Quyi Chirchiq tumanidagi bog‘chada o‘z xotinini kaltaklagan erkak keyinchalik uni o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuratura jinoyat rashk sabab sodir etilganini aytmoqda. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari alohining kommunal to‘lovlari uchun bergan jami 350,6 mln so‘m mablag‘larini bank kassasiga kirim qilmasdan, noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura Chilonzor tumanidagi maktabda yagona forma xarid qilish uchun prokuratura xodimlari tilxat yozdirib olgani haqidagi xabarni rad etdi. O‘rganish natijasida bu maktab direktorining shaxsiy tashabbusi ekanligi, biroq jarayonga yolg‘ondan prokuratura aralashtirilgani aniqlandi.
Poytaxtning Chilonzor tumanida $10 ming evaziga Toshkent tibbiyot akademiyasiga, Sirdaryoda $5 ming evaziga Guliston davlat universitetiga kiritib qo‘yishga uringanlikda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi. Samarqandda esa soxta hujjatlar asosida Qozog‘istondan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi.
Yarim yilda 1429 ta jinoyat ishi doirasida 1785 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi. Bunda ular yetkazgan moddiy zarar qariyb 700 mlrd so‘mni tashkil etdi. 1210 nafar mansabdor talon-toroj qilish, 158 nafari o‘z mavqeini suiiste’mol qilish, 129 nafari firibgarlik, 74 nafari poraxo‘rlikda ayblangan.
Toshkent viloyatidagi Tovoqsoy qamoqxonasida ikki mahkum yashash binosidan o‘zini tashlab, joniga qasd qilishga urindi. Mahkumlarda og‘ir tan jarohatlari aniqlangan. Jinoyat alomatlari bo‘lmagani uchun prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atmadi. Holatga «Ezgulik» jamiyati rahbari hamda Bosh prokuratura munosabat bildirdi.
Chust tumanidagi “Abdumalik” masjidi Madaniy meros inspeksiyasidan hokimiyat balansiga o‘kazilib, tadbirkorga 61 mln so‘mga sotilgani aniqlandi. Tuman hokimi qaroriga ko‘ra, obyekt tusi o‘zgartirilgan va unga 806,5 mln so‘mlik zarar yetkazilgan. Hokimiyat mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ohangaron tumanida 26 yoshli erkak yo‘l chetidagi daraxtga osilgan holda topildi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi sabab bo‘lgan, marhumning tanasida boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan. Prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.
Voleybol federatsiyasi mansabdor shaxslari davlat budjeti mablag‘laridan 231 mln so‘mni o‘zlashtirgani, yana 75 mln so‘mni esa asossiz sarflagani aniqlandi. Ular yetkazilgan zararning 120 mln so‘mini qopladi, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Nukusdagi voqealar oqibatida halok bo‘lganlar soni yana 3 kishiga ko‘paydi, deya xabar berdi Bosh prokuratura. 16 kishi kasalxonada qolmoqda. Fuqarolar, tashkilotlar va infratuzilmaga yetkazilgan zarar 3,1 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Nukusdagi namoyishlar fakti bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Andijon shahrida 2 nafar bolaning o‘limida gumonlanib, 27 yoshli ayol hibsga olindi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, u ushbu jinoyatni oilasi buzilib ketishiga sababchi bo‘lgan xolavachchasi bilan tortishib qolgani uchun sodir etganini tan olgan. U shu yo‘l orqali xolavachchasidan qasd olgani aytilmoqda.
Toshkent shahrida ikki nafar yoshlar ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Navoiy viloyati XTB sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘mga, viloyatning sobiq turizm va sport bosh boshqarmasi mansabdorlari esa 598,9 mln so‘mga qimmatroq sotib olgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 mingga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Prokuratura Toshkent shahridagi 21-sonli Mehribonlik uyi faoliyatini tekshirgandan so‘ng, jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Aprel oyida muassasa tarbiyalanuvchilari xodimlarning biridan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirgandi. Prokuratura bir qator qonunbuzarliklar, jumladan, mablag‘larni o‘zlashtirish holatlarini aniqladi. Mehribonlik uyi direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Bosh prokuratura O‘zbekistondagi 108 ta madaniy meros obyektida 146 ta noqonuniy qurilma o‘rnatilganini aniqladi. 76 ta noqonuniy qurilmani buzdirish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi, 63 tasi bo‘yicha ish sudga oshirildi. Qolaversa, 26 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Prezidentning tegishli farmoniga asosan Shoxrux Aminov bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar Sirdaryo hamda Navoiy viloyatlarida prokuror lavozimida faoliyat yuritgan.
Payshanba kuni Svetlana Artikova Bosh prokuratura ishda vafot etgan xodimi oilasiga nafaqa va ma’naviy zararni to‘lashi masalasiga munosabat bildirdi. Uning fikricha, sudning 971 mln so‘mni to‘lash to‘g‘risidagi qarorida qonun talablari buzilgan. «Milliard u yoqqa, milliard bu yoqqa qilsak, unda shifokorlarga, o‘qituvchilarga ustamalarni, oylikni, nafaqani kim to‘laydi?.. Kerak bo‘lsa, Oliy sudgacha ham bosh prokuror o‘rinbosari tarzida takroran kassatsiya keltirishga tayyorman», — dedi u.
Bektemir tumanida taqiqda bo‘lgan 2 gektar yerni 800 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs oldindan 80 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi. Uning taqiqni tegishli organlar orqali yechishi va qurilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishiga ishontirgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting