Rossiyalik prodyuser, “Gazprom-media” bosh direktori o‘rinbosari Tina Kandelakiga Qozog‘istonga kirish taqiqlanmoqda. Bunga uning Qozog‘istondagi temiryo‘l vokzallari nomi o‘zgartirilishini rus tilini davlat darajasida siqib chiqarish deb baholagani va “manqurtlik” haqidagi posti sabab bo‘ldi.
Gaya-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan Rossiyaning xususiy Falcon 10 samolyoti qulashi oqibatida to‘rt kishi omon qoldi. Tirik qolganlar faqat ekipaj a’zolari bo‘lib, yana 2 nafar yo‘lovchini qidirish ishlari olib borilmoqda.
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy yordam bo‘yicha yangi rejani ko‘rib chiqadi. Buning uchun maxsus fond tashkil etilishi, unga Yevropa tinchlik fondidan 6,5 mlrd yevro ajratilishi, 2024−2027-yillarda esa yiliga 5 mlrd yevrodan o‘tkazib borilishi rejalashtirilmoqda.
2023-yilda respublikachilar partiyasidan nomzodlik uchun kurashda Donald Trampga asosiy raqobatchi deb ko‘rilgan Ron Desantis prezidentlik kampaniyasini to‘xtatdi. Florida gubernatori o‘z tarafdorlarini Trampga ovoz berishga chaqirdi.
Hindistonning Gaya shahridan Toshkent orqali Rossiyaga charter reysini amalga oshirayotgan Rossiyaning Falcon samolyoti Afg‘onistonda halokatga uchradi. Havo kemasi Afg‘oniston havo hududida radarlardan g‘oyib bo‘lgan. “Rosaviatsiya” bortda olti kishi borligini xabar qildi.
Ukraina Rossiya bilan urushdagi strategiyasini o‘zgartirib, 2024-yilda “faol mudofaa"ga o‘tmoqda, deb yozdi FT. Bu mudofaa chizig‘ini ushlab turish va bir vaqtning o‘zida dushmanning zaif tomonlarini qidirishni o‘z ichiga oladi.
Qozog‘iston BMTning Yaqin Sharq va Afrikadagi missiyalarida ishtirok etish uchun tinchlikparvar qo‘shinlarini yuboradi. Ilk 139 nafar harbiy xizmatchi Golan tepaliklariga jo‘natiladi. Toqayev bu “geosiyosiy keskinlik kuchaygan sharoitda” mamlakat qurolli kuchlariga jangovar mahoratini oshirish imkonini berishini aytdi.
Singapur transport vaziri korrupsiyada ayblandi. Prokuratura u milliarderdan biznes-klassdagi reyslar, Angliya Premer-ligasi o‘yinlari va myuzikllarga chiptalar ko‘rinishida sovg‘alar olganini ta’kidlamoqda. Bu so‘nggi 40 yil ichida mamlakatdagi vazir bilan bog‘liq birinchi korrupsion ish hisoblanadi.
Bishkek sudi Qirg‘izistondagi bir qator mustaqil nashrlarning 11 nafar jurnalistini ikki oyga hibsga oldi. Ular ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilishda ayblanmoqda, avvalroq ularni tintuv qilishgandi. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari rasmiylarni OAVga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Pokiston Tehronning hujumidan bir kun o‘tib Erondagi “terrorchilar boshpanalari”ga qator zarbalar berdi. Pokiston TIV Eron suverenitetini hurmat qilishini va zarbalardan maqsad mamlakat milliy manfaatlarini himoya qilish bo‘lganini ta’kidladi.
Apple 2023-yilda smartfon yetkazib berish bo‘yicha Samsung`dan o‘zib ketdi va birinchi marta jahon bozorida yetakchilik qildi. Mutaxassislar buni premium gadjetlarning o‘sib borayotgan tendensiyasi bilan bog‘lashadi. Birinchi beshlikka Xitoyning Xiaomi, Oppo va Transsion kompaniyalari ham kirdi.
Xitoy aholisi COVID-19 sababli ortgan o‘lim darajasi va past tug‘ilish ko‘rsatkichi fonida ketma-ket ikkinchi yil qisqarmoqda. Rasmiylar bu kelajakda mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishidan xavfsiramoqda, ammo hozircha yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli mablag‘ yo‘q.
Qirg‘iziston militsiyasi Temirov Live va “Ayt Ayt Dese” mustaqil loyihalar jurnalistlarining ustidan tintuv o‘tkazdi va bir necha kishini so‘roqqa olib ketdi. Bundan tashqari, 24.kg agentligi tahririyatiga ham xavfsizlik kuchlari kelgan. “Gazeta.uz” vaziyatga aloqador ma’lumotlarni taqdim etadi.
JSST tamaki iste’molining global pasayishini qayd etdi. Tashkilotga ko‘ra, chekuvchilar soni 1,25 mlrd kishigacha kamaydi, bu kattalarning har besh nafaridan biriga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda tamaki iste’molchilari soni, ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 3,83 mln kishini tashkil etadi.
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalari almashtirish yoki o‘rnini to‘ldirish orqali dunyodagi jami ish joylarining 40 foiziga ta’sir qiladi. Rivojlangan iqtisodlar sun’iy intellektdan foyda olishda yaxshiroq imkoniyatlarga ega, bu esa global tengsizlikni yomonlashtirishi mumkin.
Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarovning aytishicha, “Salimboy” bilan uchrashish uchun o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan deputat Emil Jamg‘irchiyev undan “ikki do‘stni” yo‘q qilishga yordam berishni so‘ragan. Qirg‘iziston matbuotining qayd etishicha, mamlakatda prezident va MXDQ rahbari shunday chaqiriladi.
Buyuk Britaniya G7 davlatlaridan birinchi bo‘lib Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha bitim tuzdi. Britaniyaning ushbu hujjatda keltirilgan majburiyatlari Ukraina NATOga qo‘shilguncha o‘z kuchida qoladi, dedi Ukraina prezidenti.
BMTning Gaagadagi sudi G‘azo aholisi genotsidi uchun JARning Isroilga qarshi bergan da’vosi bo‘yicha sud ishini boshladi. Janubiy Afrika Isroilning HAMAS hujumidan keyin qilgan harakatlarini “haddan oshish” va “genotsid” ekanini ta’kidlamoqda. Isroil rasmiylari bu ayblovlarni “qonli tuhmat” deb atadi.
2023-yil oxirida “yashil energiya”ning global quvvati 2022-yilga nisbatan 50 foizga oshdi. Bu o‘sish so‘nggi 20 yil ichida rekord ko‘rsatkichga aylandi. Mutaxassislarning fikricha, 2028-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari jahon elektr energiyasi ishlab chiqarishning 42 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.
Donald Trampning AQSh prezidentlik saylovidagi g‘alabasi ehtimoli, Yaqin Sharqdagi urushning avj olishi, bo‘lingan Ukraina, nazoratsiz sun’iy intellekt va muhim minerallar uchun kurash — Time jurnali 2024-yilning 10 ta asosiy global xavf-xatarini e’lon qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting