Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi video murojaati davomida Xarkovga amalga oshirilgan raketa zarbasi haqida gapirdi. U ushbu holatni «niqoblanmagan terror» deb baholab, Rossiyaning o‘zini — terrorchi-davlat deb atadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanksiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus iqtisodiy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, rezidentlar endilikda xorijda ochilgan hisob raqamlariga xorijiy valyutani kiritish, shuningdek, xorijiy elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda hisobvaraq ochmasdan mablag‘ o‘tkazish imkoniga ega emaslar.
Xarkov shahri markazi — Ozodlik maydoni, viloyat administratsiyasi binosi, opera teatri, filarmoniya va turar-joy massivining bir qismi raketa zarbasiga uchradi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi jabrlangan.
Rossiya havo hududlarida RF havo kemalari parvozlarini cheklagan 37 ta davlat samolyotlari uchun o‘z osmonini yopdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ukrainadagi voqealarga munosabat bildirib, Rossiya va Ukraina muzokaralar stolida o‘zaro til topishib olishi kerakligini aytdi. «Biz har ikkila davlatni ham muzokaralar stolida til topishishga chaqiramiz. Xayrli janjaldan ko‘ra zaif tinchlik yaxshiroq», — dedi u.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar davomida tomonlar «qator ustuvor mavzularni aniqlab oldilar, ular bo‘yicha muayyan qarorlar aniqlab olindi», dedi Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak. U muzokaralarni «og‘ir» deb atadi, ammo «ular qandaydir majburiy ultimatumlarsiz o‘tganini» ta’kidladi. Rossiya delegatsiyasi a’zosi Leonid Slutskiy esa «muzokaralarning asosiy natijasi, ushbu muzokaralar bo‘lib o‘tganida va tomonlar bir-birini eshita olganida», dedi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyalariga aloqador deya hisoblagan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov, boshqa eng boy rossiyaliklar va Rossiya kompaniyalari rahbarlariga sanksiyalar kiritdi.
Vladimir Zelenskiy Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi uchun arizani imzolagani, Ukraina va Rossiya muzokaralari boshlangani, dunyodagi eng yirik samolyot Rossiya harbiylari tomonidan yo‘q qilingani, Avstraliyada suv toshqinlari oqibatida sakkiz kishining halok bo‘lgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish uchun arizani imzoladi. «Buning haqiqat ekaniga ishonchim komil», — dedi u.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida turli davlatlar o‘z havo hududini Rossiya fuqaro aviatsiyasi uchun yopishni boshladi. Hozirgi vaqtda Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta a’zo-davlati rus samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopgan. Shuningdek, Kanada Yevropa hududidan tashqarida joylashgan davlatlar orasida parvozlarni cheklagan ilk mamlakat bo‘ldi.
Ukrainaning aholi soni bo‘yicha ikkinchi yirik shahri Xarkov «Grad» zalp bilan o‘t ochish tizimlaridan o‘qqa tutildi. Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Geraenko o‘nlab qurbonlar va yuzlab jabrlanganlar borligi haqida bayonot bergan.
Iqtisodchi Sergey Guriyev Rossiya Markaziy bankining YeI, AQSh va Kanadadagi aktivlari muzlatilishini «mutlaqo kutilmagan, muhim yangilik» deb atadi — «bu rubl uchun ulkan zarba» bo‘ladi. Uning fikricha, Rossiyaning neft eksportiga embargo joriy etilishi ham ehtimoldan holi emas. Yuqori texnologiyalar eksporti bilan bog‘liq sanksiyalar esa Rossiyada texnologiyalar rivojlanishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
«Ukraina vaqt o‘tib, YeIga a’zo bo‘lishi kerak, bu mamlakat — bizlarning bittamiz, biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni istaymiz», — dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen. U Ukraina Yevropa qadriyatlarini tushunishini va tinch demokratik sharoitda yashashni istashini ta’kidladi. Germaniya kansleri Bundestag qarshisida chiqish qilar ekan, Ukrainaga amalga oshirilgan bosqin uchun butun boshli rus xalqi emas, balki Vladimir Putinning shaxsan o‘zi javobgarligini aytdi.
Ukraina va Belarus chegarasida Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Ukraina delegatsiyasi muzokara uchun belgilangan hududga Gomel orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l bilan emas, balki aylanma hudud — Polsha orqali kelgan. Muhokamalarning asosiy mavzusi — o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va Ukraina hududidan qo‘shinlarni olib chiqib ketish ekanligi aytilmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy operatsiyalari» oqibatida mamlakat sportda ham ko‘plab sanksiyalarga uchradi. UEFA Chempionlar Ligasi finalini Sankt-Peterburgda emas, Parijda o‘tkazishga qaror qildi. FIFA ham Rossiya hududida hech qanday xalqaro musobaqa o‘tkazilmasligini ma’lum qildi, endi mamlakat vakillari Rossiya bayrog‘i yoki madhiyasidan foydalana olmaydi. Bundan tashqari, Vladimir Putin Xalqaro dzyudo federatsiyasining «faxriy prezidenti va elchisi» maqomidan mahrum etildi. Sochida o‘tishi kutilayotgan «Formula-1» gran-prisi esa bekor qilindi.
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 9,5 foizdan 20 foizga oshirishga qaror qildi. Markaziy bank bayonotida qayd etilishicha, bu moliyaviy va narxlar barqarorligini saqlash, fuqarolar jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilishga yordam beradi. Mamlakat Moliya vazirligi eksportchilarga valyuta tushumining 80 foizini sotish majburiyatini yukladi.
Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportida turgan dunyodagi eng katta An-225 «Orzu» samolyoti Rossiya harbiylari tomonidan yo‘q qilindi. Uni restavratsiya qilish uchun 3 mlrd dollar va 5 yildan ziyodroq vaqt kerakligi ma’lum qilindi.
Rossiya 22-fevral kuni DXR hamda LXR mustaqilligini rasman tan olganligini e’lon qildi. Jahon hamjamiyati mazkur hududlarni Ukraina hududining bir qismi deb hisoblaydi. “Gazeta.uz” dunyodagi boshqa shu kabi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, biroq jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan yoki qisman tan olingan hududlar to‘g‘risida hikoya qiladi.
Vladimir Zelenskiy BMT Xalqaro sudiga Rossiya ustidan shikoyat kiritganini e’lon qildi. Ukraina rahbari Xalqaro suddan Rossiyaga harbiy harakatlarni to‘xtatishni buyurishni so‘rab, sud jarayonlari kelasi hafta boshlanishiga umid bildirgan.
Rossiya Markaziy banki mamlakat ichida moliyaviy xabarlarni almashish regulyatorning “СПФС” tizimi orqali amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bunga sabab Rossiyaning bir necha banklari xalqaro banklararo axborot almashuv tizimi -SWIFT'dan uzib qo‘yilayotgani bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, regulyator Rossiya bank tizimining barqaror ishlashi uchun yetarli kapital va likvidlikka egaligini xabar qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting