Taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olindi. IIV u xizmat vazifasini bajarayotgan IIO xodimlarining «faoliyatiga asossiz aralashgan"ligini ta’kidlamoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisining o‘rinbosari boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ushbu lavozimdan bo‘shatildi. Faoliyati davomida u O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, prezident Administratsiyasi, prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
205 mln dollarga kamaygan O‘zbekiston zaxiralari, xushmuomala YPX xodimlarini Lacetti, Nexia, Spark bilan mukofotlashni taklif qilgan poytaxt hokimi, O‘zbekistonga kirayotgan diniy materiallarning ham gologramma bilan tamg‘alanishi, avtomaktablarda qimmatlashgan o‘qish narxlari, haftaning birinchi yarmida kutilayotgan yomg‘ir va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 18 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekistonda avtomaktab xizmatlari narxi keskin oshdi. Samarqand viloyatida haydovchilar tayyorlash maktablari 2,5 mln so‘mlik, Jizzaxda 1,6 mln so‘mlik yagona narx belgilashga kelishib olgan. Ularning narxlarning past bo‘lganligi o‘qitish sifatiga ta’sir qilganligini ta’kidlamoqda. Endilikda avtomaktablar egalarining o‘zlari yagona narxlarga rioya etilishini tekshiradi.
Toshkent shahar hokimli 18 aprel kuni poytaxtda kuchli shamol va yomg‘ir yog‘ishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu sababli, hokimlik poytaxt aholisidan kuchli shamol kuzatilganida ko‘chada harakatlanmaslikni, avtomobillarni daraxtlar va boshqa turli mustahkam bo‘lmagan konstruksiyalardan uzoqroq, xavfsiz joyga qo‘yishni so‘radi.
Toshkent hayvonot bog‘ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayolning Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilandi.
Poytaxt hokimi YPX xodimlaridan bir hafta davomida tajriba tariqasida haydovchilarga xushmuomala bo‘lishni, fuqarolardan esa xodimlarni suratga olib, haqorat qilmaslikni «o‘tinib so‘radi». «YPX xodimining haqoratlanishi yoki kamsitilishi uning butun oilasiga qattiq ta’sir qiladi. Bunday beodoblik Toshkentda umuman bo‘lmasligi kerak», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Toshkentda kompyuter klubidagi janjal oqibatida 16 yoshli o‘quvchi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Qozog‘istonda prezidentning yaqin qarindoshlarini siyosiy lavozimlarga tayinlashni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, davlat rahbari prezidentlik davrida siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev YPX xodimlari uchun «Eng yaxshi yo‘l harakati xavfsizligi xodimi» tanlovini o‘tkazishni taklif qildi. Bunda xodimlar faoliyati haydovchilarning ovoz berishi yo‘li bilan baholanadi. Eng yaxshi 3 nafar xodim Lacetti, Nexia va Spark mashinasi bilan taqdirlanadi.
Rossiyada Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan «Sayan yurishi» musobaqasida O‘zbekiston harbiylari rus va xitoy vakillaridan keyingi uchinchi o‘rinni egalladi.
Endilikda O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan diniy mazmundagi materiallar ijobiy xulosa olingandan keyin gologramma bilan tamg‘alanadi. Shuningdek, sayt va fuqarolar tomonidan xorijda tayyorlangan diniy materiallarni ijobiy xulosa olmasdan tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 21,40 so‘mga pasayib, 11 278,02 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi.
Janubiy Afrika Respublikasida uzoq davom etgan yog‘ingarchiliklar kuchli suv toshqiniga sabab bo‘ldi. 443 kishi halok bo‘ldi, 40 ming kishi boshpanasidan ayrildi.
Jizzaxda Nexia-2 haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi Nexia-3 bilan to‘qnashdi. Buning oqibatida mashina yonib, bir kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohatlandi. Surxondaryodagi avariyada esa haydovchi va ikki yo‘lovchi mashina salonida yonib ketdi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida taqiqlangan ov quroli — «Leska»dan to‘qilgan to‘rlar yordamida 150 boshdan ziyod baliq tutgan erkak ushlandi. Tabiatga 31,2 mln so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 1,47 mlrd dollarlik pul mablag‘lari jo‘natilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 foizga ko‘proqdir. Shuningdek, aholi o‘rtasida xorijiy valyutaga talab 69% ga oshgan.
Toshkentning Olmazor tumanidagi 9,6 gektar maydonda joylashgan Agregat zavodi yer uchastkasini Build Power kompaniyasi sotib oldi. Bu yerda ko‘p qavatli arzon uylar qurish rejalashtirilgan. Bitim qiymati — 208,7 mlrd so‘m.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichida O‘zbekiston gimnastikachilari 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shulardan 3 ta oltin va 1 ta bronzani terma jamoa hisobiga Taxmina Ikromova olib keldi.
Navoiyda fuqaro o‘ziga davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida futbol maydonchasi qurish uchun ajratilgan 9,9 sotix yer maydonini 50 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting