DXX Qashqadaryo viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan 3,7 mingta dorini 54 mln so‘mga sotgan ayol va uning tanishini qo‘lga oldi. Sirdaryoda esa uyida 593 mln so‘mlik 49 mingta flakondagi hujjatsiz dorini saqlagan fuqaro va dorining egalari ushlandi. Holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida qo‘shni mamlakatlardan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi. Ulardan jami 11,2 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi.
DXX Andijon, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida AQShga fuqarolarni noqonuniy yuborishni va’da qilganlarni qo‘lga oldi. Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga fuqarolardan 14 mingdan 19 ming dollargacha pul so‘ralgan.
DXX Andijon, Qashqadaryo va Toshkentda katta miqdorda pora olayotgan mansabdor shaxslarni ushladi. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochilib, tergov olib borilmoqda.
2022-yilda Toshkent shahrida terakt sodir etmoqchi bo‘lgan jinoiy guruhning 4 a’zosi ushlanib, 10 yildan 15 yilgacha qamalgan. Ular xalqaro terrorchilik tashkilotining o‘zbekistonlik vakili bilan tanishib, Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi, shuningdek, aeroportda terakt qilmoqchi bo‘lgan.
Qo‘qon shahrida fuqaro 121 mln so‘mlik salkam 6 ming dona sifatsiz dori vositasini Namangandagi dorixonalariga sotib yubormoqchi bo‘lganda qo‘lga olindi.
Namanganda O‘zbekistondan Hindistonga sotish uchun noqonuniy ravishda oltin olib chiqishni rejalashtirgan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Musodara qilingan 30 dona tillaning og‘irligi 1 kilogramm 516 gramm, qiymati esa 1 milliard 400 million so‘mni tashkil etadi.
Jizzax viloyati Transport boshqarmasining bosh mutaxassisi 6,6 ming dollar, Chinoz tumani hokimligi xodimi 6 ming dollar pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi.
Sirdaryoning Guliston shahrida hokimiyat zaxirasidagi yerni boshqa bir shaxsga noqonuniy olib berishga uringan ikki kishi 300 ming dollar talab qilib, shundan 50 ming dollarini olganda ushlandi. DXXga ko‘ra, jinoiy ishga 2018−2021-yillarda Guliston tumanini boshqargan Shavkat G‘afurov ham aloqador bo‘lgan.
DXX Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida 4 ta noqonuniy mayning ferma jami 1,3 mlrd so‘mlik elektrni talon-toroj qilganini aniqladi. Fermalarning biri 3 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lgan. Holatga aloqador shaxslarga nisbatan o‘g‘rilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.
Toshkent viloyatining Bekobod tumanida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i va bosh hisobchisi tadbirkorlar bilan kelishib, rasmiy hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritish evaziga 950 mln so‘m pulni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
DXX 3 ta viloyatda, jumladan, Jizzaxda o‘tkazgan reydda IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasi boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushdi. Farg‘onada esa elektr tarmoqlari korxonasi bo‘limi boshlig‘i firibgarlikda ayblanmoqda. Milliy gvardiyaning Samarqanddagi xodimlaridan biri ham pora olishda gumonlanyapti.
Suriyadagi terrorchilar safida jang qilib, jiddiy jarohatlangan o‘zbekistonlik 24 yoshli yigit O‘zbekistonga olib kelindi va unga nisbatan jinoyat ishi ochildi. U Suriyaga qanday ketgani hamda bu davrdagi hayoti haqida gapirib berdi.
Navoiy, Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida qo‘shni davlatlardan olib kirilgan narkotik moddalari savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlangan shaxslar qo‘lga olindi.
Guliston shahrida 15 kunlik o‘g‘lini 40 ming dollarga, Termiz tumanida 20 kunlik qizini 25 mln so‘mga, Namangan shahrida 10 yoshli bolasini 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayollar ushlandi.
DXX Sirdaryoda Milliy gvardiya bo‘limi bosh inspektori, Qashqadaryoda “Hududiy elektr tarmoqlari” bosh muhandisi, Jizzaxda “Toza hudud” bosh hisobchisi, Navoiyda esa Hakamlik sudlari assotsiatsiyasi sudyasini fuqarolardan vakolatidan foydalanib, pul olgan vaqtida ushladi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent, Samarqand va Buxoroda fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga jo‘natish bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi.
DXX tomonidan Mingbuloq tuman sudi raisi va Namangan davlat universitetining 3-bosqich doktoranti fuqarolardan pora olishda gumonlanib qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik va pora olish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Namanganda “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin V6” nomli qalbaki dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug‘ullangan tibbiyot xodimi qo‘lga olindi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgan.
Toshkent va Buxoroda hujjatlarni rasmiylashtirib berish uchun pora talab qilgan bosh mutaxassis va arxitektor qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik va pora berish moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting