Janubiy Koreyadagi parlament saylovlarida muxolifat hukmron partiyadan ancha ilgarilab ketib, g‘alaba qozondi. Saylovda ishtirok etish ko‘rsatkichi so‘nggi 32 yildagi eng yuqorisi bo‘ldi.
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin Minskda bo‘lib o‘tgan MDH tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida “Krokus”dagi teraktda gumonlanayotganlarning qiynoqqa solinishini qoraladi. “Bu yo‘l bilan olingan iqrorlarning bahosi hammaga yaxshi ma’lum”, — dedi u.
Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun qabul qilindi. Hujjat kaltaklash va qasddan badanga yengil shikast yetkazish uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi, badanga o‘rtacha va og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytiradi. Endi qonunni prezident imzolashi kerak.
Shveysariyaning keksa aholisi mamlakat hukumatining iqlim bo‘yicha harakatsizligiga doir inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ishida g‘olib chiqdi. Haddan tashqari issiq havo ularning sog‘lig‘iga ziyon yetkazib, o‘lim xavfini yuzaga keltirmoqda. Bu — iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tarixdagi birinchi qaror.
O‘tgan mart oyi butun dunyo bo‘ylab kuzatuvlar tarixidagi eng issiq mart bo‘ldi. Meteorologlar ketma-ket o‘ninchi oy oylik harorat rekordini qayd etmoqda.
Saudiya Arabistoni rasmiylari yirik Neom loyihasi doirasida barpo etilayotgan The Line shaharchacida avval rejalashtirilganidek 1,5 mln kishi emas, balki 300 mingdan kam odam istiqomat qilishini kutmoqda. Moliyaviy muammolar tufayli The Line shahri xarajatlari qisqartirilmoqda, deb yozmoqda Bloomberg.
Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori janubidan quruqlikdagi qo‘shinlarni olib chiqib ketayotganini e’lon qildi, u yerda faqat bitta brigada qoldi. Isroil rasmiylari hamon Rafahda quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish niyatida.
Qozog‘istonda 76 mingdan ortiq odam xavfli suv toshqini zonalaridan evakuatsiya qilindi, mamlakatning 10 ta hududida favqulodda holat e’lon qilindi. Prezident Qosim-Jomart Toqayev ushbu toshqinlarni so‘nggi 80 yildagi eng dahshatli ofat deb atadi.
Rossiya Ukrainaning aholisi bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lgan Xarkovni yashash uchun yaroqsiz “kulrang zona”ga aylantirmoqchi, deb yozmoqda Economist. Dekabr oyidan boshlab Rossiya armiyasi shaharni bombardimon qilishni kuchaytirdi, shuningdek, boshqariladigan aviabombalardan foydalanishni boshladi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an qarori bilan Tojikiston fuqarolari uchun vizasiz rejim bekor qilindi.
Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun yangi yo‘nalishlar, jumladan, HAMAS bilan urush boshlanganidan beri yopiq bo‘lgan anklav shimolidagi “Erez” nazorat-o‘tkazish punktini ochishini ma’lum qildi. BMT avvalroq G‘azoning shimoliy viloyatlarida ommaviy ocharchilik xavfidan ogohlantirgandi.
Oq uy AQShning NASA kosmik agentligiga Oy va boshqa samoviy jismlar uchun yagona vaqt standarti ishlab chiqishni topshirdi. Bu Oy atrofidagi kosmik kemalar va sun’iy yo‘ldoshlar uchun vaqt etaloni bo‘lib xizmat qiladi.
3-aprel kuni Tayvanda so‘nggi 25 yilda eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Orolning zilzilalarga moyilligi bor, ammo ularning 23 mln nafar aholiga ta’sirini zilzilalarga ko‘rilgan tayyorgarlik sabab kamaytirish imkoni topilgan. Tayvan buni qanday uddaladi — Reuters, AP va National Post hikoyalari.
Tadqiqotchilar yonuvchanlikni kamaytirish uchun turli xil iste’mol mahsulotlariga qo‘shiladigan yonishdan saqlaydigan moddalar — antipirenlar saraton kasalligidan o‘lim xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkinligini aniqladi.
Rossiya IIV xorijliklarning mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddatini yil davomida 90 kungacha qisqartirishni, shuningdek, kirishda majburiy barmoq izlari va barcha migratsiya hujjatlari o‘rnini bosuvchi yagona shaxsiy guvohnoma joriy etishni taklif qildi.
“Krokus siti holl"dagi teraktdan kamida ikki hafta oldin AQSh Rossiyani aynan shu konsert zali hujum uchun potensial nishon ekani haqida ogohlantirgan, deb yozdi Washington Post. Avvalroq Rossiya razvedka idoralari olingan ma’lumotlar juda umumiy bo‘lganini aytgan edi.
Tayvanning sharqiy qirg‘og‘ida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Birozdan so‘ng 6,5 magnitudali yana bir zilzila qayd etildi. Zilzila Tayvandagi so‘nggi 25 yil ichida sodir bo‘lgan eng kuchlisi ekani ma’lum qilindi. Video.
Istanbulda ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida joylashgan tungi klubda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 29 kishi halok bo‘ldi, yana yetti kishi jarohatlandi. Yong‘in ta’mirlash ishlari vaqtida yuz bergan, hozirda uning kelib chiqish sababi aniqlanmoqda.
Isroil Damashqdagi Eron konsulligiga raketa hujumi uyushtirdi, oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Tehron “keskin javob” bo‘lishini va’da qildi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunga ularni “xorijiy vakillar” deb e’lon qilishga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlarni imzoladi. U qonun “mamlakatga foyda keltirishi”ni aytdi va bunday tashkilotlar “ta’qib qilinmasligiga” va’da berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting