Yevropa sudi milliarder Alisher Usmonovning o‘ziga Rossiyaning Ukrainaga bosqini sababli YI tomonidan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish haqidagi apellyatsiyasini rad etdi. Usmonovning advokatlari sanksiyalar uchun asoslar noaniq ekanini ta’kidladi, biroq sud bu fikrga qo‘shilmadi.
7-fevral kuni ertalab Ukraina yana o‘qqa tutildi, bir qancha hududlarda portlash ovozlari eshitildi. Kiyevda hujum tufayli 18 qavatli turar joy binosi yonib ketdi, kamida uch kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Sun’iy intellekt chiplariga talab ortib borayotgani va AQSh savdo cheklovlari fonida Xitoyning Huawei kompaniyasi asosiy e’tiborni Ascend AI chiplarini ishlab chiqarishga qaratdi va Mate 60 smartfonlarini ishlab chiqarishni sekinlashtirdi, deb yozdi Reuters.
Qasim-Jomart Toqayev Qozog‘iston Prezident administratsiyasi rahbari Oljas Bektenovni bosh vazir etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Toqayev, shuningdek, hukumatning iste’fosi va Bektenov nomzodi yuzasidan izoh berdi.
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saraton kasalligiga chalindi. Davolanish davrida u ommaviy tadbirlarda kamroq qatnashadi. Bukingem saroyining ta’kidlashicha, qirol yaxshi kayfiyatda va tez orada davlat vazifalariga qaytishga umid qilmoqda.
Vengriyaning hukmron partiyasi a’zolari Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan parlament yig‘ilishini boykot qildi. Vengriya Yevropa Ittifoqidagi hali arizani ma’qullamagan so‘nggi davlat hisoblanadi.
Parijliklar yo‘ltanlamaslar uchun avtoturargohlar narxini uch barobar oshirish tartibini qo‘llab-quvvatladi. Fransiya poytaxti rasmiylari shu yo‘l bilan ushbu turdagi avtomobillarning havoni ifloslantirishiga qarshi kurashib, yo‘l harakati xavfsizligini yaxshilashni istamoqda.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hukumatining iste’fosi qabul qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hukumatning iste’foga chiqish sabablari haqida ma’lumot berilmagan. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi etib bungacha hukumat rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Roman Sklyar tayinlandi.
Bishkekda shaharning katta qismini issiqlik bilan ta’minlaydigan IESda portlash sodir bo‘ldi. Aholiga issiq suv ta’minoti to‘xtatildi, maktab va bog‘chalar onlayn ta’limga o‘tkazildi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov vaziyatni o‘z nazoratiga oldi.
Eron TIV mamlakatga sayyoh sifatida keladigan 28 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari 4-fevraldan vizasiz kira olishini ma’lum qildi. Bunday qaror orqali Eron haqidagi salbiy propaganda va eronofobiyaga chek qo‘yilishi bildirilgan.
JSSTga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyoda saraton kasalligiga chalinganlar soni 35 milliondan oshadi. Bunga nafaqat aholi soni va yashash davomiyligining o‘sib borayotgani, balki tamaki iste’moli yoki havoning ifloslanishi kabi omillar ham ta’sir qiladi.
Oq uy Iordaniyadagi AQSh harbiy bazasiga qilingan hujum oqibatida amerikalik askarlar halok bo‘lgani sabab Iroq va Suriyadagi Eron bilan bog‘liq nishonlarga zarba berish rejalarini ma’qulladi.
Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati Ukrainaga 50 mlrd yevro miqdoridagi yordam paketini berishga rozi bo‘ldi. “Biz nima xavf ostida turganini bilamiz”, — dedi Yevrokengash rahbari Sharl Mishel. Avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban paketga qarshi chiqqan edi, biroq YeI u bilan murosaga erisha oldi.
Qozog‘iston parlamenti ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjatda kaltaklashga ham jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu siyosatchiga olti oy ichida chiqarilgan ikkinchi hukm sanaladi: o‘tgan yozda sud uni korrupsiyada aybdor deb topgandi.
O‘zbekiston Transparency International tashkilotining korrupsiyani qabul qilish indeksida 180 mamlakat ichida 121-o‘rinni egalladi. Yil davomida mamlakat besh pog‘onaga ko‘tarildi. Tashkilot ekspertlari korrupsiyaga qarshi yanada samarali kurashish uchun “keng qamrovli islohotlar” zarurligini ta’kidladi.
Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili 2021-yildan beri egallab kelgan lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qildi. U hukmron partiyani 2024-yil kuzida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga tayyorlash uchun boshqaradi.
Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Yevroparlamentning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarida qatnashishdan bosh tortdi, u o‘z lavozimida qolishni rejalashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mishel lavozimidan ertaroq ketish haqidagi qaroriga bo‘lgan “keskin munosabat” sababli rejalarini qayta ko‘rib chiqqan.
AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiya kabi davlatlar BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNRWA)ni moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatdi. Bunga tashkilot xodimlari HAMASning Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblagani sabab bo‘ldi. BMT rahbari tergov boshlanganini e’lon qildi.
Xalqaro sud Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi ishi bo‘yicha o‘zining birinchi qarorini chiqarib, Isroil hukumatiga G‘azo sektorida genotsidga olib keladigan xatti-harakatlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurdi. Sud zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting