Qozog‘iston dunyoviy maqomini mustahkamlashi kerak, lekin u G‘arb tendensiyalariga ergashmaydi, dedi prezident Toqayev. U tarixiy obidalarni himoya qilishni kuchaytirishni buyurdi, “sovet davri belgilari” borligi sabab mamlakat gerbini o‘zgartirishni taklif qildi, jamiyatda shafqatsizlik kuchayayotganiga ishora qildi.
O‘zbekiston BMTning yangi Inson taraqqiyoti indeksida bir pog‘ona pastlab, 193 ta mamlakat ichida 106-o‘rinni oldi. Mamlakat inson taraqqiyoti indeksi yuqori bo‘lgan mamlakatlar toifasida qolmoqda.
Rossiyada prezidentlik saylovi uchun ovoz berish boshlandi, u 15−17-mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Mamlakatni 2000-yildan buyon boshqarib kelayotgan amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin beshinchi marta prezidentlikka nomzodlik qilmoqda.
Daniya hukumati majburiy harbiy xizmat muddatini uzaytirish va ayollar uchun muddatli harbiy xizmatni joriy etish niyatida. Hukumat shu yo‘l bilan “jinslar o‘rtasida to‘liq tenglikka” erishmoqchi.
Butun dunyo bo‘ylab elektromobillar atrofidagi ajiotaj asta-sekin susaymoqda — eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari o‘z ishlab chiqarish rejalarini qisqartirmoqda yoki keyinga qoldirmoqda, deb yozdi CNBC. Ko‘pgina kompaniyalar gibrid modellarni ishlab chiqarishga intilmoqda.
Qirg‘iziston parlamenti Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o‘xshash “xorijiy vakillar to‘g‘risida"gi rezonansli qonun loyihasini muhokamasiz ma’qulladi. Loyiha xalqaro tashkilotlar, huquq himoyachilari va jurnalistlar tomonidan tanqid qilindi.
BMT hisobotida aytilishicha, 2022-yilda dunyoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi soni tarixiy eng past darajaga yetgan, biroq o‘sish, ayniqsa, qashshoq mamlakatlarda sekinligicha qolmoqda.
Yevropa parlamenti sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi qonunni ma’qulladi. Bu dunyodagi bunday miqyosdagi birinchi qoidalar to‘plami hisoblanadi. Hujjat fuqarolarning huquqlariga tahdid soluvchi SI tizimlaridan foydalanishni taqiqlaydi, shuningdek, SI tarkibini aniq belgilashni talab qiladi.
Jo Bayden va Donald Tramp Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida rasman ko‘rsatilishi uchun yetarlicha ovoz oldi. Bu AQSh prezidentlik saylovlarida qariyb 70 yil ichidagi birinchi revansh uchrashuvi bo‘ladi.
Hindistonda fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi, bu esa, huquq himoyachilari fikriga ko‘ra, musulmonlar huquqlarini cheklaydi. O‘zgartirishlar 2019-yilda qabul qilingandi, biroq mamlakatda boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari tufayli keyinga qoldirilgan.
12-martga o‘tar kechasi Rossiyaning kamida to‘qqizta hududiga dron hujumlari uyushtirildi. Nijegorod viloyatidagi “Lukoyl” NQIZda yong‘in sodir bo‘ldi, Belgorodda esa dron shahar ma’muriyati binosiga urildi. Ukraina hududidan kelgan diversantlar Kursk va Belgorod viloyatlariga bostirib kirishga urindi.
Yevroparlament Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tganlik uchun jinoiy jazoni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Sanksiyani buzgan shaxslar besh yilgacha qamoq jazosiga, kompaniyalar esa jarimaga tortiladi.
Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik erkak xotinini pichoqladi. U politsiyaning pichoqni tashlash to‘g‘risidagi talabiga bo‘ysunmagach, otib o‘ldirildi. Ayol hozirda shifoxonada va u erining vafotidan xabardor emas.
O‘tgan fevral oyi butun dunyo bo‘ylab kuzatuvlar tarixidagi rekord darajada issiq fevral bo‘ldi. Bu, shuningdek, havo harorati bo‘yicha ketma-ket rekord qo‘yilayotgan to‘qqizinchi oy hisoblanadi. Sayyoraning ayrim hududlarida havo harorati o‘rtacha ko‘rsatkichdan 3,3 darajaga yuqori bo‘lgan.
Rasmiy ravishda NATOga qo‘shilgan Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansining 32-a'zosiga aylandi. Harbiy blokka qo‘shilishdan oldin Stokgolm 200 yildan ortiq vaqt davomida betaraflik siyosatiga amal qilgan.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi Ramazon oyi oldidan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qoldi, anklavdagi gumanitar vaziyat esa yomonlashishda davom etmoqda, deb yozdi Reuters.
Donald Trampning partiyadagi yagona raqibi Nikki Heyli prezidentlik poygasini tark etishini ma’lum qildi. Ammo u hozirda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo‘lib qolayotgan Trampni qo‘llab-quvvatlamadi.
Butunjahon meteorologiya tashkiloti prognozlariga ko‘ra, El-Nino tabiat hodisasi zaiflashmoqda, ammo global iqlimga ta’sir qilishda davom etadi, bu esa mart va may oylari orasida deyarli barcha quruqlik hududlarida me’yordan yuqori harorat bo‘lishiga olib keladi.
Qirg‘iziston hukumati jamoat joylarida tamaki chekkanlik uchun jarima miqdorini uch baravar — 33,5 dollargacha oshirdi. Bolalarga tamaki mahsulotlari sotganlik uchun jarima miqdori ham oshirildi.
Kanadadagi hospis asoschisi Facebook`da bemorlardan biri vafotidan oldin “Dyuna 2” filmini ko‘rishni istayotgani haqida yozdi. Film rejissyori Deni Vilnyov premyeradan 1,5 oy oldin unga assistenti orqali film nusxasi va kompyuterini yubordi. Bemor filmni tomosha qilganidan bir necha kun o‘tgach vafot etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting