bola totalizatorda katta miqdorda pul yutqazib, qarz bo‘lib qolganligi uchun o‘z joniga qasd qilganligi aytilmoqda. Ushbu holat Daryo muxbirining Bosh prokuraturaga murojaatidan keyin aniqlanib, tergovga qadar tekshirish ishlari boshlandi.
Toshkent shahrida 34 nafar fuqarolarning nomidan 897 mln so‘m onlayn-kredit mablag‘larini noqonuniy tarzda qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi. Firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura tomonidan “YER NAZORATI” telegram-boti ishga tushirildi. Uning yordamida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilish hamda yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish bo‘yicha xabar berish mumkin bo‘ladi.
Toshkentning Mirobod tumanida o‘zini Oliy ta’lim vazirligi xodimi deb tanishtirib, abituriyentni 10 ming dollar evaziga Toshkent pediatriya institutiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan ayol ushlandi.
Navoiy viloyatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun 1 gektar yerni 20 ming dollar evaziga olib bermoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani aytilmoqda. Viloyatdagi yana bir holatda, fermer o‘ziga tegishli maydondan 6 gektarini 90 mln so‘mga pullashga urindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Effect.uz sayti jurnalistlari Andijon viloyatida fuqarolar murojaatlarini o‘rganib turgan vaqtida kaltaklanganligi aytilmoqda. Mazkur holat Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.
«Lyubaya biznes xorosha», «Plati-leti», «S 707» va boshqa MCHJlar mansabdor shaxslariga nisbatan soxta tadbirkorlik, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish hamda soliqlarni to‘lashdan bosh tortish kabi holatlar yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijonda kelin o‘z qaynonasini joynamoz ustida ketmon bilan chopib o‘ldirganligi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting