Adliya vazirligi va O‘zbekistondagi yirik savdo tarmoqlari vakillari oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Shu maqsadda fudshering platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Statistikaga ko‘ra, Toshkentda har kuni 2 tonna non mahsulotlari, respublika bo‘ylab yiliga 3 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqindiga tashlanadi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning fikricha, «Yashil makon»ning butun mamlakat bo‘ylab 1 mlrd daraxt ekish bo‘yicha katta loyihasi havoni tozalash va odamlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, daraxtlarni ekish va parvarishlash jarayonini boshqarish bo‘yicha kompleks yondashuv qabul qilinmasa, daraxtlarning taqdiri mavhum bo‘lib qoladi. Shuning uchun ko‘chat ekishni texnik-iqtisodiy asoslash va loyiha ishtirokchilarining sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish tizimi zarur.
O‘zbekiston TIV Afg‘onistonning Kobul, Mozori-Sharif va Qunduz shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini qoralab bayonot berdi. O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Shanba kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida quruq va iliq havo davom etadi, yakshanba kuni yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat biroz pasayib, kunduzi +25 darajadan oshmaydi.
2021 yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Murotjon Azimov viloyat hokimi etib tasdiqlandi.
“Ichan-Qal'a” davlat muzey-qo‘riqxonasida o‘tkazilgan o‘rganishlarda noyob deb kelingan 101 ta muzey ashyosining kirim kitobidagi tavsifnomalari o‘lcham, material, ishlanish uslubi va yaratilgan davri bo‘yicha mos kelmasligi aniqlandi. Tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.
Samarqand tumanida fermer ikki fuqaroga tuman hokimining 2020 yildagi soxta qarori bilan 19,7 ming dollarga yer maydonini sotgani aniqlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida gumonlanuvchi 500 dollar va 4,5 mln so‘mni ixtiyoriy ravishda qaytargan.
Endilikda nobank tashkilotlar islomiy moliyalashtirish asosida xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, nobank tashkilotlarning sug‘urta, omonat va savdo ishlari bo‘yicha faoliyatiga cheklov o‘rnatilgan.
Hukumat qarori bilan nogironligi bor kishilarni ishga olgan shaxslarga har bir xodim uchun BHMning1,5 baravari (405 ming so‘m) miqdorida subsidiya beriladi. Mazkur tartib budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan amal qilmaydi.
O‘zbekistonning Kiyev shahridagi elchixonasi 22 apreldan o‘z ish faoliyatini to‘liq tiklagani ma’lum qilindi. Elchixona vaqtincha Lvov shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan edi.
O‘zbekistonda banklar qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan olingan kreditlarni ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalarini jalb qilmoqda, deya xabar qildi MB.
21 aprel kuni Xalqaro biznes markazining 9-qavatidan tushib ketgan 42 yoshli erkak o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Voqea joyi o‘rab olingan. Yunusobod tuman prokuraturasi holatni o‘rganmoqda.
20 aprel kuni Jizzaxda sel va suv toshqinlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan Egizbuloq mahallasida 5 kishi, shu jumladan ikki nafar yosh bola halok bo‘ldi. Bundan tashqari, 53 ta xonadon to‘liq talofat ko‘rdi. 25 ta uyda yashovchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtincha boshqa joyga ko‘chirildi. Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev voqea joyida bo‘lib turibdi. Tafsilotlar «Gazeta.uz» fotoreportajida.
Toshkentdagi 21-Mehribonlik uyida yuzaga kelgan vaziyat o‘rganilganda, muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan xodimlardan biriga nisbatan e’tiroz kayfiyati shakllangani aniqlandi, deb xabar berdi XTV.
1 sentabrdan ayrim nodavlat tashkilotlarga «Elektron hukumat» tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Ular shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor qilmaslik bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishlari shart.
Toshkentning Uchtepa tumanida Nikolay IIning nominal qiymati 5 rubl bo‘lgan 20 dona qalbaki tilla tangani sotmoqchi bo‘lgan yigit qo‘lga olindi. U har bir tangani 300 dollarga baholagan.
Sintetik giyohvandlik vositalari va yangi turdagi psixofaol moddalarning tez sur’atlarda tarqalishi, shuningdek, giyohvandlik vositalari ishlab chiqarishda kimyoviy moddalarning noqonuniy aylanishining kuchayishi mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi. Bu haqda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning giyohvandlik moddalariga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar rahbarlarining yig‘ilishi yakuni bo‘yicha ma’lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari oldidan Amir Temurning To‘xtamishxon bilan jangi haqida o‘qigani, Sohibqironning janglarni shaxsan o‘zi boshqargani uning uchun yangilik bo‘lganini ta’kidladi.
«Shakar zavodlarimiz ishlashi uchun xomashyoni Braziliyadan keltirar edik. Afsuski, hozirgi ayrim siyosiy vaziyatlar tufayli yo‘llar yopilib qolib, ishlar to‘xtadi», — deya ma’lum qildi prezident. U neft mahsulotlari 50 foiz, o‘simlik yog‘i esa 70 foizga qimmatlashganini qayd etdi. Shavkat Mirziyoyev narx oshishi va inflyatsiyaning odamlar hayotiga salbiy ta’sirining oldini olish uchun yanada ko‘proq harakat qilish kerakligini ta’kidladi.
Jizzax viloyatida bir kun avval bedarak yo‘qolgani aytilgan yana bir fuqaroning jasadi topildi. Sel qurbonlarining umumiy soni besh nafarga yetdi. Jizzax viloyati prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga harbiylar ham jalb qilingan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting