Olimlarning fikricha, joriy 2024-yil 2023-yildagi rekord darajadan ham issiqroq bo‘lishi mumkin. Bu El-Nino, ya’ni Tinch okeanining ekvatorial qismida suv sathidagi haroratning anomal ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Ushbu hodisa o‘tgan yilgi haroratga ham ta’sir qilgandi.
Ekvadorda telekanalga jonli efir vaqtida qurolli shaxslar bostirib kirib, xodimlarni garovga oldi va “mafiya bilan o‘ynashmaslikni” aytdi. Mamlakatda hujumlar sabab 10 kishi halok bo‘ldi. Prezident “ichki qurolli konflikt” rejimini e’lon qildi. Avvalroq yirik jinoiy guruh rahbarlari qamoqdan qochgandi.
Kolumbiya universiteti (AQSh) kimyogarlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, plastik idishlar (“baklajka”)dagi suv avval taxmin qilinganidan 100 barobar ko‘p nanoplastik zarralarni o‘z ichiga olishi mumkin, ularning inson salomatligi uchun xavfi “tarixiy jihatdan yetarlicha baholanmagan”.
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi urushning “nisbatan yo‘naltirilgan bosqichiga” o‘tmoqda, deb yozadi New York Times. Bu anklavdagi qo‘shinlar va havo hujumlari sonini kamaytirish hamda HAMAS yetakchilarini yo‘q qilish, garovga olinganlarni qutqarish bo‘yicha maqsadli operatsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Janubiy Koreya parlamenti oziq-ovqat iste’moli uchun itlarni ko‘paytirish va so‘yishni taqiqlovchi hujjatni ma’qulladi. Qoidabuzarlarga nisbatan qamoq va jarima jazosi bor. Taqiqning kiritilishi mamlakat prezidentining saylovoldi va’dalaridan biri sanaladi.
Qozog‘iston hukumati 2022-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida mahbuslarni qiynoqlarga solgan 40 dan ortiq huquq-tartibot organi xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortdi. Yana 20 ga yaqin ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
AQSh, Yevropa va Turkiyada Boeing 737 MAX 9 samolyotidan foydalanish vaqtincha to‘xtatildi. Bunga Alaska Airlines`ga tegishli shu rusumdagi samolyot favqulodda chiqish eshigining parvoz vaqtida ajralib tushgani sabab bo‘ldi. Bortda 177 kishi bor edi, ulardan bir qanchasi jarohatlangan.
Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel iyulda bo‘lib o‘tadigan Yevroparlament saylovlarida ishtirok etmoqchi. Shu sababli u o‘z lavozimini muddatidan oldin tark etishga qaror qildi. Gap shundaki, bir paytda Yevropa kengashi rahbari va Yevroparlament a’zosi lavozimlarini egallash mumkin emas.
AQSh prezidenti Jo Bayden saylovoldi tashviqotidagi OAV tomonidan keskin deya ta’riflangan nutqida ehtimoliy raqibi Donald Trampni Amerika demokratiyasiga tahdid deb atadi. Tramp bunga javoban Baydenning nutqini “ta’sirli, qo‘rquv uyg‘otuvchi targ‘ibot tadbiri” deya baholadi.
Yaponiya hukumati 1-yanvar kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida kamida 126 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Yana 500 dan ortiq odam jarohatlangan, 200 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan. Buzilgan yo‘llar va noqulay ob-havo tufayli qutqarish ishlari qiyin kechmoqda.
So‘nggi haftalarda ko‘plab mamlakatlarda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘paygani sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti odamlarni yana niqob taqish va vaksina olishga chaqirdi.
BMTga ko‘ra, 2024-yilda global iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 2,4% gacha sekinlashadi. Hisobotda aytilishicha, to‘siqlar sirasiga yuqori foiz stavkalari, konfliktlarning kuchayishi, sust xalqaro savdo va iqlim falokatlari kabilar kiradi.
AQSh Mehnat munosabatlari kengashi SpaceX kompaniyasini Ilon Maskning ommaviy xatti-harakatlarini tanqid qilib xat yozgan bir qancha xodimlarni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatishda aybladi.
Turkiyada kuchli zilziladan deyarli bir yil o‘tib bino qulashi bo‘yicha birinchi sud jarayoni boshlandi. Adiyamandagi mehmonxona qurilishida sovuqqonlikka yo‘l qo‘yganlikda ayblangan 11 nafar shaxs sudlanmoqda. Mehmonxona vayron bo‘lishi oqibatida 72 kishi, jumladan, 24 bola halok bo‘lgan.
KXDR Janubiy Koreyaning Pengnyong va Yonpyong orollari tomon 200 ga yaqin snaryad uchirdi. Janubiy Koreya hukumati buni “provokatsiya” deb atadi va mahalliy aholi evakuatsiya qilinishini bildirdi.
Tokio aeroportida Japan Airlines samolyoti bir necha daqiqada alanga ichida qoldi. Shunga qaramay bortdagi 379 kishining barchasi qutqarildi. Muvaffaqiyatli evakuatsiya ekipajning tayyorgarligi va yo‘lovchilarning namunali xulqi tufayli amalga oshirildi. Bloomberg, New York Times va CNN materiallaridan jamlanma.
Vladimir Putin Ukrainadagi urush davrida Rossiya Qurolli kuchlarida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma imzolagan xorijliklarga mamlakat fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi.
Isroil Oliy sudi uni parlament va bosh vazirning qarorlari “oqilonalik tamoyiliga” zid bo‘lsa, ularni bekor qilish huquqidan mahrum qiluvchi qonunni bekor qildi. O‘zgartirish Benyamin Netanyaxu hukumati tomonidan amalga oshirilgan va mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan.
Qozog‘iston prezidenti Konstitutsiyani o‘zgartirish va 2026-yilgi saylovda nomzodini qo‘yish niyatida emasligini aytdi. Shuningdek, u Nazarboyev ketganidan keyin qo‘shhokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo‘lganini va uning sheriklari “siyosiy o‘yinlari” sabab “mamlakatni deyarli parchalab tashlaganini” tan oldi.
Yaponiyaning Ishikava prefekturasida yuz bergan 7,6 magnitudali zilzila oqibatida kamida 64 kishi halok bo‘ldi. Qo‘shni hududlarda ham vayronagarchiliklar qayd etilgan. Davom etayotgan zilzilalar qutqaruv ishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Foto.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting