Buxoro amirining Sitorai Mohi Xossa yozgi saroyida noto‘g‘ri restavratsiya ishlari olib borilishi natijasida majmuaning bir qismi tarixiy va badiiy qiymatini yo‘qotdi. Madaniy meros agentligi o‘rganish ishlarini Bosh prokuraturaga yubordi.
Toshkent hokimi 10 kun ichida poytaxtning asosiy ko‘chalaridagi barcha chuqurlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan topshiriq berdi. Shaharda jami 76 ta shunday ko‘cha bor — ta’mirlash jarayonida ustuvorlik dastavval aynan shu ko‘chalarga beriladi. Raqamli rivojlanish departamentining ma’lum qilishicha, «Xalq nazorati» portaliga ariza topshirish orqali ta’mirlash ishlarini tezlashtirishga yordam berish mumkin.
Dam olish kunlari havo harorati kun davomida +35 darajagacha ko‘tariladi, bu aprel oyining o‘rtalaridagi me’yordan 6−8 darajaga yuqori. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat shimoliy hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
15 apreldan Toshkent va Bishkek o‘rtasida avtobus qatnovi qayta tiklanmoqda.
Hukumat qarori bilan yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish haqida xabar berganlar BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida rag‘batlantiriladi.
15 aprel kuni Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi start oladi. Rossiya, Belarus va Ukraina gimnastikachilari uzoq yillar davomida birinchi marta Toshkent turnirida qatnashmaydi. Tomoshabinlar uchun musobaqalarga kirish bepul.
Sardor Abdullayev Uzbekistan Airports boshqaruv raisining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. U bungacha Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari edi. Avval prezident devonida ishlagan Boxodir Mirusmanov esa personal bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
22 yoshli yigit qasddan o‘zini metro poyezdi ostiga tashladi. Mashinist poyezdni tezkor to‘xtatishi natijasida u omon qoldi.
BMT komissiyasi a’zosi etib saylangan O‘zbekiston, mamlakatni mintaqaviy IT markaziga aylantirishga ko‘rsatma bergan prezident, tahdidlar tufayli maqolasini o‘chirishga majbur bo‘lgan Rost24 bosh muharriri, metro jetonlarining qayta sotib olinishi, O‘zbekistonda rahbarlik lavozimlarini egallab turgan 27% ayollar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 14 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar ham bankrot deb topilishi mumkin, ilgari bunday tartib mavjud emas edi. To‘lovga qobiliyatsizik holati sud tomonidan ko‘rib chiqiladi va sud qarorisiz undiruvni mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, «Bankrotlik to‘g‘risida»gi qonun ham o‘z kuchini yo‘qotdi.
Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi aprel oxirida O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Shuningdek, Yaponiya TIV rahbari iyun oyi oxirigacha Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishini o‘tkazish va Xitoy kreditlari xavfi haqida ogohlantirishni rejalashtirmoqda.
2021 yil uchun Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Ochiqlik indeksi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring yakuni bo‘yicha tuzilgan reyting e’lon qilindi. Unda vazirlik, qo‘mita, agentlik va markazlar, shuningdek, viloyat hokimliklarining natijalari qayd etilgan.
Prezident yil boshidan beri mamlakatga 3 mingga yaqin xorijiy IT-mutaxassis kelgani va ularning asosiy qismi shu yerda uzoq muddat qolib ishlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1000 nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirishga ko‘rsatma berildi.
Prezident O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markaziga aylantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi. Buning uchun IT eksportini yil yakunigacha 100 mln dollarga yetkazish, yana 6 ta hududda IT-parklarni to‘liq ishga tushirish va kamida 20 tadan kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi. «Ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qarshi shahar hokimligi, Kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi va Qurilish bo‘limining 7 nafar xodimi qonunga zid ravishda 318 ta holatda 105 gektar yerni auksionsiz berib yuborgani aniqlandi. Ushbu yer maydonlarining bozordagi bahosi 156,4 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Gumondorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuborildi.
Rost24 nashri bosh muharriri Anora Sodikova tahdid va bosimlar tufayli tadbirkor Jahongir Usmonov haqidagi maqolani olib tashlashga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. Milliy mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «jurnalistga tahdid qilishga, umuman tahdidlarga hech kim haqli emas», deya ta’kidladi.
Hukumat qarori bilan shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan barcha shaxslarga tug‘ilganlikni qayd etish jarayonida, qolaversa, mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan xorij fuqarolariga ham JSHSHIR beriladi. 1 iyundan esa bu borada davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojarodan keyin jurnalist va blogerlarga murojaat qilib, qo‘shni davlatlar bilan mojarolar haqida gap ketganida, ma’lumotlarni buzib ko‘rsatmaslik va davlatlar rahbarlarini haqorat qilmaslikka chaqirdi. U, shuningdek, chegara masalasida muammolar borligini tan olib, prezidentlik muddati tugagunga qadar uni hal qilish niyatida ekanini bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti telefon orqali muloqotda Vengriya hukumati rahbarini «FIDES» — Xristian-demokratik xalq partiyasi koalitsiyasi ushbu mamlakat parlamentiga bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongani bilan tabrikladi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva Heritage Foundation`ning «Erkin savdo» ko‘rsatkichida O‘zbekistonning o‘rni rekord darajada yaxshilanganini ma’lum qildi. Biroq, «Iqtisodiy erkinlik» indeksida O‘zbekiston 117-o‘rinni egallab, «asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar» guruhida qoldi. Qolaversa, «Sud faoliyati samaradorligi», «Soliq yuki», «Fiskal salomatlik», «Biznes yuritish», «Mehnat bozori erkinligi» indeksida ham KPI`ga erishilmagani tanqid qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting