Janubiy Koreyada muxolifatdagi Fuqarolik kuchlari partiyasidan nomzod, sobiq bosh prokuror Yun Sok Yol mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi.
Fitch agentligi Rossiyaning suveren kredit reytingini “B” dan “C” gacha, ya’ni “defolt bo‘lishi muqarrar” darajasiga qadar pasaytirdi. Kompaniya reytingni 27 mayda qayta ko‘rib chiqishni mo‘ljallagan edi, biroq mamlakatdagi hodisalar sababli rejadan chetga chiqishga qaror qilindi. Morgan Stanley tahlilchilari Rossiyada aprel o‘rtalaridayoq defolt boshlanishini kutishmoqda.
22 fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols «Shimoliy oqim-2» loyihasining sertifikatsiyasini to‘xtatdi. Ko‘p o‘tmay AQSh ushbu loyiha operatoriga qarshi cheklovlar qo‘ygani ma’lum qilindi. 24 fevral kuni Rossiya Ukrainada «maxsus harbiy operatsiya» e’lon qilganligi ortidan esa gaz narxlari keskin oshishni boshladi. Ayni vaziyatda Yevropa va Rossiyaning energetika sohasidagi ko‘plab mutaxassislari Yevropaning Rossiya gazisiz yashay olish imkoniyatini tahlil qilishmoqda.
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyadan neft, gaz va ko‘mir importi taqiqlanganini ma’lum qildi. Uran importi esa davom etadi. Shuningdek, Britaniya ham 2022 yil oxiriga borib Rossiya neftini import qilishni to‘xtatadi. Ushbu qarorlar ortidan dunyoda energotashuvchilar narxlarida jiddiy o‘sishlar kuzatildi.
Rossiya Markaziy banki 9 sentabrga qadar fuqarolarga naqd valyuta sotishni taqiqladi. Rossiyaliklar banklardagi hisob-raqamlaridan 6 oy davomida 10 ming dollardan ortiq valyuta yecha olishmaydi. Undan ortig‘i faqat rublda beriladi.
15 martdan boshlab Tojikiston-O‘zbekiston davlat chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati odatdagi ish rejimiga o‘tkazilmoqda. Tojikiston hukumati MDH davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston tomonidan berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni rasman tan olishni boshladi.
Apple kompaniyasi iPhone SE, iPad Air va boshqa yangi mahsulotlari taqdimotini o‘tkazdi. Yangilangan iPhone SE smartfoni endi A15 Bionic protsessoriga ega. Taqdim etilgan yangi iPad Air esa MacBook kompyuterlarida o‘rnatilgan M1 protsessoriga ega bo‘ldi. Shuningdek, kompaniya o‘zining barcha kompyuterlaridan kuchliroq deb hisoblaydigan MacStudio`ni ham namoyish qildi.
Muzokaralarning uchinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, Rossiya tomoni gumanitar yo‘laklar ishlay boshlashiga umid bildirdi. Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy muzokaralarda kutilgan natijalarga erishilmaganini ta’kidladi. Ukraina delegatsiyasi vakili Mixail Podolyak Ukraina tomoni ham oldingi siljishni ko‘rmayotganligini ma’lum qildi.
RF hukumati Rossiyaga nisbatan nodo‘stona xatti-harakatlar sodir etgan davlatlar va hududlar ro‘yxatini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Rossiya kompaniyalariga nodo‘st davlatlardan bo‘lgan kreditorlar qarzlarni RF MB kursi bo‘yicha rublda qaytarish huquqiga ega bo‘ldi.
Londonning ICE birjasida aprel oyi uchun ming kubometr gazning fyuchers narxlari 3950 dollargacha ko‘tarildi. Bir soat ichida narxlar 1000 dollarga pastladi va ayni paytda 2900 dollar atrofida bo‘lib turibdi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan beri 364 nafar tinch aholi, shu jumladan 25 nafar bolaning halok bo‘lgani tasdiqlandi. So‘nggi kunlarda Xarkov, Vinnitsa va Nikolayev shaharlari hujum oqibatida zarar ko‘rdi.
Rossiya chet ellik yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tibbiy xulosalarning amal qilish muddati 3 oydan 12 oyga uzaytirdi. Bundan tashqari, 13 yoshga to‘lmagan chet elliklarni giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’mol qilishini aniqlash bo‘yicha kimyo-toksikologik tekshiruvdan o‘tkazish talabi bekor qilindi.
Rossiyaning Ukrainadagi 10 kunlik harbiy harakatlari davomida mamlakatni 1,5 mln qochqin tark etdi. BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari bu ikkinchi Jahon urushidan beri Yevropada eng tez o‘sayotgan migratsiya inqirozi ekanligini ma’lum qildi.
Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishlarini e’lon qildi. Agar ushbu tizimlarning kartalari Rossiyada chiqarilgan bo‘lsa, ular faqatgina mamlakat hududida ishlaydi. Biroq boshqa mamlakatlarda va xorijiy onlayn do‘konlarda ishlamaydi. Shuningdek, Rossiyadan tashqaridagi banklar chiqargan kartalar ushbu mamlakatda qabul qilinmaydi.
Rossiyaning «Aeroflot», S7 Airlines va Smartavia aviakompaniyalari xalqaro reyslar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Ular bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonnning bir qator shaharlariga parvozlarni amalga oshirar edi.
Roskomnadzor «Rossiya OAVlari diskriminatsiyasi» tufayli Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirishni bloklashni boshladi. Twitter ham taqiq ostida qoldi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Ukrainadagi harbiy harakatlarda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni tekshirish uchun mustaqil xalqaro komissiya tuzishga qaror qildi. Ushbu qarorni 32 davlat yoqladi, Rossiya hamda Eritreya qarshi, 13 davlat esa betaraf bo‘lib ovoz berdi.
AQShning Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni istisno qildi. OFAC hujjatiga ko‘ra, sanksiyalar tadbirkor 50 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qiladigan kompaniyalarga qo‘llanilamaydi. Ushbu istisno ilgari boshqa sabablarga ko‘ra cheklangan Alisher Usmonovga tegishli aktivlari yoki kompaniyalarning moliyaviy operatsiyalariga taalluqli emasligi aytildi.
2022 yil mart holatiga ko‘ra, dunyoning 9 ta mamlakatida 12 700ga yaqin yadro qurollari mavjud. Ularning 90 foizi Rossiya va AQShga tegishli. Qaysi davlatda qancha yadroviy qurol bor, “yadro chamadonchasi” va tiyib turish kuchlari nima — bu haqda “Gazeta.uz” maqolasida.
RF Davlat dumasi mamlakat Qurolli kuchlari harakatlari haqida soxta ma’lumotlarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. «Feyk» ma’lumotlarni tarqatganlar 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida Rossiyada mahalliy OAVlari yopilyapti, xorijiy yangiliklar nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkoniyati kamayib bormoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting