Moskva sudi qarori bilan Meta kompaniyasi ekstremistik tashkilot deb tan olindi, Facebook va Instagram Rossiyada taqiqlandi. Endilikda rossiyaliklar ushbu ijtimoiy tarmoqlarda reklama sotib olishsa, bu ekstremistik tashkilotni moliyalashtirish deb qaralishi mumkin. WhatsApp messenjeriga taqiq qo‘yilmadi.
24 fevraldan 20 martgacha Ukrainadagi urushda 925 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 1496 nafari yaralandi. Bu BMT tasdiqlagan raqamlar, biroq haqiqiy raqam bundan ham yuqori. 10 mln ukrainaliklar yoki butun mamlakat aholisining to‘rtdan biri uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Ularning 3,5 mlnga yaqini mamlakatdan chiqib ketgan.
Bortida 132 kishi bo‘lgan Boeing-737−800 Xitoy janubida qulab tushdi. Qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.
2022-yil uchun baxtli mamlakatlar reytingida (World Happiness Report) O‘zbekiston 11 pog‘ona pastlab, 53 o‘rinni egalladi. Natijada Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari orasida reytingdagi yetakchilik 40 o‘rinni qayd etgan Qozog‘istonga o‘tdi.
Yevropa Kengashi (YeK) Vazirlar qo‘mitasi 16 martdan boshlab Rossiyani tashkilot a’zoligidan chiqarishga qaror qildi. Rossiya ushbu tashkilotga 26 yildan beri a’zo hisoblanardi.
Kiyevga Polsha, Chexiya va Sloveniya bosh vazirlari tashrif buyurishdi. «Aminmanki, shunday do‘stlar, mamlakatlar va qo‘shnilar hamda sheriklar bilan biz haqiqatan ham g‘alaba qozona olamiz», — dedi Ukraina prezidenti.
Turkmaniston prezidenti etib saylangan 40 yoshli Serdar Berdimuhammedov Markaziy Osiyo tarixidagi eng yosh prezidentga aylandi. Shu paytgacha ushbu rekord 42 yoshida Tojikiston prezidenti bo‘lgan Emomali Rahmonga tegishli edi. “Gazeta.uz” Markaziy Osiyo prezidentlari lavozimga saylangan vaqtda necha yoshda bo‘lgani va necha yil davomida rahbarlik qilgani haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi.
Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi yakunlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhammedov 72,9 foiz ovoz bilan prezidentlikka saylandi.
Qozog‘iston bosh prokurori yanvar voqealari vaqtida jami 230 kishi halok bo‘lgani, shundan 19 nafari harbiylar ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vafot etganlarning eng ko‘pi Olmaota shahriga (139 kishi) to‘g‘ri kelmoqda. 20 nafar fuqaro esa tasodifan otishmalar oqibatida halok bo‘lgan. Tartibsizliklarga Qozog‘iston MXQning sobiq raisi va sobiq mudofaa vaziri ham aloqadorligi aytilmoqda.
Shanba kuni Turkmanistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda amaldagi prezident Gurbanguli Berdimuhammedov ham ovoz berib, saylovni tarixiy deb atadi. Saylovlarda 3 nafar partiyalar nomzodi, 6 nafar mustaqil nomzod ishtirok etmoqda. Tushga qadar saylovchilarning 71,9 foizi ovoz berish jarayonlarida qatnashdi.
AQSh navbatdagi sanksiyalar doirasida Rossiyaga dollar banknotalarini yetkazib berishni taqiqladi. Qolaversa, avtomobil, kiyim-kechak va zargarlik buyumlari eksporti cheklandi. Bundan tashqari, Rossiyadan ikra, dengiz mahsulotlari va spirtli ichimliklar, shuningdek, brilliant va olmoslar importiga ham taqiq qo‘yildi.
Rossiyada Visa va Mastercard to‘lov tizimlari hamda Western Union platformasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Rossiyadagi o‘zbekistonliklar vatanga pul yuborish uchun hozirda qaysi xizmatlardan foydalanishlari mumkin? «Gazeta.uz» ushbu masala yuzasidan bir nechta banklardan izoh oldi.
Ishonchli mualliflarni o‘qish, qarama-qarshi taraf bilan bahslashmaslik, axborot-detoks qilish — asli rossiyalik Mark Novikov urush payti axborot makonida odamlar o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida o‘z tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
Ukraina Rossiyaning harbiy operatsiyasi sabab ikki hafta ichida 100 mlrd dollarlik zarar ko‘rganligi aytildi, bu mamlakat YAIMning yarmiga teng. Urush sabab Ukrainadagi korxonalarning 50% faoliyatini to‘liq to‘xtatgan.
Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasi Rossiyaga amalga oshiriladigan parvozlar to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Rossiya Markaziy banki yangi valyuta cheklovlarini joriy qildi. 10 sentabrga qadar biznes vakillariga 5 ming dollar yoki shu miqdor ekvivalentidagi yevro, yapon iyeni va funt sterlingda pul yechish taqiqlanadi. Xorijiy kompaniyalar yoki tadbirkorlar esa ushbu valyutalarni umuman yechib ololmaydi.
Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida 10 daqiqalik otishma yuzaga keldi. Buning oqibatida Tojikiston tomonidan bir chegarachi halok bo‘ldi, ikki nafari yaralandi.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimovga tegishli bir nechta kvartira va qasr, 17,2 mln dollar naqd pul, oltin quymalar, 11 ta qimmatbaho avtomobil va boshqalar musodara qilindi. U 2 mln dollar miqdorida pora olganlikda ham gumon qilinmoqda.
JSST rahbari koronavirus pandemiyasi rasman e’lon qilingan kundan beri 6 mlndan ko‘proq inson vafot etganini ma’lum qildi. U kasallanish va o‘lim holatlari kamayib borayotgani pandemiya tugaganini anglatmasligini qayd etdi. «Pandemiya tugashiga hali ancha bor va u hamma joyda tugamaguncha hech qayerda yakunlanmaydi», — dedi Tedros Gebreyesus. Qolaversa, Yevropada «deltakron» shtammi paydo bo‘ldi.
Janubiy Koreyada muxolifatdagi Fuqarolik kuchlari partiyasidan nomzod, sobiq bosh prokuror Yun Sok Yol mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting