DXX Toshkent shahrida moliyaviy piramida tashkil qilganlikda gumonlangan «Realnaya investitsiya» jamiyati rahbarini hibsga oldi. U fuqarolardan 15 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pullarni olib, har oyda kamida 10% dan foyda berishiga ishontirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 100 ga yaqin fuqarodan 2,5−3 mln dollar qarzi bor. Unga nisbatan 7 ta modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jabr ko‘rganlardan esa Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilish so‘ralmoqda.
Prezident davlat organlariga joriy yil yakunigacha ortiqcha xarajat qilishni taqiqladi. 2022 yilda QQS bo‘yicha daromadlarni oshirib bajarilgan qismidan hududiy budjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning 40 foizi, hududlarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning 15 foizi respublika budjetiga qaytariladi. Qolaversa, davlat tashkilotlariga avtomobil xarid qilish, bino va inshootlarni ta’mirlash ham taqiqlanmoqda.
«Arabyata» pastasi, vegetariancha, feta pishlog‘i va cherri pomidorli, tunets balig‘idan tayyorlangan, qaymoq va qo‘ziqorinli qaylada pishirilgan pasta — Zira.uz pasta retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
May oyida Qirg‘izistonga tashrif buyuradigan prezident, Surxondaryoda noqonuniy kesib tashlangan 43 tup daraxt, noto‘g‘ri restavratsiya sababli tarixiy qiymatini yo‘qotgan Sitorai Mohi Xossa saroyi, Navoiyda deputatlik qilayotgan hokim o‘rinbosari, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida savdo-logistika markazi qurilishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 15 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekistonda banklar o‘z mijozlariga pul mablag‘larining istalmagan tarzda bloklanmasligi uchun xorijiy hamkorlari bilan xalqaro hisob-kitoblarni sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklaridan boshqa banklarga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonning barcha hududlarida qishloq ayollarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ishga joylashtirish yoki o‘z biznesini ochishda qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi. Dastur qariyb 1000 kishini qamrab oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga javob tashrifi may oyi oxirlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Bishkek shahriga kelganini ma’lum qildi.
Angor tumanidagi 6-sonli bolalar bog‘chasi hududida 43 tup jumladan, mojjevelnik va tuya daraxtlari tag qismidan noqonuniy tarzda kesib tashlanganligi aniqlandi. Davlat ekologik nazorat inspektorlari holatni o‘rganmoqda.
Prezident 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar tizimi soddalashtirilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlarga QQS to‘lovchisi guvohnomasi avtomatik tarzda beriladi. Qolaversa, 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 20,58 so‘mga arzonlab, Markaziy bank tomonidan 11 299,42 so‘m etib belgilandi. Yevro kursi ham pasaydi, rubl esa o‘sdi.
Adliya vazirligi O‘zbekiston futbol hakamlari markazini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Markaz mamlakat hududida futbol musobaqalarini boshqaruvchi hakamlar faoliyatini nazorat qilish va ularni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Yuk mashinalari faqat chetki o‘ng qatorda harakatlanishi mumkin, piyodalar o‘tish joylariga 10 metrdan kam masofada to‘xtash taqiqlanadi, velosipedchilar tungi vaqtda nur qaytaruvchi jilet kiyishlari kerak — YHQga yana qanday o‘zgartirishlar kiritilgan.
Bishkekda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamg‘armaning ustav kapitali 50 mln dollarni tashkil etadi. Kelgusida bu summani 200 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida logistika markazini qurish loyihasi faol bosqichda ekani ham ma’lum qilindi.
Bir hafta ichida O‘zbekistonda suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi. 1 oktabrga qadar 4,5 ming km sug‘orish tarmoqlarini tozalash va 231 kmni betonlash, 3 mingta gidrotexnik inshoot va 490 km nasos quvurlarini ta’mirlash, 3,5 mingta nasos o‘rnatish, 281 ta quduq qazish reja qilingan. Prezident buning uchun 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.
Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Tohir O‘rinov hamda Navoiy viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Maqsud Nurullayev bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari viloyat kengashida deputatlik qiladi. Ularning deputatlikdan ketish bo‘yicha arizasi olingan bo‘lsa-da, hanuz kengashga a’zoligicha qolmoqda. Buni «saylov kodeksiga zidligini bilamiz», deya izohladi hokimiyat matbuot xizmati rahbari Bektemir Pirnafasov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu holat faqat Navoiy viloyatida emas, balki har bitta viloyatda kamida 2−3 tadan bor».
2021 yildan beri prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘lib ishlagan Dilshod Kenjayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rnini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodirjon Xalbutayev egalladi.
Toshkentda chim ustida yurish va maysalar ustida dam olishga haligacha sovetcha ruhda javob beriladi: “Mumkin emas”. Lekin baribir shaharda bunga ruxsat berilgan joylar paydo bo‘lmoqda. “Gazeta.uz” maysa ustida dam olish mumkin bo‘lgan joylarni qidirib, poytaxtni aylanib chiqdi. Biz o‘zimiz bilan mashhur arxitektor Kristofer Aleksandrning “Shablonlar tili” kitobini ham oldik — undagi g‘oyalar rasmiylar odamlarga maysazorda dam olishni nima uchun taqiqlamasligi kerakligini tushunishga yordam beradi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva 2018−2021 yillarda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 1 mln nafarga yaqin xotin-qizlarning muammolari hal etilganini ma’lum qildi. Jumladan, xotin-qizlarning 2730 nafari uy-joy, 590 mingga yaqini esa doimiy ish bilan ta’minlangan. So‘nggi 3 yilda 208,5 ming ayolga 7,7 trln so‘mdan ortiq kredit ham berilgan.
Hukumat Qoraqalpog‘istonni 2026 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini tasdiqlandi. Hujjatda hududni rivojlantirishning «o‘sish nuqta» lari va drayver sohalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra 5 yil ichida yalpi ichki mahsulot va sanoat ishlab chiqarishini 1,5 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan.
O‘zgidromet 18−20 aprel kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Erondan nam havo, so‘ngra Volga bo‘yi hududlaridan nisbatan salqin havo massasi kirib kelishini ma’lum qildi. Natijada ba’zi hududlarda kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting