AQSh Kongressi Jo Baydenni qo‘shma shtatlar prezidenti etib saylanganini rasman tasdiqladi. Tarafdorlari AQSh Kongressi binosiga bostirib kirgan Donald Tramp hokimiyatni “batartib” holda topshirishni va’da berdi.
AQSHning Jorjiya shtatida demokratlar vakillari Jon Ossoff va Rafael Uornok Senatdagi o‘rinlar uchun saylovda ustun kelishmoqda. Ushbu g‘alaba demokratlar partiyasiga vitse-prezident hisobiga Senatda nazorat o‘rnatish imkoniyatini beradi.
Qozog‘iston janubida va Qirg‘izistonning ayrim hududlarida elektr energiyasidan uzilishlar kuzatildi. Ikkala mamlakat ham O‘zbekistondagi energiya tizimidagi muammolarga ishora qilmoqda. Avvalroq O‘zbekiston Energetika vazirligi mintaqaning yagona energiya tizimidagi elektr uzatish liniyalaridagi uzilishlar haqida xabar bergan edi.
Jo Baydenning AQSH Kongressidagi g‘alabasini tasdiqlash yig‘ilishida Tramp tarafdorlari binoga bostirib kirishdi. Tartibsizlik va otishma natijasida bir kishi vafot etdi, bir necha politsiya xodimi jarohatlandi. Shaharda payshanba ertalabigacha komendantlik soati e’lon qilindi.
4 yanvar kuni Alibaba asoschisi Jek Maning g‘oyib bo‘lganligi haqida xabarlar tarqala boshladi. U so‘nggi ikki oy davomida ommaga ko‘rinish bermagan. CNBC boshlovchisi Devid Faberning aytishicha, u g‘oyib bo‘lmagan va Xanchjoudagi shtab-kvartirada yashiringan bo‘lishi mumkin.
Tojikistonda 5 yanvardan boshlab soat 23:00 dan qishloq xo‘jaligi bor bo‘lgan tumanlarda, ko‘p qavatli binolari yo‘q joylarda elektr energiyasi ta’minoti to‘xtatib qo‘yiladi. Uylarda ertalab soat 6 gacha elektr energiyasi bo‘lmaydi.
Buyuk Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammi JSST xabariga ko‘ra, hozirda 41 ta mamlakat hududlarida aniqlangan. Biroq ushbu shtamm hozirda yagona emas, ilk bor Janubiy Afrikada aniqlangan yana bir shtamm ham hozirda 7 ta mamlakatga yetib borgan.
Gonkongda 50 ga yaqin faollar va sobiq deputatlar milliy xavfsizlik qonunlarini buzganlikda gumon qilinib hibsga olingan. Hibsga olishlar oppozitsiyaning 2020 yil yozida demokratlar o‘rtasida o‘tkazilgan dastlabki saylovlari bilan bog‘liq.
Vetnamda uch nafar mustaqil jurnalist-blogerlarga bir kunlik sud jarayonida 11 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi. Ular «davlat siyosatiga qarshi materiallar va ma’lumotlar tayyorlash, saqlash va tarqatishda» aybdor deb topildi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘istonning hududiy yaxlitligiga shubha bilan qaragan chet elliklarning provokatsiyalariga qarshi turishga chaqirdi.
Saudiya Arabistoni Qatar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Unga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi 2017 yilda yopilgan chegaralar, shu jumladan, havo va dengiz chegaralari ochiladi.
Koronavirusning yangi shtammi tarqalishi oqibatida Angliyada uchinchi umummilliy karantin e’lon qilindi. Maktab va universitetlar masofaviy ta’limga o‘tmoqda. Aholiga ehtiyoj bo‘lmagan taqdirda ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi.
Tojikistonning Xatlon viloyatida O‘zbekiston qurayotgan tibbiy markaz negizida COVID-19 bemorlarini taqsimlash uchun markaz ochiladi. Inshoot bahorda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Turkiyaning Izmir shahrida 28 yoshli o‘zbekistonlik ayol 10-qavatdan sakrab, o‘z joniga qasd qildi. Unda ruhiy muammolar kuzatilgani aytilmoqda.
Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlar soni 85 milliondan oshdi. Hozirgacha COVID-19 dan tuzalganlar soni 47,87 mln dan ortiq bo‘lib, vafot etganlar soni esa 1 mln 843 mingdan ko‘proqni tashqil qilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp Jorjiya shtati hukumati vakillariga saylovlarning natijalarini qayta ko‘rib chiqishlarini talab qilib, jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitgan holda telefon suhbati orqali bosim o‘tkazgan. OAVlar yozib olingan suhbatni ommaga e’lon qilishdi.
Jangarilarning Nigerdagi ikkita qishloqqa hujumi natijasida 100 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Ushbu hodisa tinch aholining mamlakat tarixida eng katta ommaviy qirg‘ini ekanligi aytilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Pfizer vaksinasini koronavirusga qarshi favqulodda ishlatishga ruxsat berdi. Vaksina JSSTning xavfsizlik va samaradorlik bo‘yicha talablariga javob bergan. Bu dunyo mamlakatlariga vaksinani import qilishga va aholiga tarqatishga imkoniyat beradi
Yamanning Aden shaxri aeroportiga hukumat a’zolari yetib kelganida kuchli portlash ro‘y berdi. Hodisa oqibatida besh kishi vafot etdi va 20 ga yaqin kishi yaralandi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi oppozitsiya lideri Aleksey Navalniyga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘adi. U xayriya sifatida yig‘ilgan 356 million rublni o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting