Respublikaning barcha tuman va shaharlarida «Xavfsiz yo‘l» indeksi joriy qilinadi. Unda hududlarning yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish holati 29 ta indikator bo‘yicha har chorakda baholanadi. Shunga ko‘ra, tuman va shaharlar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.
Prezident qaroriga muvofiq, 1 dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanadi. Unga ko‘ra, bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi ma’lum muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi. Qoida buzmagan haydovchilarga esa bonus ballari beriladi.
1 aprel kuni «Tashabbusli budjet» loyihasining ilk mavsumi yakunlandi hamda g‘oliblar e’lon qilindi. Natijalarga ko‘ra, ushbu mavsum davomida fuqarolar jo‘natgan jami 70 mingga yaqin tashabbusdan 2215 tasi g‘olib bo‘ldi. Ushbu loyihalarga ovoz berish jarayonlarida esa 6,7 mln kishidan ko‘proq aholi ishtirok etdi. G‘olib deb topilgan tashabbuslarning 34 foizi umumta’lim maktablarini ta’mirlash loyihalari bo‘ldi.
Mart oyida kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari mos ravishda 15 foiz va 15,4 foizgacha ko‘tarildi. Respondentlar narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar siftida valyuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi kabilarni keltirishgan. Yil boshida MB 2022 yilda inflyatsiya 9 foizdan past bo‘lishini prognoz qilgandi.
Xodimlarni shtat qisqarishidan ogohlantirgan Adliya vazirligi, karantin vaqtida hisoblanmagan pensiyalarni to‘liq to‘lab berilishi, qilichbozlik bo‘yicha ilk o‘zbekistonlik jahon chempioni, Oksana Chusovitinadan yana yangi sovrin, hafta issiq bo‘lishi kutilayotgani, QR-kodli chek uchun Surxondaryoda «samosud» qilingan jurnalist va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 4 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Oradan ikki yil o‘tib Uzbekistan Airways Toshkentdan Parijga bo‘lgan muntazam aviareyslarni qayta tiklamoqda. 29 apreldan 10 iyunga qadar qatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lum qilishicha, 2 yoshdan bog‘chalarga qabul qilish pullik xizmat ko‘rsatish shaklida amalga oshiriladi. Bog‘cha rahbari va ota-ona o‘rtasida shartnoma tuziladi, bola 3 yoshga to‘lgach shartnoma bekor qilinadi. 2 yoshli bolalar guruhi dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin ham ishlashiga ruxsat beriladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 3,89 so‘mga ko‘tarilib, 11 408,50 so‘mga teng bo‘ldi. Yevro va rubl kurslari esa yana pasaydi.
Toshkent shahar hakamlik sudi sudyasi ishni javobgarning foydasiga hal qilib berish evaziga 4 ming dollar talab qilib, shundan 2,5 ming dollarni olganida qo‘lga tushgani aytilmoqda. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«Bu so‘nggi bir necha yil ichida ko‘proq orqaga ketgan sohalardan biri. Lekin ijobiy narsalar hali ham ko‘p», — dedi Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchisi Tim Torlot O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni tasvirlar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar va blogerlar unchalik gapirishni xushlamaydigan muammolar hali ham mavjud.
Adliya vazirligi o‘z tizimidagi rahbar va xodimlarni ehtimoliy ishdan bo‘shatilish haqida ogohlantirdi. 207 nafar tuman va shahar adliya bo‘limi boshliqlari, 207 nafar DXM direktorlari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin. «Maqbullashtirish va shtat qisqarishi asosan rahbar lavozimlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda, tumandagi va xizmat ko‘rsatuvchi bironta shtat qisqarmadi», — deyiladi xabarda.
Boston Dynamics qutilarni bir joydan boshqa joyga ko‘chira oladigan Stretch robotlari sotuvini boshladi. Kompaniya 2022 yilda yetkazib berish rejalashtirilgan barcha robotlarni allaqachon sotib bo‘ldi. Jumladan, DHL 15 mln dollarga robotlarni xarid qildi.
Ukraina shahar va qishloqlari 40 kundan beri aviatsiya va artilleriya o‘qlari ostida yashamoqda. Jahon OAV Rossiya qo‘shinlari tomonidan Kiyev viloyatida tashlab ketilgan, ko‘chalari tinch aholining jasadlari bilan to‘lib-toshgan, ba’zilarining qo‘llari orqasiga bog‘lab qo‘yilgan Bucha shahridan olingan kadrlarni chop etdi. Rossiya Mudofaa vazirligi fotosuratlar va videolavhalarni «navbatdagi provokatsiya» va «G‘arb ommaviy axborot vositalari uchun sahnalashtirish» deb atadi. Fojia haqida nimalar ma’lum va qanday munosabatlar bildirildi — sharhimizda.
Pensiya jamg‘armasi ma’lum qilishicha, fuqarolarning pensiya olish huquqi karantin davrida paydo bo‘lsa, biroq ushbu muddatda pensiya tayinlash uchun murojaat qila olmasa, unga pensiya huquqi paydo bo‘lgan sanadan boshlab to‘liq pul to‘lab beriladi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Nodir Devonbegi va Ko‘kaldosh madrasalarini ko‘zdan kechirib, ularning qarovsiz qoldirilgani va nurab ketayotgani uchun mas’ul rahbarlarni tanqid qildi. Buxoro shahar hokimi, viloyat hokimining o‘rinbosari va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘iga 10 aprelgacha tarixiy ahamiyatga molik barcha obektlarni obodonlashtirishni buyurdi.
O‘zbekiston ikki oy ichida 18 ta davlatdan besh mingdan ortiq avtomobil import qildi. «Inomarka"lar eng ko‘p Xitoy, Janubiy Koreya va Qozog‘istondan keltirilgan.
Termizda Kun.uz muxbiri va «Zakovat» bilimdoni Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun «samosud» qilindi. Dorixona egasi va sotuvchisi unga «qonunni Toshkentga borib talab qilishini» aytib, jismoniy kuch ishlatgani va haqorat qilgani aytilmoqda. Dorixona egasi, sotuvchi, xattoki jurnalistning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Musiqachi Ilhom Yo‘lchiyev (DJ Piligrim) “Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?” loyihasi doirasida nega “Barselona” ishqibozi ekanligi va “Real Madrid” muxlislari orasida “Barsa” kiyimida o‘tirish qandayligi haqida gapirib berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan o‘qishni test-sinovlarisiz, to‘lovlarsiz va soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumot tarqaldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari imzosi tushirilgan xat va undagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligi ma’lum qilindi.
Las-Vegasda Gremmi musiqiy premiyasining 64-taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bruno Mars va Anderson Pakning «Leave The Door Open» kompozitsiyasi «Yil qo‘shig‘i» deb e’tirof etildi. «Yil albomi» bo‘yicha g‘oliblikni Djon Batist qo‘lga kiritdi. G‘oliblar orasidan 19 yoshli Oliviya Rodrigo va kambek qilgan Kane Uest ham o‘rin olgan. Qolaversa, marosimga videomurojaat yo‘llagan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy san’atkorlardan jimlikni musiqa bilan to‘ldirishni so‘radi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting