Donald Tramp Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish va qabul qilishda qatnashgan kompaniyalar va shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shundan so‘ng Xitoy AQSHga qarshi javob sanksiyalarini qo‘llashi mumkinligi bilan ogohlantirdi.
AQSH hukumati pandemiya sababli onlayn ta’limga o‘tgan chet ellik talabalar uchun vizalarni bekor qilish rejalaridan voz kechdi. Oldinroq, Garvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti, shuningdek 17 shtat va Kolumbiya okrugi rasmiylari Tramp ma’muriyatining ushbu qarori bo‘yicha sudga murojaat qilishgan edi.
AQSHda so‘nggi 17 yil ichida ilk bor federal darajadagi jinoyatda ayblangan mahkum qatl etildi. Uch kishilik oilani o‘ldirganlikda ayblangan 47 yoshli mahkumning tanasiga o‘lim in’eksiyasi yuborildi. Mamlakatda iyul-avgust oylarida yana uch kishi qatl etiladi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev karantin rejimi yana ikki haftaga uzaytirilishi hamda iyul oyida ehtiyojmandlarga 42,5 ming tengedan to‘lanishini ma’lum qildi.
Dunyodagi birinchi COVID-19 vaksinasi Rossiyada klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Sinovlarda vaksinaning inson uchun zararsiz ekani aniqlandi. Birinchi ko‘ngillilar guruhi 15 iyul kuni kasalxonadan chiqariladi.
JSST koronavirus infeksiyasining kunlik tasdiqlanish holati yana rekord darajada oshganini ma’lum qildi — kuniga 230 mingdan ortiqroq. Dunyo bo‘yicha umumiy qayd etilgan kasallik holatlari 12,93 mln, vafot etganlar soni esa 570 mingdan oshdi.
Tojikiston prezidenti koronavirus pandemiyasi tufayli ehtiyojmand va ijtimoiy zaif aholi qatlamiga kiruvchi fuqarolarga eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida (40 dollar atrofida) bir martalik yordam puli ajratish to‘g‘risida qarorni imzoladi.
Tesla aksiyalarining o‘sishi hisobiga Ilon Maskning boyligi 6,1 mlrd dollarga ko‘paydi va u dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida Uorren Baffet bilan birga yana to‘rt milliarderni ortda qoldirdi.
Turkiya prezidenti Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasini muzey maqomidan mahrum qildi. Endilikda, ibodatxona yana masjid sifatida ishlatiladi va 24 iyul kuni o‘z faoliyatini boshlaydi. Ibodatxona 1985 yili YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
2001−2004 yillar mobaynida Qarshi-Xonobod bazasida bo‘lgan Amerikalik harbiylar zaharli moddalar va radiatsiya ta’siriga uchragan bo‘lishi mumkinligi haqidagi maxfiy hujjatlar oshkor etildi. Ma’lumotga ko‘ra, harbiylarning bazaga joylashtirilishidan oldin ushbu hududda Sobiq Ittifoq raketalari yo‘q qilingan.
Seulning bedarak yo‘qolgan meri Pak Von Sun o‘lik holda topildi. O‘limning dastlabki sababi sifatida o‘z joniga qasd qilish aytilmoqda. Uning ish stolida xayrlashuv maktubi topilgan. Avvalroq, Seul meriga qarshi jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ayblovlar ko‘yilgandi.
8 iyul kuni kechqurun Serbiyada hukumatga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilari, bir necha ming kishi, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan va xukumatning koronavirus tarqalishiga qarshi olib borayotgan harakatlaridan noroziligini bildirdi.
13 iyul Qozog‘istonda koronavirus qurbonlari uchun milliy motam kuni deb e’lon qilindi. So‘nggi kunlarda mamlakatda vafot etganlar soni bo‘yicha rekordlar qayd etilmoqda.
Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning koronavirusga topshirgan test natijalari ijobiy chiqdi. U uydan turib o‘z ish faoliyatini davom ettiradi.
AQSH hukumati 2020 yil kuzgi semestrda to‘liq onlayn bo‘lgan o‘quv muassasalari va dasturlarga qabul qilingan F-1 va M-1 vizasiga nomzod talabalarga viza berishni vaqtinchalik to‘xtatdi. Hozirda AQSHda bunday dasturlarda ta’lim olayotgan talabalar mamlakatni tark etishlari yoki qonuniy maqomda qolish uchun yuzma-yuz o‘qitiladigan o‘quv muassasasiga o‘tish kabi boshqa choralarni ko‘rishlari kerak bo‘ladi.
Butun dunyoga mashhur italiyalik bastakor Ennio Morrikone 91 yoshda vafot etdi. U “Bir zamonlar Amerikada”, “Pianist haqida afsona” va boshqa taniqli kinolarga bastakorlik qilgan hamda kino san’atiga qo‘shgan hissasi uchun ikki marta “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Fransiya bosh vaziri Eduard Filipp iste’foga chiqqani sababli Jan Kasteks yangi bosh vazir etib tayinlandi.
Mashhur UFC jangchisi Habib Nurmagomedovning otasi Abdulmanap Nurmagomedov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng Moskvada vafot etdi. Unga koronavirus tashxisi quyilgandi.
So‘nggi besh yil ichida elektronika chiqindilari dunyo aholisiga nisbatan uch baravarga, global YAIMga nisbatan esa 13 foizga tezroq o‘sdi. Uning beshdan biridan kamroq qismi qayta ishlanadi, qolgani esa chiqindixonalarga tashlanadi va atrof-muhitga, inson salomatligiga zarar yetkazadi.
Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda ovoz berganlarning deyarli 78 foizi ushbu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatladi. Prezidentlik muddatining nollashtirilishi, sobiq prezidentlarning daxlsizligi, bosh qomusda Xudoning tilga olinishi hamda nikoh tushunchasi — “Gazeta.uz” Rossiya konstitutsiyasiga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlarni taqdim etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting