Toshkent aeroportida taksi xizmati uchun joylar texnik shartlarga qo‘shimchalar va tushuntirishlar kiritilgani sababli qaytadan kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Har uchala lot bo‘yicha savdolar 3-oktabr kuni E-auksion.uz saytida bo‘lib o‘tadi.
Bir qismi O‘zbekistonga o‘tgan Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortib kelinadi. Bu bo‘yicha kelishuvga Farg‘ona viloyati hokimining Xitoyga tashrifi davomida erishildi.
Madaniy meros agentligi yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilishi aytilgan “Sharq” va O‘zA binolari madaniy meros obyekti ekanini va xususiylashtirish mumkin emasligini ma’lum qildi. Ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha Davaktiv agentligiga ogohlantirish berildi.
Shanba va yakshanba kunlari havo kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechalari +11…+16 darajani tashkil etadi, kunduzi +25…+30 darajagacha isiydi.
Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li bekatida yuzni skaner qilish (Face ID) orqali yo‘lkirani to‘lash tizimi ishga tushdi. Undan foydalanish uchun ATTO ilovasida yuzni skanerlab, ro‘yxatdan o‘tish kerak. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa bekatlarda ham bu tizim paydo bo‘ladi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yoppasiga ishdan olgan Qibray tumanidagi rahbarlar o‘rniga 47 nafar yangi rahbar tayinlandi. “Hech kimga amal nikohlab berilmagan”, deya ta’kidlagan hokim “yangi kadrlarga o‘zi kafil bo‘lishi”ni aytdi.
Toshkentda oxirgi 15 kunda metro poyezdi yo‘liga yo‘lovchilar shaxsiy buyumlarini olish uchun uch marotaba o‘zboshimchalik bilan tushgan. Metropoliten yo‘lovchilarni u yerdagi katta kuchlanishli elektr tokidan ogohlantirib, buyumlar tushib ketgan vaqtda xodimlarga murojaat qilishni so‘radi.
BMTning Loyiha xizmatlari bo‘yicha boshqarmasi (YUNOPS) O‘zbekiston bilan bitim imzoladi. Hamkorlik sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, epidemiyaga tayyorgarlik darajasini oshirish va mamlakat ta’lim infratuzilmasini yaxshilash yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.
Toshkentning Mirobod, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi ayrim mahalla va ko‘chalarda 22-sentabr kuni gaz ta’minoti to‘xtatiladi.
Prezidentning “svetoforsiz estakadalar” qurilishi bo‘yicha ta’kidi savollar keltirib chiqardi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Gazeta.uz”ga gap shaharlar emas, balki viloyatlararo magistral yo‘llar haqida ketayotganini ma’lum qildi. Yo‘l o‘tkazgichlar qayerda qurilishi kerakligi bo‘yicha mezonlar qabul qilinadi.
Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizildi. Rasmiy idoralar ular aynan nimadan zaharlanganiga aniqlik kiritmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu yod preparatidan bo‘lishi mumkinligi yozilmoqda.
Qozog‘iston hukumati Rossiyaning “xorijiy agentlar” reyestri muqobili — xorijdan mablag‘ oluvchi shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga jurnalistlar, OAV, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarn vakolatxonalari kirdi. Reyestrdagilar uchun hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi.
22-sentabr — Butunjahon avtomobilsiz kuni. O‘zbekistonda bu sana 2021-yildan buyon nishonlanmoqda. YHXX, Transport hamda Ekologiya vazirliklari shu kuni aholini shaxsiy avtomobil o‘rniga jamoat transporti, velosipeddan foydalanish yoki piyoda yurishni tanlashga chaqirdi.
Qirg‘iziston kinoteatrlarida namoyish etilayotgan barcha xorijiy filmlar 2024-yildan qirg‘izcha subtitrlar bilan namoyish etiladi. Bu chet el filmlarini qirg‘iz tiliga dublyaj qilish masalasidagi “birinchi qadam” bo‘lishi ta’kidlandi.
Inkuzart`dan suvni o‘ylamay sarflashga bag‘ishlangan yangi rasm, jamoatchilik tanqidiga uchragan deputatlar, 7 yashar qizga tegingani uchun 18 yilga qamalgan erkak, Toshkentda ofis ochadigan Visa kompaniyasi, investitsiya jalb etishda yordamladigan Jahon banki kengashi va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Sankt-Peterburgdan Toshkentga uchayotgan va mast holda samolyot yo‘lovchilariga xalal berib, ulardan birini haqorat qilgan shaxs Toshkent aeroportida qo‘lga olindi. U jarimaga tortildi.
Surxondaryodagi “Boldir” bojxona postida Turkmanistondan kelayotgan poyezd vagonlaridan birini ko‘zdan kechirish chog‘ida 12,7 mlrd so‘mlik 851 ming quti aksiz markasiz sigaretlar aniqlandi.
Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani 500 bazis punktga — 30 foizgacha oshirdi. Bu regulyatorga yangi rahbar tayinlaganidan beri asosiy stavkaning to‘rtinchi marta oshirilishi hisoblanadi. Mamlakatda iyul-avgust oylarida inflyatsiya ko‘rsatkichlari kutilganidan yuqori bo‘lgan.
Eron parlamenti “Hijob va iffat to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi, unga ko‘ra ayollar islomiy kiyinish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. BMT ushbu qonunni “gender aparteidining bir shakli” deb atadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxati kengaytirildi. Unga minora kranlari, o‘zgaruvchan tok generatorlari va boshqalar kiritildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting